Istambuldagi "Moviy masjid" haqida eshitganmisiz?
Bugun sizlarga Istambulning “tashrif qog‘ozi” haqida hikoya qilib bermoqchiman. Internetdan Turkiya deb surat axtarsangiz ham eng avval shu masjidning rasmi chiqadi, Istambul deb axtarsangiz ham. Bu masjid surati pochta konvertlarini-yu, markalarini, tabrik oynaxatlarini-yu, har xil kiyim-kechaklarni, uy-ro‘zg‘or anjomlarini-yu, esdalik buyumlarini ham bezagan.
Istambulning “yuzi”
Turkiyani Istambulsiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, Istambulni ham Culton Ahmad qurdirgan "Moviy masjid"siz tasavvur qilib bo‘lmaydi. 10 ming kishi birdaniga namoz o‘qiy oladigan bu masjidni Sulton Ahmad masjidi ham deyishadi. Uning “Moviy masjid” nomini olishiga sabab bo‘lgan narsa masjid ichining 200 mingdan ortiq moviy koshinlar bilan bezatilgani va bu rang yetakchi rang ekanidir.
1603-1617 yillarda hukmdorlik qilgan, 14 yoshida taxtga o‘tirgan Sulton Ahmad 19 yoshida “Ayo Sofiya” ibodatxonasi ro‘parasida undan ham go‘zal, undan ham mahobatli, eng muhimi, dunyoda tengi bo‘lmagan masjid qurdirishni niyat qiladi va buning uchun shaharning baland hamda ko‘rkam joyini tanlaydi. Bu yerdagi Vizantiya imperiyasidan qolgan saroy qoldiqlari va atrofidagi devor-u bir qancha kichik uylarni ham buzdirib, tekislatadi. 1609 yilda mashhur Usmoniy usta Me’mor Sinanning mohir shogirdi Sadafkor Mahmud og‘a ismli me’mor boshchiligida qurilishi boshlangan “Moviy masjid” 1616 yilda qurib bitkaziladi.
Suratdagi Mahmud og‘a butun umrini masjid va madrasalar qurishga bag‘ishlagan, hatto Makkadagi Ka’ba ibodatxonasining ta’mirida ham qatnashgan juda mashhur usta bo‘lgan. U zotni ”Ustalarning zargari” deyishgan.
“Moviy masjid” dunyoda yagona oltita minorasi bo‘lgan masjid hisoblanadi. Aytishlaricha, bundan xafa bo‘lgan Makka hukmdorlari unga ta’na qilishgan va biror masjidda Makkadagi kabi minoralar bo‘lmasligi lozimligini aytishgan. Shundan Makka zodagonlari bilan kelishmay qolishdan cho‘chigan Sulton Ahmad Ka’bada yettinchi minorani ham qurishga farmon bergan ekan.
Afsuski, 27 yoshida tifdan o‘lgan Sulton Ahmadni baribir Alloh taoloning qahriga qolgan deb hisoblashadi.
Ammo undan Islom me’morchiligi va Yevropa arxitekturasini o‘zida mujassam etishini istagan go‘zal bir obida qoldi-ki, bugun u butun dunyoda dunyo arxitekturasining nodir namunasi, deb tan olingan.
Dunyoda tengi yo‘q derazalar
“Moviy masjid”ning qibla tarafida besh qator derazalar joylashtirilgan bo‘lib, ular rangli shishalar bilan bezatilgan va ulardan kirgan yorug‘lik masjid ichini sirli va nihoyatda go‘zal qilib yuboradi. Masjidda jami 260 ta deraza bo‘lib, afsuski, venetsiyaliklar ishlagan oynalar bugungacha yetib kelmagan.
“Moviy masjid” gumbazining balandligi 23,5 metr.
Masjid fil oyoqlari shaklidagi, diametri 5 metr bo‘lgan ustunlar ustiga qurilgan.
