Jadidchilik: Hurlik uchun kurash yo‘lidagi harakat nega aynan maktabdan boshlangan?
Mahmudxo‘ja Behbudiy ozodlikka erishishdan avval yurtni mustaqil boshqara oladigan, milliy qadriyatlarini asragan holda rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan avlodni tarbiyalash zarurligini anglab yetdi. Bu yo‘lda u o‘z davrining barcha ta’sirchan vositalaridan imkon doirasida foydalandi.
Avvalo, orzudagi avlodni tarbiyalash uchun haj safarida ko‘rgani kabi yangi ilg‘or maktablar ochishni rejalashtirdi. Samarqandda 1903 yildan maktablar tashkil etila boshladi. Ona tilida o‘qitiladigan yangicha darsliklar yaratish ishiga kirishdi. Samarqand shahri yaqinidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlaridagi yangi maktablar uchun «Risolai asbobi savod» (1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» (1905), «Risolai jug‘rofiyai Rusiy» (1905), «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» (1906), «Kitobat ul-atfol» (1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) kitoblarini yozib, chop ettirdi. Shu bilan birga, geografiya va tarix fanlari uchun xarita tayyorlab, bosmadan chiqardi. Mazkur nashrlardagi o‘ziga xos yangi ma’lumot va fikrlar, ularning ahamiyati haqida ko‘p gapirish mumkin. Bu borada ilm ahli katta tadqiqotlarni amalga oshirdilar.
Biz esa misol tariqasida «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» darsligiga nazar tashlaymiz. Eski maktablarda mutlaqo o‘qitilmagan, faqat jadid maktablarida tatbiq etilgan, Behbudiy va safdoshlarining kofir deb e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan mazkur fan aholi, ayniqsa, yoshlar ongida katta o‘zgarishlar yasadi.
Maktab ta’limiga nega geografiya olib kirildi?
“Jug‘rofiya – ilmi jahonnamodur”, deydi Behbudiy. Allomaning geografiyaga qiziqishi 1899 yilda haj safari bilan mustahkamlandi, deyishimiz mumkin.
«Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» darsligini mutolaa qilarkansiz, Behbudiyning bu fandan maqsadi nima ekanligi to‘g‘risidagi savol sizni qayta-qayta bezovta qilib turadi. Sirtdan qaraganda hammasi oddiydek.
Masalan, darslikning avvalida atamaga sharh berilgan: “Jug‘rofiya degan so‘z yunon lug‘ati arabiyg‘a ta’rif arzi ma’nosig‘a, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmni(ng) otidur. Jug‘rofiya ilmini necha naf’ foyda va bayonlari bo‘ladur”, deya bu fanning siyosiy, tarixiy zaruratini batafsil ko‘rsatib beradi.
“Anga qarab ushbu ilmga tiyishli bayon va fanlar bir necha ism ila ataladur. Chunonchi yerni shakldan osmon ila yer orasidagi xosiyati va osmondagi nimarsalar ila nisbati va harakatidan bayon qilaturgan ilmni “Jug‘rofiyai riyoziy”, yerning xosiyati tufroq, past va balandligi, har xil giyoh va konlari, tog‘, daryo, ko‘l, mizoj va havosidin bahs qilaturgan ilmni “Jug‘rofiyai tabiiy” ataladur. Yer yuzidagi katta hodisalar ila urug‘, hukumatdorlik, xulosa – yer ustig‘a bo‘lgan voqealar to‘g‘risinda har bir nav’ ishni ushbu ilmg‘a bayon qilinub, jug‘rofiya kalimasini oxirig‘a o‘shal ishg‘a taalluq ilm-fanni oti qo‘shiladur. Chunonchi “Jug‘rofiyai tarixiy”, “Jug‘rofiyai siyosiy”, “Jug‘rofiyai umroniy” va boshqalaridek. Xulosa, bu zamong‘a jug‘rofiya ilmi dunyoni va ondagi xaloyiq, hayvonot, umronot va harnaki, dunyog‘a bordur – bildiraturgan keraklik bir “ilmi jahonnamodur”.
E’tibor qaratgan bo‘lsangiz farzandlarga tarix, siyosat haqida ham shu fan vositasida saboq bermoqchi Behbudiy. Xususan, “Turkiston donishmandlari” faslida tarix va unda faol bo‘lgan, dunyoni hayratga solgan bobolar haqida muhim axborotlar mavjud. Muallif yozadi:
“Aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan musulmon ulamo va hukamolari nihoyat ko‘bdur. Inchunin, Turkiston muzofotiga avsub shar’iy va aqliy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan nihoyat mashhur ulamolarni(ng) adadi necha yuzdan o‘tadi. Bu kitobimiz aqliy va fanniy ilmlarg‘a taalluq uchun aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan va nihoyat, mashhur Turkiston ulamo va hukamo, muarrix, musanniflarni munda yozamiz, ki ushbudur. Agarda aqliy va fanniy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan “Turkiston ulamolari”ni hamasini ahvoli va tasnifotini yozmoq lozim bo‘lsa ushbu kitobimizdan ham kattaroq bir kitob tayyorlamoq kerak bo‘ladur”.
