Ishtixondagi “Kitoblar xiyoboni”da bo‘lganmisiz?
Har lahzasi bir yilga tosh bosadigan kunlar ichida yashayapmiz. Har tarafda yaratish, yangi-yangi g‘oyalar, so‘lim manzaralar bo‘y ko‘rsatmoqda, obodlik chulg‘ab olgan ko‘zlarimizni, qalblarimizni. Aytishga so‘z, yurishga yo‘l ko‘paygandan-ko‘paygan. Qayerga qarasangiz, rango-rang o‘zgarishlar, yuksalishlar hushni olib, ko‘zni qamashtiradi. Bir manzilga ikki-uch oyni o‘tkazib yana borsangiz, tabiiyki, yo‘lingizni shoshirib qo‘yasiz, tanimay qolasiz atrofni.
Yozib, so‘zda sharhlab ulgurmayapmiz-ku. Shunday emasmi? Sizga ham shunday tuyulmayaptimi, aziz zamondoshim?! Vaqtning uchqur aravasida ketayotib, bu hislardan boshingiz aylanmayaptimi?
Ko‘klamning so‘nggi kunlari Toshkent-Zarmitan avtobusida qishloqqa qaytayotib, ana shu o‘ylar xayolimni band qildi. Har gal men yo‘lga chiqqanimda osmon bulutlanadi, yomg‘ir allatovur sepalab o‘tadi, negadir, har safar aynan shunday bo‘ladi. Borliq tiniqlashib, birozdan so‘ng xushbo‘y va salqin nafas yoyiladi atrofga. Manzara ko‘zingda gullarday ochiladi, oyna ortida gir-gir raqsga tushadi. Xullas, men yomg‘irli havoni, Ishtixonni va Ishtixon safarini juda yaxshi ko‘raman.
Qayerdansiz, deyishadi ba’zan tanimaganlar. Ishtixondanman, deyman allanechuk g‘ururga to‘lib-toshib. Nimaga bundayligini o‘zim ham bilmayman, ammo shuni aytganimda har gal o‘zgacha shodlanaman. Nega tilimda bu qadar go‘zal jaranglaydi bu joy, aytganda nega qalbim toshib ketadi? Xon so‘zi qorishgani uchunmi, yo boshqa sababi ham bormikan? Otamning xoki, onam duosi shu tuproqdaligi uchunmi? Otam ekib ketgan bog‘dagi mevalar hididan ifor oladimi bu so‘z? Men sirlarimni aytgan ariqlar sog‘inchi unga tot beradimi? Orzularimni kentga kuzatib horigan yo‘llarning ginalari tilimda bexosdan gullab ketadimi yo? E, nima bo‘lganda ham Ishtixon deganda tilim ham, o‘zim ham yayrayman. Odamlarining mehridan bag‘rim misoli mumday eriydi, erkalanib, haddimni qo‘yib so‘z ayta olaman ularga. O‘zimniki deya bog‘u-rog‘lariga, Oqdaryo Qoradaryosiga ko‘z yubora olaman. Namxush xayollarimni Oqtovning viqoriga yoyib-yoyib quritaman. Chilmahram pirlarimga nazr-niyoz berib, yuragimga qarab ochiluvchi yo‘llarni emranib so‘ray olaman bu yerda.
Ishtixon safarim bu gal uzoqroq, qariyb qirq kunlar davom etdi-yov. Issiq kunlarda onamning bag‘rida o‘tirib salqinladim. Ishtixon markazi bilan Beshbola qishlog‘imiz orasi olisroq, qariyb o‘ttiz uch kilometrcha keladi. Ishim chiqsa markazga qatnadim, bo‘lmaganida onamning yonida bo‘ldim, qarindoshlarda galma-gal, uyma-uy mehmonda yurdim. Markazda ekanimda esa vaqtimni asosan kutubxonalarda o‘tkazdim. 2022 yilgacha tumanimizda bironta ham kutubxona degulik maskan yo‘q edi. Fazliddin Ro‘ziyev aynan o‘sha yili hokim bo‘lib keldi. Keliboq, mahobatli kutubxona qurishdan boshladi o‘z faoliyatini.
Ayni damda ushbu kutubxonani Ishtixonning yuzi-ko‘zi desa bo‘ladi, biram chiroyli, osuda, maroqli makon. Direktor Ulug‘bek Nurmuhamedov boshchiligidagi xodimlarning hammasi olijanob, oliyhimmat kishilar bo‘lgani uchun yuragim nuqul shu yerga tortaveradi. Kitobdan avval men Ulug‘bekni, uning tabassum bilan “Opa, keling”, deyishini sog‘inaman, Dilafro‘z, Durdona, Akmal, Sanjar, Mahliyoni sog‘inaman. Tobora ortib borayotgan 10778 nafar kitobxonlar sanog‘ini sog‘inaman.
