Islom - tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat dini
Yurt tinchligi, birdamligi va sog‘lom muhitni qaror toptirish uchun odamlarda avvalo, daxldorlik hissini kuchaytirish darkor. Daxldorlik bu shaxsning yon-atrofida biror noxushlikni ko‘rganida beparvo bo‘lmasligi, ko‘ngilsizlik bugun unga zarar keltirmayotgan bo‘lsa, balki ertaga o‘zining ham boshiga tushishi mumkin ekanini his qilgan holda yashash demakdir.
Shunday ekan, ogoh va hushyor bo‘lish davr talabi bo‘lib qolayotganini alohida ta’kidlash zarur. Azaldan turmushning obodligi, oilaning mustahkamligi va tinch-osuda hayot kechirish o‘zbek xalqining orzusi bo‘lib kelgan.
O‘zbekistonimizda tinchlik, osoyishtalik va xavfsizlikni, fuqarolar va millatlararo ahillik va hamjihatlikni ko‘z qorachig‘idek saqlash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim, hal qiluvchi vazifamiz bo‘lib qolishi darkor. Buning uchun esa har bir fuqaro davlatimiz va jamiyatimiz tinchligiga raxna solishga urinayotgan yovuz kuchlarning manbasi, mohiyat-mazmuni haqida aniq tushunchalarga ega bo‘lishi va xalqimizni ushbu tahdidlardan ogoh qila bilishi, yurt tinchligini asrashga qaratilgan amaliy ishlarni o‘zi uchun ustuvor vazifa, deb his etishi lozim.
Darhaqiqat, tarixning o‘tgan qisqa davrida ezgu maqsadlarga erishishimizda, o‘zligimiz va tafakkurimizni anglashimizda muqaddas dinimizning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Zero, tinchlikparvarlik, osoyishtalik, xotirjamlik islom dinining mohiyatini tashkil etishi, uning kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida o‘zaro hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga da’vat etishi fikrimiz isbotidir.
O‘MI Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Z.EShONQULOV tayyorladi.