Islom olamida «Hidoyat imomi» oliy maqomini olgan buyuk avliyo Abu Mansur Moturidiy ibrati

29-30 oktyabr kunlari Samarqandda «Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta’limoti» va «Tasavvufning vazifalari: tariqat va shariat» mavzusida o‘quv seminar bo‘lib o‘tadi.

Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiy al-Hanafiy hazratlari (870-944 yillar) umr bo‘yi bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanib kun kechirgan. Rivoyat qilishlaricha, ul muborak zot qir va adirlarni tekislash, bu yerlarga suv keltirish uchun ko‘p mashaqqat chekkanlar. Kunlarning birida shayx dala kezib yurganlarida nogahon Hazrati Xizrga duch kelibdilar.

- Ma turidu? (nima xohlaysiz yoki muddaongiz nima?), - deb so‘rabdi undan Hazrati Xizr.

– Ana uridu maan (menga suv kerak), - deb javob qilibdi shayx hazratlari.

Shundan so‘ng bir ishorat qilgach, Hazrati Xizr ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Avliyo esa uzun asoni sudraganicha suvsiz yerlari tomon yuribdi. Manziliga yetish arafasida ortiga qarasa, izida katta anhor paydo bo‘libdi.

Bobokalonimizning mehnatsevarligi va tirishqoqlik bilan amalga oshirgan keyingi sa’y-harakatlari natijasida bu joylarda serhosil bog‘lar, shirin-shakar uzumzorlar bunyod etilibdi. Bu so‘lim bog‘larda uzumning yigirmadan ziyod navlari, jumladan, oq kishmish, qora kishmish, husayni murg‘iyon, husayni lo‘nda, qora husayni, turkmani, chilgi kabi turlari yetishtirilgan. 

Islom olamida «Imom ul-Huda» («Hidoyat imomi») oliy maqomini olgan bu buyuk avliyo kalom ilmi (islom dini ilohiyat falsafasi) sohasida juda katta yutuqlarga erishgan va hanafiya mazhabi negizida moturidiya maktabiga asos solgan. Bizgacha allomaning arab tilida yozilgan «Kitob at-Tavhid» («Allohning birligi») va «Ta’vilot ahl as-sunna» («Sunniylik an’analari sharhi») asarlari yetib kelgan bo‘lib, bu kitoblar turkiy elatlarga islomiy odob qoidalari, shariat qonunlari, ma’naviy-axloqiy kamolot sirlaridan ta’lim berishga mo‘ljallangan.

Moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asos va qoidalarini Abu Mansur al-Moturidiyning o‘zi kashf qilgan emas. Aqoidning asoslari, arkonlari va bandlari ungacha ham ma’lum darajada shakllangan edi. Islomshunos olimlarning ta’kidlashlaricha, aqida ilmiy tobeinlar davridan boshlab, hijriy ikkinchi asrda mustaqil fan sifatida zohir bo‘la boshlagan. Mazhabimiz asoschisi Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobit (rahmatullohu alayh) nafaqat fuqarolar peshvosi, ayni chog‘da aqida va kalom ilmiga ham asos solgan buyuk siymolardan bo‘lgan.

Shayx Abu Mansur hazratlari diniy ta’limni hanafiya ulamolarining ko‘zga ko‘ringan mashhur namoyandalaridan olgani va diniy fanlar bo‘yicha qanchalik chuqur bilimga ega bo‘lganiga yozib qoldirgan qimmatli asarlari guvohlik beradi. Ul zot hayot-faoliyatlari davomida dinimiz sofligi, boqiyligi uchun qattiq kurash olib borgan, o‘sha davrlarda islomga qarshi bo‘lgan noto‘g‘ri nazariyalar va puch aqidalarga ilmiy asosda qaqshatqich zarba bergan. Al-Moturidiy hazratlarining xizmatlari shundaki, o‘sha davrlardagi aqidaviy oqimlarning ta’sirini qirqish, ularning iddaolariga raddiya berish, kuchli va asosli dalillar bilan haqiqiy islom aqidasini himoya qilish, kalom ilmi, mantiq va munozara qoidalariga rioya qilgan holda xasmlar (da’vogarlar) jaholatiga ilmu ma’rifat bilan javob qaytarib, musulmonlar uchun aqidaga doir muhim qo‘llanmalar tayyorlab berishni niyat qilgan. Shayx o‘z ilmiy izlanishlarida aqliy dalillar bilan naqliy dalillarni uyg‘unlashtirib, so‘ng xulosa chiqargan (aqliy dalil deganda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar ko‘zda tutiladi). Aql imkoniyatining ham chegarasi borligini e’tiborga olib, shayx hazratlari inson aqli juda ko‘p haqiqatlarni idrok etishga qodir emasligini uqtirgan.

Samarqand shahridagi G‘ijduvon ko‘chasi yonida «Chokardiza» («Xizmatchi lashkarlar qal’asi») degan qadimiy qabriston bor. Bu qabriston islom dunyosidagi eng mashhur Madinai munavvaradagi «Jannat ul-baqiya» va Makkai mukarramadagi «Jannat ul-muallo»dan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. 2000 yili shu yerda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi va loyihasi asosida, qadimiy sharq an’analari va me’morchilik san’atiga tayanib, Abu Mansur al-Moturidiy hazratlariga atab muhtasham maqbara va yodgorlik majmua barpo etildi va 1130 yillik yubileyi nishonlandi. Ana shu go‘zal maqbaraning peshtoqiga: «Bu qabr butun umri davomida ilm yiqqan va uni saxovat bilan ulashgan muborak zotnikidir» deb yozib qo‘yilgan.

– Bu yerdan ilmiy-amaliy ahamiyatga molik noyob qabrtoshlar, tim qora qayroqtoshlarga sirli mahorat bilan bitilgan turli xildagi eski arabcha yozuvlar topildiki, bularning hammasi ko‘hna va boy tariximizni yanada chuqurroq o‘rganishimizga xizmat qildi, - deydi Mahmudxon hoji Muxtorov. – Xorijdan ko‘p ziyoratchilar kelishadi. Chunki mazkur qabristonga shayx hazratlaridan tashqari juda ko‘p azizu avliyolar, ulamolar, Burhoniddin Marg‘inoniy va Abullays Samarqandiy kabi jahonga mashhur olim-u fuzalolar ham dafn etilganlar.

Nizomiddin Akramov,

Abdusami Samadov.