Isroil tajribasi: 1 kvadrat metr yerdan 50 kilogramm pomidor
Avvalgi maqolamizda isroilliklarning paxtadan qanday qilib 50 sentnerlik hosil olishi haqidagi taassurotlarimiz bilan o‘rtoqlashgandik. Bu gal Isroildagi tadbirkor issiqxonasida yetishtirilgan pomidor haqida to‘xtalamiz.
Bizlarning taklifimiz asosida programmaga kiritilgan issiqxona
4 gektar ekan. Uning egasi arab yoki palastin. Darvoqe, o‘nlab firma va kompaniyalarda bo‘lgan bo‘lsak, bularning hammasida ham arablar yaxudiylar bilan birga hech qanday muammosiz mehnat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ularning o‘zaro muloqotini doimo alohida kuzatib yurdim. Ular goh arabcha, goh ivritda bir biri bilan muloqot qilardi. Shunda o‘ylab qoldim: falastin-yahudiylar o‘rtasidagi nifoq faqat siyosatchilarning o‘yinimikan?
Siyosatni bir chetga surib qo‘yaylikda, sayohatimizni davom ettiraylik.
Xullas, Isroil hududida falastin yigitining issiqxonasi faoliyat yuritishi va u shu 4 gektar maydonidan har yili 4 million dollar daromad olishi bizni qiziqtirib qo‘ydi. Issiqxonada ish yuritilishi to‘g‘risida uning egasi biroz axborot bergach, ichkariga kirdik. Issiqxonaning butun sathi bo‘ylab oq surp to‘shab tashlangan, chang yo‘q. Uning ichida maxsus oyoq kiyim bilan yurilar ekan. Dunyo ko‘rib yurgan men uchun bu ajoyib yangilik edi.
Delegatsiya a’zolarini hosildorlik qiziqtirardi. Issiqxonada pomidor, bodring, shirin qalampir ekilar ekan. Har bir kvadrat metrning hosili 50 kilogramm. 1 gektar yerdan 500 tonna pomidor hosili oladi. Biz «Bir gektar yerdan 10 vagon mahsulot-a», deya hayratga tushdik. Rasulmat aka mendan o‘zimizdagi issiqxonalarda hosildorlik qanday ekanligini so‘radi.
ko‘pi bilan bir kvadrat metrdan 8-10 kg, dedim. Bu qadar yuqori hosil olish sababini o‘zim tushuntira qoldim, chunki tarjima orqali hamma fikrni ilg‘ab olish qiyin bo‘ldi.
Issiqxona akvaponika asosida ishlaydi, buning ma’nosi mahsulot yetishtirish uchun ishlatiladigan tuproq bu yerda yo‘q, “perlit” degan oppoq tog‘ jinsi maydalanib tuproq o‘rnida ishlatiladi. Unga ekilgan ko‘chatga “Netafim”ning tomchilatib sug‘orish sistemasi ulangan. Hamma mikro, makro elementlar shu sistemadagi shlanglar orqali har bir tup o‘simlikning tomiriga beriladi. Uni qachon va qancha berishni avtomatik ravishda kompyuterning o‘zi belgilaydi. Ya’ni, o‘simlikni parvarish qilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri odam ishtirok etmaydi.
- Bu tushunarli bo‘ldi, lekin baribir 10 kilogramm bilan 50 kilogramm orasidagi farq ko‘p-da, - dedi Rasulmat aka.
Issiqxona egasi o‘simliklarning shoxlanishini “determinant” so‘zlari bilan tushuntirgandi, men uni soddalashtirdim. O‘simlik shpallerga osilib o‘sadi, pomidor (masalan) hosili shoda-shoda bo‘lib tugadi, ularning pishganlari yig‘ishtirib olinadi-da, o‘simlik palagi pastga tushirib o‘rab qo‘yilaveradi, uning o‘rniga tepadan yangi gullagan, hosilga aylangan va pishgan pomidorlar kelaveradi. Bu uzluksiz davom etaveradi, pomidor palagi shu tariqa 5-10 metrga yetishi mumkin. Uning eng uzun bo‘lib o‘sadigan navlarini superdeterminant, deyishadi.