Yil avvalida tumanda yana bir kutubxona ish boshlaganini eshitgan edim. Ikki kutubxona orasi unchalik olis emas, borsa 500 metr kelarkan, borib tanishgim keldi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, tadbirkor Asomiddin Ibragimov o‘zining mablag‘i asosida quribdi. Eshitib hayratim ortdi. Uch gektarli “Ustozlar xiyoboni” ga kirib borarkan, go‘yo ertakdagi jannatni, Bog‘i Eramni ko‘chirib kelishmaganmi bu yerga, deya hayratlanasiz. Har yuz metrda muhtasham chinorlar tepasiga qo‘yilgan karnaydan mumtoz musiqa sadolari mayin taralib, suv kabi pastga oqib turibdi.
Tartibli ekilgan chinorlar, har o‘n odimda qulay, naqshivor o‘rindiqlar, yam-yashil tovlangan maysalaru turfa xil chechaklar, ora-orada otilib turgan favvorali hovuzlar salqinida yurib-yurib, eng to‘rda, kenggina sahndagi kattagina oynavand kutubxonaga kirib bordim. Nomi “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” ekan. O‘rtada talay kitob javoni, ichi liq-liq kitob, gir aylanasiga o‘n chog‘lik kompyuter o‘rnatilgan, qulayroq o‘tirish uchun divan kreslo, yonlamasiga muzlatgich, sovutgichlar va nihoyat, o‘rtaroqqa shaxmat-shashka taxtasi qo‘ndirilgan. Bu yerda kutubxonachi qiz bilan anchagacha suhbatlashib o‘tirdik. Gazetaga yozmoqchiligimni aytdim. U chaqqongina kofe damlab keldi, bilganicha savollarimni javobladi. Aytishicha, bu yerga asosan, yon atrofdagi maktab, kollej, litsey, o‘quv markazlarining talaba va abituriyentlari kelishar, til o‘rganishga oid qo‘llanmalarni, mif va afsonalarni, O‘tkir Hoshimov asarlarini, ayniqsa, “Qobusnoma” kitobini ko‘p so‘rashar ekan.
Shu asno, yonimizdagi stolga uzanib, yirik va og‘ir “Qobusnoma” kitobini qo‘limga olgancha varaqlay boshladim. Va ajablandim. Ushbu noyob kitob respublika Bosh prokurori birinchi o‘rinbosari, Ishtixon farzandi Bahriddin Valiyev tomonidan uning alohida maqsad, yondashuv, so‘zboshisi bilan besh yuz tirajda nashr qilinibdi. Ilovada audioformati ham bor. Haftada bir marta shu kitobdan prokuratura organlariga dars o‘tilar ekan. Eshitib qoyil qoldim. Muruvvat, futuvvat, balog‘at saboqlari, otaning farzandiga pandu nasihatlari berilgan bu kitobni men ham yaxshi ko‘rib mutolaa qilaman. Manavi shaxmat-shashka doskasi bilan bir qism kitoblarni ham Bahriddin Valiyevning o‘zi kelib berib ketibdi. Bu yerdagi qolgan hamma xarajat Asomiddin Ibragimovning mablag‘idan qoplanibdi. Ul-bullarni so‘rash uchun chaqirgan edim, bir mahal kutubxona egasi Asomiddin Ibragimovning o‘zi ham kelib qoldi. Qotmagina, qorashirindan kelgan, tavozeli inson ekan, el ustida, yurt korida, xalq g‘amida yurgani uning har bir boqishi, harakati, yuz-ko‘zida balqib ko‘rinib turar edi.
- 2022 yilda biz tuman hokimi boshchiligida bir, guruh xodimlar o‘n bir kun Xitoyga ish-tajriba o‘rganish uchun bordik. Avvalo, ularning kitob o‘qishiga juda havasim keldi. Ko‘chalar biram tartibli va ozoda, har ellik metrda temirdan kitob javonlari qo‘yilgan. Yonidagi o‘rindiqda o‘tirib odamlar kitob o‘qishyapti. O‘qib bo‘lib, yana javonga taxlab qo‘yib ketyapti. Yuragim orziqib, aynan shu manzarani Ishtixonga ko‘chirib olib kelgim keldi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, mablag‘ o‘zimdan chiqdi, Amerikadan ukalarim yordam berishdi, xullas, bir yilda shu kutubxonani qurib, mana, keragicha jihozlab oldik. Yaqinda Xitoyga o‘nta kitob javoni uchun buyurtma berdim. O‘nta javonga hisoblab ko‘rsam, olti mingta kitob ketar ekan. Mana shu kutubxonamizda ham olti ming nusxaga yaqin kitoblar bor. Maqsadimiz - odamlar kitob o‘qishsin. Ota-onamiz ma’rifatli kishilar edi, ularni Alloh rahmatiga olsin. Oilamizda sakkiz farzand kitob o‘qib katta bo‘lganmiz. Esingizda bo‘lsa, mana shu muzey (yondosh tarafni qo‘li bilan ko‘rsatadi)ning yerto‘lasi bolalar kutubxonasi edi bir vaqtlar, bizlar o‘sha yerdan deyarli chiqmaganmiz. Sen bolangga kitob o‘qishni o‘rgatsang, qolganini kitobning o‘zi o‘rgatar ekan. Xiyobonni bundan keyin “Kitoblar xiyoboni” deya nomini almashtirishni o‘ylayapman. Endi shu yo‘lda ozmi-ko‘pmi, barcha ota-onalar, ustozlar, hammamiz birgalikda mehnat qilishimiz kerak. Shukr, bu tarafdan yolg‘iz emasman, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev ikkimiz tumanning mavqeini, hayot sharoitlarini yaxshilash uchun qattiq bel bog‘laganmiz. Shaxmat-shashka o‘ynaydigan alohida markaz ochishni ham reja qilyapmiz. Buning uchun, huv ana, basketbol maydoni yonidan joy belgiladik. Endi yaqin kunlarda shu maqsadimizni birgalikda amalga oshiramiz. Men, Bahriddin Valiyev, yana Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov - uchovimiz 8-maktabda turli yillarda tahsil olganmiz. Maktabdosh do‘stlar o‘tirib, bir kuni maslahat qildik, maktabimizni tumandagi eng ilg‘or maktab bo‘lishini istadik. O‘tgan yili bir yarim sotix yerda o‘zimiz gidroponika usulida olti qavatli oynavand issiqxona qurib berdik.
