Ishtixondagi madaniy meros ob’yektlari va madaniyat sohasidagi muammolar qachon hal etiladi?
Tumanda asosan IV-VIII, XIX-XX asrlarga tegishli 70 ta arxeologiya va arxitektura moddiy madaniy meros ob’yekti, 7 ta madaniyat markazi, 1 ta “Rohat” xalq va ashula raqs ansambli hamda 1 ta musiqa va san’at maktabi bo‘lib, ularning holati va faoliyati bilan tanishganimizda bir qator muammolarga duch keldik.
Jumladan, tuman markazida joylashgan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi Ishtixon tuman tarixi muzeyi kapital ta’mirga muhtoj. 1979 yilda qurilgan muzeyning ekspozitsiya zallari 9 bo‘limdan iborat bo‘lib, ularda 1580 dona ashyo saqlanmoqda. Muzeyning ekspozitsiya zallari va xavfsizlik tizimi talabga javob bermaydi, isitish tizimiga ulanmagan, jihozlar yetishmaydi, borlari ham eskirgan. Muzey direktori Zafar Muxtorovning aytishicha, muzeydagi ushbu muammolarni hal qilish maqsadida ob’yekt joriy yilgi davlat dasturiga kiritilgan.
Tumanning Xonaqo mahallasida bundan 300 yil oldin qadimiy “Xonaqo” masjidi bo‘lgan. Keyinchalik masjid buzilgach, 1989 yilda masjid xalq hashari bilan qayta qurilgan.
- Masjidni mahallamiz ahli bilan hashar qilib qayta qurganmiz, ammo unga qarashli ikkita hujra va bitta dahliz ta’mirtalab, - deydi shu mahallada yashovchi Bektosh Ravshanov. – Masjid Madaniy meros agentligi ro‘yxatiga kiritilgani uchunmi, foydalanishga ruxsat berilmadi. Hujralarni ham xalq hashari va homiylar ko‘magi bilan ta’mirlash taklifini bergan edik. Ammo mas’ullar madaniy meros ob’yektiga ziyon yetishini va tez fursatda muhofazaga olinishini aytib, bunga ruxsat bermadi. Afsuski, shundan keyin hech qanday amaliy ish qilinmadi. Ob’yekt aholi xonadonlari yaqinida joylashgan va undan turli maqsadlarda foydalanayotganlar ham topiladi. Shu bois uni tezroq muhofazaga olish kerak.
Tumanda XIX-XX asrlarga tegishli Orlat mahallasidagi, “Orlat” va Odil mahallasidagi “Qoraqo‘yli” arxitektura ob’yektlarining holati qoniqarsiz, Yo‘g‘ontepa mahallasidagi “Yo‘g‘ontepa” masjidi avariya holatida turibdi. Umuman, tumandagi madaniy meros ob’yektlarining aksariyatida muhofaza belgilari o‘rnatilmagan, ta’mirtalab va konservatsiyaga muhtoj.
Madaniyat bo‘limi tasarrufida 7 ta madaniyat markazi bo‘lib, ularda 36 nafar xodim ishlaydi. Musiqa va san’at yo‘nalishida 20 ta to‘garak tashkil etilgan va 360 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz jalb qilingan. Joriy yilning o‘tgan davrida madaniyat bo‘limi tomonidan 200 ga yaqin ommaviy, madaniy-ma’rifiy va teatrlashtirilgan tadbirlar tashkil etilgan.
- Tizimdagi asosiy muammo - oliy ma’lumotli kadrlar yetishmaydi va 20, 22, 23, 25- madaniyat markazlari o‘z binosiga ega emas, - deydi tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Abdullayev. - Rosti, xodimlarning maoshi kamligi va turli tadbirlarga jalb qilinib, haq to‘lanmasligi natijasida ko‘pchilik sohani tashlab ketyapti. Hozir tizimda ko‘proq soha fidoyilarini ko‘rish mumkin. Shularni e’tiborga olib, yaqinda Qoraquyli mahallasida namunali madaniyat markazi tashkil etish bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan loyiha ishlab chiqilib, yer maydoni ajratiladigan bo‘ldi. Albatta, bu kabi amaliy ishlar sohadagi muammolarni kamaytiradi va bizni ham shijoat bilan ishlashga undaydi.
Tumanda 21-sonli yagona musiqa va san’at maktabi bor. Bu yerda 13 yo‘nalishda 55 nafar o‘qituvchi ikki navbatda 350 nafarga yaqin yoshlarga san’at sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Muassasa direktori Ozod Qudratovning ta’kidlashicha, musiqa va san’at maktabining moddiy texnik bazasi yaxshi. Ammo binoga kirish qismi fasadning texnik holati yomon. Yomg‘irli kunlarda bino ichkarisiga suv kiradi, nam oqibatida pollarda cho‘kish va yoriqlar paydo bo‘lgan. Holat yuzasidan tuman hokimligi va viloyat madaniyat boshqarmasiga bir necha marta murojaat qilingan, biroq natija bo‘lmagan.
Ko‘rinib turibdiki, tumanda moddiy madaniy meros ob’yektlari va madaniyat sohasida yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Ishonamizki, Madaniy meros agentligi viloyat boshqarmasi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi aytilgan masalalarni e’tibordan chetda qoldirmaydi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.