Issiqxona mahsuloti to‘liq Germaniyaga eksport qilinar ekan. Men bir dona pomidorni oldimda bo‘yimdan baland ko‘tarib arabga qaradim, “tashlaymi”, degan ma’noda, u ham maqsadimni tushundi-da “tashla” deb imo qildi. Pomidor qo‘limdan tushib yengil bir sakradi-da bir-ikki dumaladi, uni ko‘tarib qo‘lga olib hech bir joyi darz ketmaganini namoyish qildim. Bu uzoq saqlanadigan va uzoq masofaga olib borishga moslashtirib yaratilgan maxsus nav, deb fikrimni tushuntirdim. Shomurod do‘stim bilan Rasulmat akaning hayratini so‘z bilan ifodalash qiyin edi.
Perlit o‘rniga tuproqdan foydalanib, koptokdek sakramaydigan, kunlik iste’molga mo‘ljallangan navlar ham bor, deb qo‘shimcha qildim.
- O‘zimizda nega shunday navlar yaratilmaydi, - deb qiziqdi Rasulmat aka.
Men hammaning oldida bu savolga javob berib o‘tirmadim. Keyin o‘ziga alohida tushuntirdim: “Mamlakatimiz hozircha dunyoga yopiq bo‘lgani uchun g‘o‘za seleksiyasidan boshqa ekinlarning seleksiyasi orqada, qoloq holatda. Hech kim xilma-xillikka ishlayotgan emas, balki yangi qonunlarimiz tufayli va hozirgi safarimiz natijasida bu soha ham jonlanib qolar. Bularni hisobotimizda ko‘rsatishimizga va shu hisobotimizga rahbarlarimizning qanday munosabat bildirishlariga bog‘liq”, dedim.
Keysariya. O‘rta yer dengizining Livanga yaqin tomonida joylashgan qadimgi shahar xarobalari. Bu shaharni yevropalik salb yuruvchilari Quddusni egallash uchun bo‘lgan janglarda xarobaga aylantirgan ekan. Shu xarobalarning boshqa qismida yangi shahar barpo etilgan. Buni bejiz aytmayapman. Aynan Keysariyaning so‘lim go‘shalaridan birida Isroil qishloq xo‘jaligi vaziri bilan uchrashuvimiz tashkil etilgandi.
Rafael Eytan - Isroil bosh vazirining o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida edi o‘sha paytda. U aslida harbiydan chiqqan yirik siyosatchi bo‘lib, bosh vazirlikka da’vogarlikda yetarli ovoz olmaganligi bois shu lavozimga tayinlangan edi.
Ko‘rinishidan vajohatli bo‘lishiga qaramasdan g‘oyatda madaniyatli suhbat olib bordi. Isroil davlatining xo‘jaligi sohasidagi ishlarini yuqori baholadik, bu fikrlar unga yoqdi, albatta. U fikrlarimizni bosh vazirga yetkazishini ma’lum qildi. Vazirga atalgan alohida sovg‘alarimizni qabul qilarkan, zar to‘nni kiydirish jarayonini videoga olmasligimizni iltimos qildi. Lekin baribir ozgina videoda ko‘rinib qolibdi. Hukumat nomidan delegatsiya a’zolariga ham sovg‘asi salmoqli edi. Qimmatbaho “Parker” ruchkalari bilan konvert sovg‘a oldik. Kamtargina ziyofat uyushtirishdi. Keyingi yili O‘zbekiston Prezidentining tashrifiga tayyorgarlik haqida ham gap bordi suhbatda.
Shu bilan safarimiz yakuniga yetdi. Katta taassurotlar bilan, ko‘p ma’lumotlar to‘plab Toshkentga qaytdik....
Zoyir ZIYoTOV.
(Davomi bor)