It va boshqa jonivorlar tishlashidan viloyat bo‘yicha 10 oyda 5 mingdan ziyod murojaatlar tushgan
Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida Samarqand viloyatida 5059 ta holatda fuqarolar it va boshqa hayvonlardan jarohat olib tibbiy yordamga murojaat etgan. Fuqarolarning 1123 nafari noma’lum itlardan, 3936 nafari egasi ma’lum itlardan jarohat olgan. Bu haqda zarnews.uz’ga viloyat Sanitariya epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, Samarqand shahrida 850 ta, Payariq tumanida 618 ta, Urgut tumanidan 490 ta, Oqdaryo tumanidan 404 ta holat qayd etilgan. Bu tumanlarda o‘tgan yilga nisbatan ko‘payish holatlari kuzatilgan.
Bu kabi salbiy holatga barham berilmasa, aholi o‘rtasida quturish kasalligini keskin ko‘payib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu boisdan Sanitariya epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda shahardagi daydi itlar masalasi o‘rganilgan. O‘rganish davomida xonadonlarda it boqayotgan fuqarolarning uyida bo‘lib, ularni saqlash tartibi ham ko‘zdan kechirilgan.
Sanitariya epidemologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘ining epidimologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoir Mo‘minovning ta’kidlashicha, xonadonlarida it boquvchilar Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 202-sonli qarorida ko‘rsatilgan talablarga aholi tomonidan rioya etilmasligi natijasida yuqoridagi holatlar kuzatilmoqda.