“Moviy masjid” mehrobiga Makkadagi Ka’badan olib kelingan qora tosh o‘rnatilgan. Mehrob yonidagi imom va’z o‘qiydigan minbar ham Ka’badagi minbarning noyob nusxasidir.
Katta va kichik gumbazlar diyorbakrlik tengsiz usta Said Qosim Biboriy tomonidan bezatilgan va ularga Qur’on suralari va Payg‘ambarimiz salallohi alayhi vasallamning hadislari yozilgan.
To‘rt gumbazga mahkam tiralgan katta gumbazda Sulton Ahmadning bir falsafasi aks etgan: to‘rt gumbaz hazrat Abu Bakr Siddiq, hazrati Usmon, hazrati Umar va hazrati Alining timsoli, ularga tayangan asosiy gumbaz esa Payg‘ambarimiz salallohi alayhi vasallamning timsollari.
Bu yerdagi toshlar, ayniqsa, oq marmarlar zargarona ijod namunasi va o‘ta kamyob toshlardir.
Ziyoratga munosib qabrlar...
Sulton Ahmad masjidi joylashgan maydonni ham turklar ehtirom qilib, “Sultan Axmed meydani” deb ataydilar.
Masjidning shimoli-sharqiy tomonida Sulton Ahmadning o‘g‘li Usmon II tomonidan barpo qilingan maqbara bor. Bu maqbarada Sulton Ahmad, uning sevimli rafiqasi Mohipaykar, sultonning Usmon II, Usmon IV va boshqa bolalari dafn etilgan. Bu yerda sulton avlodlariga tegishli bo‘lgan jami 32 ta qabr bor.
XIX asrgacha Makkaga, muborak Haj ziyoratiga yo‘l olgan hojilar “Moviy masjid”da yig‘ilib, shu yerdan safarga jo‘nab ketishgan. Shunisi diqqatga sazovorki, ruslar yurtimizni bosib olib, yurtdoshlarimizga Haj imkoniyati cheklanib qolmagunicha bizning diyordan Hajga boruvchilar ham Turkiyada, aynan Istambulda jam bo‘lishgan.
Ular “O‘zbeklar tekkesi” deb nomlanadigan karvonsaroyga joylashib, keyin “Moviy masjid”da sultonning hadya va salomlarini olib, Haj safariga yo‘l olganlar. (“O‘zbeklar tekkesi” haqida alohida maqolam bor.)
Masjiddan sharqiy eshikdan chiqish tomonda “Vakiflar Hali Muzesi” deb nomlangan gilamlar muzeyi bor.
Masjid aslida madrasa, shifoxona, xayriya binosi, maktablar, karvonsaroylar majmuasiga kirgan. XIX asrda shifoxona va karvonsaroylar buzilib ketgan.
“Moviy masjid” Turkiya poytaxtining timsoliga aylangan. Istambulliklar bu masjid bilan har qancha faxrlansa arziydi.
Bugun Sulton Ahmad masjidi megopolis shaharning eng mahobatli jomesi sifatida o‘ziga ming-minglab sayyohlarni jalb qiladi. Albatta, masjidning o‘zigina emas, uning ichki go‘zalligi, bezaklarining maftunkorligi, qandillarning mahobati va u yerdan taraladigan dillarni junbushga keltiruvchi azon sadolari hamda ruhingizni ko‘kka yetaklovchi, jon ozig‘i bo‘lgan go‘zal Qur’on tilovatlari ham kishini rom etadi. Masjid ichida hamisha Qur’on qorilari o‘tiradigan maydoncha bo‘lib, istagan odam o‘zi yodlagan surani qorilarga o‘qib berib, ulardan ijoza olishlari mumkin.
Ozgina muhabbat haqida
Avvalo, shuni aytish kerakki, turk sultonlarining inon-ixtiyori, aytish mumkinki, o‘z hayotlari o‘zlariga tegishli bo‘lmagan. Aslida, barcha hukmdorlarning ham taqdiri shunday...