Biologiya darsida o‘quvchilar bu yerda endi amaliyot o‘tashi, har xil mevali ekinlarni o‘zlari parvarishlashi mumkin. Zoologiya darsi uchun esa “Tabiat olami burchagi”ni sovg‘a qildik, uni ikki yuzga yaqin turli-tuman qushlar bilan to‘ldirdik. Bu yerda ham endi o‘quvchilar ko‘proq band bo‘lishadi, olam va tabiat bilan bir butunlik his qilishadi, ularda jonzotlarga mehr-muruvvat, shafqat hissi uyg‘onadi.
Mana shu xiyobon va tuman istirohat bog‘idagi azim daraxtlar bir vaqtlar tuman hokimi bo‘lgan Murod Jo‘rayev tashabbusi bilan ekilgan. Salqin hududlar, xiyobonlar faqat Ishtixonda bor, desam xato qilmayman, boshqa tumanlardan bunday ko‘ngilochar maskanlarni topolmaysiz. Bu yerga hatto qo‘shni tumanlardan dam olish uchun kelishadi.
Xiyobonni obod qilishni 2014 yilda boshlaganmiz. Ilgari bu yer qarovsiz, fayzsiz joy edi, egasiz hovliga o‘xshab o‘t-o‘lan o‘sib yotardi. Tuman obodonlashtirish bo‘limiga ishga kelganimning ilk kunlaridan xiyobonni bog‘u-bo‘ston qilishga kirishganmiz. Dastlab, ishni o‘nta quduq qazishdan boshladik. Mana shu holatga olib kelguncha ikki yil rosa ter to‘kib mehnat qilganmiz, mana, natijasini ko‘rib turibsiz. Xiyobonda ayni kunda 550 kishi xizmat qiladi: tozalaydi, o‘t o‘radi, suv chiqaradi, gullarga qaraydi. Ayniqsa, kechqurun juda charog‘on va gavjum bo‘lib ketadi. Insonlar oilaviy kelib hordiq yozishadi. Taniganlari rahmat, eshonbobo, deyishadi.
Issiq zabtiga olgan kunlarning birida, nihoyat, Ishtixon safarim qarib, Toshkentga yo‘lga chiqdim. Ertalab havoda kulrang bulutlar bor edi, ammo darhol tarqalib ketdi. Bu gal yomg‘ir yog‘madi. Mo‘ljallagan ishlarimning ba’zilari bitmay ham qoldi. Ammo farah to‘la ko‘ngil bilan qaytdim. Yurt sevgisi, odamlar mehri, kitoblar ziyosiga to‘yinib qaytdim. Har safar bilmayman nedan, nelardandir ko‘nglim to‘lmay, ginador qaytardim, bu safar minnatdor qaytdim. Ishtixonning yanada porlagan ertagi kunlaridan umidvor qaytdim.
Asomiddin Ibragimov bilan suhbatda undan “Sizga o‘xshagan el o‘g‘lonlari ko‘pmi”, deya so‘radim. “Ko‘p”, dedi u, “ Ular o‘zini ko‘rsatavermaydi, kimgadir uy qurib, kimgadir qoramol olib beradi. Sunnat to‘ylarini o‘tkazadi. Dori-darmoniga qarashadi. O‘zining mahallasiga masjid qurayotganlar bor...” . Tasavvufda “Inson yaltiramasdan, porlashi kerak”, deyiladi. Chunki yaltirash o‘zga nurning ta’sirida paydo bo‘lar ekan. Porlash uchun ichkarida asos lozim. Asos, bu - sevgi. O‘ziga, xalqiga, yurtiga, Robbisiga sevgi. Shu tobda bahravor tuyg‘ular toshib keldi ichimdan. Porlab yashayotgan insonlarni alqagim, elu-yurt g‘amida donmi, somonmi bo‘layotgani uchun ularga mehrli so‘zlar aytgim keldi. Bir-biriga yelkadosh shunday oltin o‘g‘lonlar, javohir farzandlari borligi uchun Ishtixonni baralla maqtagim keldi.
Muhabbat To‘xtasheva,
shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.