Islom Karimov xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligimiz asoschisi, buyuk siyosatchi va oqil islohotchi Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidladi.
Buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov 2016 yil 3 sentyabr kuni o‘z vasiyatiga ko‘ra, Samarqand shahridagi Hazrati Xizr masjidi majmuasida dafn etilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda Birinchi Prezidentimizning davlatimiz va xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlariga munosib ulug‘vor maqbara majmuasi qurishga qaror qilindi.

"Bu tabarruk maskan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining aziz va ardoqli farzandi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mangu oromgohidir". Ushbu so‘zlar majmuaga kiraverishda o‘rnatilgan marmar lavhada o‘zbek va ingliz tillarida yozib qo‘yilgan.
Yodgorlik majmuasini barpo etish ishlari YuNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi va butun jahon madaniy merosining ob’yektlaridan biri hisoblangan Hazrati Xizr masjidiga uyg‘un maqbara loyihasi tasdiqlandi.
Majmua qurilishiga yurtimizning turli hududlaridan mohir quruvchilar, usta va hunarmandlar jalb etildi. Maqbara uchun xorijdan qimmatbaho toshlar, ayvon ustunlari va zina panjaralari, yozuvli oq oniks va oniks toshlari keltirildi.

Maqbara ichida oq qabr toshi o‘rnatildi. Devorlar qimmatbaho toshlar bilan bezatilib, ularga oltin suvi bilan ishlov berildi. Maqbaraning pastki qismi yashil oniks toshlar bilan qoplangan. Gumbazi Hazrati Xizr majmuasi bilan hamohang tarzda barpo etildi.
Majmua hududida milliy uslubdagi ayvon bunyod etildi. Bu yerda ziyoratga keluvchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgan, o‘rindiqlar qo‘yilgan. Ayvon peshtoqlarida Qur’oni karim oyatlari hamda Islom Karimovning hikmatli so‘zlari o‘zbek, arab va ingliz tillarida yozilgan.
Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida lift, imkoniyati cheklanganlar uchun ko‘targich moslamalar o‘rnatildi. Zamonaviy tungi yoritish tizimi yaratildi. Islom Karimov ko‘chasini majmua bilan bog‘lovchi ko‘prik barpo etildi.

Qurilish jarayonida Hazrati Xizr masjidi ham restavratsiya qilindi, minora keramika toshlari bilan bezatildi. Majmuaga olib boruvchi yo‘laklarga granit tosh terildi. Belgiyadan keltirilgan kashtan (qoraqayin), shuningdek, Qrim qarag‘ayi, mojjevelnik (qora archa), butasimon daraxtlar ekildi, yashil maysazorlar tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari keyingi bir yildan ko‘proq vaqt davomida Samarqandga har bir tashrifi chog‘ida majmua qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Ushbu maskanni yurtimizning eng qutlug‘ qadamjolaridan biri sifatida obod qilish, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida maslahat va tavsiyalar berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
Mehnat faxriysi To‘lqin Ahmadjonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova, Samarqand shahridagi o‘afur o‘ulom nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon o‘afurov, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova ushbu majmua davlatimiz va xalqimizning O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromi sifatida qutlug‘ ziyoratgoh bo‘lishini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari maqbarani ziyorat qilib, gullar qo‘ydilar.
Marosimdan so‘ng davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi. Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi.
Islom Karimov maqbara majmuasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan faollar, keng jamoatchilik, turli idora va tashkilotlar vakillari, Samarqand viloyati aholisi tomonidan gullar qo‘yildi. Birinchi Prezidentimizning porloq xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Matnazar ELMURODOV,
G‘olib HASANOV,
O‘zA maxsus muxbirlari.