Ixtisoslashtirilgan maktablarning talabi qanday?

– Bugungi kunda respublikamizda ta’lim 7 tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik) olib boriladi. Bolani ta’lim rus tilida olib boriladigan maktabda o‘qishga joylashtirish uchun bolaning shu tilda erkin muloqot qila olishi, oilada shu tilda ko‘proq muloqotda bo‘lishi hisobga olinadi. Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktabda bola ma’lumotlarni qabul qilishda (lisoniy) til to‘sig‘iga va ruhiy zo‘riqishga uchramasligi zarur.

***

– Farzandim boshlang‘ich sinfda o‘qiydi. Uning qanday bilim olishi, dars jarayonida o‘zini tutishini kuzatmoqchiman. Ammo sinf rahbari bunga ruxsat bermayapti.

– Hech qaysi me’yoriy hujjatda ota-onaning darsga kirish yoki kirmasligi ko‘rsatilmagan. Agar darsga kirsangiz, sizning bu tashrifingiz boshqa bolalarga ruhiy ta’sir o‘tkazishi mumkin ("Nima uchun uning ota yoki onasi darsda qatnashadi, meniki esa yo‘q" kabi). Lekin siz farzandingizni dars mobaynida kuzatishni xohlasangiz, umumta’lim maktabi direktoridan ruxsat olib, darsga kirishingiz mumkin.

Savollarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qo‘ldosh SAIDOV javob berdi.

***

– Ayrim sabablarga ko‘ra, maktabning 9-sinfini tugatolmay qolgan fuqaro shahodatnoma olish uchun nima qilishi kerak?

– O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi "O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, Eksternat to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

Ushbu nizom talablariga ko‘ra, turli sabablar bilan 9-sinfni bitirmagan, 16 yoshga to‘layotgan va undan katta yoshdagilar umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standarti doirasida mustaqil o‘zlashtirganda eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqiga ega.

 

***

– Farzandimni ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga bermoqchiman.

– Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi "Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga 2-sinfdan, ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatiga 5-sinfdan o‘quvchilar qabul qilinadi.

Tegishli ravishda o‘quvchilarning hujjatlari 2-sinflarga 1-31 iyul, 5-sinflarga 1-20 iyul kunlari qabul qilinadi. Har yili 5-20 avgust kunlari ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablarining 2-sinfiga o‘quvchilar muassasadagi qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan fanlardan yozma va og‘zaki sinovlar hamda Xalq ta’limi vazirligining hududiy organlari tomonidan o‘tkaziladigan psixologik-pedagogik diagnostika natijalari asosida tanlab olinadi.

Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining (maktab-internatning) 5-sinfiga o‘quvchilar Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari hamda Xalq ta’limi vazirligining hududiy organlari tomonidan o‘tkaziladigan psixologik-pedagogik diagnostika natijalari asosida qabul qilinadi.

Test sinovlari va psixologik-pedagogik diagnostika sinovlarining har biri bo‘yicha 70 foizdan kam bo‘lmagan natija ko‘rsatgan o‘quvchilar orasidan ballar reytingi bo‘yicha belgilangan kvotaga muvofiq qabul qilinadi.

***

– Har yili qishda tumanning chekka hududidan kelib, bir yoki ikki oy shaharda yashaymiz. Shu vaqt davomida farzandlarimni shahardagi maktabda o‘qitishim mumkinmi?

– Mumkin. Buning uchun avvalo, siz shaharda o‘rnatilgan tartibda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishingiz lozim. Vaqtinchalik yashash joyingizdagi mahalladan ma’lumotnoma bilan shu hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga murojaat qilasiz.

Savollarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

Orif YuSUPOV javob berdi.