Sulton Ahmadning ham taqdiri shunday edi. 14 yoshida kutilmaganda taxtga chiqib qolgan Sulton Ahmadning o‘zini ham, uning hamma ishlari ham, hatto ko‘ngil ishlarini ham onasi boshqarar edi. Shuning uchun yosh sulton ayollarga past munosabatda bo‘lgan. Birinchi xotini grek Mahfiro‘z Xadicha Sultonga ham shunaqa munosabatda edi.
Ammo uning barcha qarashlarini venetsiyaliklar bilan bo‘lgan urushda asir olinib, qul qilib sotilgan Anastasiya ostin-ustun qilib tashladi. Haramga keltirilgan cho‘ri sifatidagi Anastasiya "Birinchi ledi" maqomiga ega bo‘lib, bugun o‘zbek ayollari televizor qarshisiga mixlanib tomosha qilayotgan Mohipaykar Kusem Sultonga aylandi. U Sulton Ahmadni shoirga aylantirdi, Majnunga, oshiqqa aylantirdi. Sulton Ahmad undan ko‘p farzand ko‘rdi, ammo bir necha bolasi go‘dakligida nobud bo‘ldi. Shunga qaramay, tirik qolgan o‘g‘illaridan ham ikkitasi - Murod IV va Ibrohim I sulton bo‘lishdi. Salim, Sulaymon, Mahmud degan o‘g‘illari ham, Oysha, Xonzoda, Atika degan qizlari ham Mohipaykardan tug‘ilgan.
Sultonlar odatiga ko‘ra, baribir Kusem Sultondan keyin ham haramga xushro‘y kanizaklar kelgan va sulton Fotima, Yosuman kabi qizlarga uylangan. Sulton 27 yoshida o‘lgan bo‘lsa-da, undan 12 ta o‘g‘il, 9 qiz qolgan...
Tasavvur qiling, hali o‘g‘illarimiz 27 da uylanmayapti, Sulton Ahmaddan esa nobud bo‘lganlarini qo‘shmasak ham 21 ta farzand qolgan...
So‘ngso‘z o‘rnida
Sulton Ahmad Turkiya tarixida biror urushda zafar qozonmagan. Forslar bilan jangda yengilib, Gruziya va Ozarbayjon yerlarini qo‘ldan chiqargan, Avstriya bilan yutqizilgan urush tufayli tuzilgan nobop shartnoma sabab ulardan keladigan o‘lpondan ayrilgan, mamlakatning xalqaro obro‘si tushib ketishiga sabab bo‘lgan sulton sifatida tilga olinadi. Ammo urushlardagi muvaffaqiyatsizliklarga qaramay turk xalqi uni adolatli ichki siyosati, xalq farovonligi va bunyodkorlik ishlari uchun juda sevar, boshiga ko‘tarar edi.
To‘pqapida ikkita hammom va yana bir qancha binolarni qurdirgan, poytaxtda yong‘in bo‘lganida olovni o‘chirish ishlarida shaxsan o‘zi qatnashib, hatto tanasi kuyib, oddiy aholining ham mehriga, muhabbatiga sazovor bo‘lgan edi.
Turk xalqi uni hamisha minnatdor bo‘lib yodga oladi, “Moviy masjid” jomesida o‘qilgan namozlar payti uning haqiga duo qiladi.
Sulton Ahmaddan butun turk xalqi, Istambul xalqi faxrlanadigan, dunyoda tengsiz “Moviy masjid” yodgorlik bo‘lib qoldi.
Aziz do‘stlar, albatta, Istambulga borsangiz, Sulton Ahmad masjidini tomosha qiling! Unda ikki rakaat namoz o‘qing. Sulton Ahmadning qabrini ham ziyorat qilib, uning haqiga Qur’on tilovat qiling! Uning qalbi qanchalar go‘zal bo‘lganini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, u yerdan chiqib, u qurdirgan “Moviy masjid”ga boqing...
Karimberdi To‘ramurod,
Istambul, Sulton Ahmed meydani, Zarnews.uz sayti uchun maxsus.