O‘zining kimligini unutgan va oyoq osti bo‘lgan avlodga donishmand bobolarini tanitayotib, ularning ko‘pligi bois ba’zilarini aytib o‘tamiz, demoqda Behbudiy.
“Shayx ur-rais Ibn Sino Abu Ali – lug‘at, mantiq, jug‘rofiya, musiqa, axloq, kimyo, abtisoli ahkomi nujum, tabiat, muvofiq al-tabiat, hikmat, tib, rasad, nujum, ilmi nabotot, ilmi tavhidg‘a yuzdan ziyoda kitob tasnif qilgandur, ki musulmon hukamolarini(ng) avvalidur. Aksar kitobi ovrupo tillarig‘a tarjima bo‘lgan. Va farangiylar “Avissen” ataydurlar. Vafoti 428 sanag‘adur.
Abu Nasr Forobiy – zamonidagi barcha tillarni bilar ekan, ki “Qonun” degan asbobi tag‘anniyni ijod qilib ekan. Barcha tasnif qilgan kitobi 70 qadar. Va ilmi tavhid, fiqh, musiqiy, riyoziy, hay’at, mantiq, hikmat ilmlarig‘a tasnifoti bor. Vafoti 339 nchi sanag‘adur.
Xo‘ja Faxriddin – hikmat, tib, falakiyot, hay’atg‘a tasnifoti bor. Vafoti 868 sanag‘a.
Hakim az-Zarif Marviy – hikmat, tib, she’rg‘a.
Badriddin Samarqandiy – tibg‘a.
Najibiddin Samarqandiy – tibg‘a.
Abdurahmon Xorazmiy – hozirgi “nasta’liq” xatini ijod qilgan. Vafoti 9 asr hijriyg‘a.
Abu Yazid Balxiy – tib, hikmat.
Abdulrahmon Marzaviy – hay’at, tib, hikmatg‘a.
Abdurazzoq Hirotiy – ta’rixg‘a. Vafoti 887 sanag‘a.
Abu Ibrohim Ko‘ragoniy – tibg‘a. Vafoti 531 sanag‘a.
Sharif Xorazmiy – tibg‘a.
Ahmad bin Tayyib Sarmisiy – tib, mantiq, jug‘rofiya, ta’rix, hikmat, musiqiy, ilmi tavhid, ilmi jabrg‘a. Vafoti 283 sanag‘a. Barcha tasnifoti 50 qadar.
Abu Ma’shar Balxiy – hay’at, nujumg‘a o‘ndan ziyoda tasnifi bor. Vafoti 276 sanag‘a.
Abu Ja’far Xorazmiy – yunoniy tilig‘a mohir, nujum, ilmi jabr, jug‘rofiya, hikmat, hay’atg‘a tasnifi bor.
Ahmad Farg‘oniy – hay’at, nujumg‘a tasnifoti bor, ki lotin tilig‘a tarjima bo‘lgan. Vafoti 226 sanag‘a.
Muhammad Chag‘miniy Buxoriy – hay’atg‘a mo‘’tabar kitobi bordur.
Ali Qushchi Samarqandiy – hay’at, jug‘rofiya, sarf, hisobg‘a tasnifoti bor. Vafoti 879 sanag‘a.
Shamsiddin Samarqandiy – handasa, riyoziyag‘a tasnifoti bor. Vafoti 600 sanag‘a.
Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragoniy Samarqandiy – hay’at, nujumg‘a go‘yo mujtahid ekan. Samarqandg‘a rasadxona bino qilib, Zij kitobini tasnif qilganki, farang tilig‘a tarjima bo‘lgan. Vafoti 853 sanag‘a.
Muhammad Xo‘jandiy – hay’at, nujum ulamosidan. Va usturlob iste’mol qilingandur.
Abdulloh Farg‘oniy – hay’at, riyoziy ulamosidandur.
Abu Rayhon Xorazmiy – yunon, hind tilig‘a mohir. 40 sana sayohat qilib, ta’rix, jug‘rofiya, nujum, falakiyot, tib, hay’atg‘a 26 jild kitob tasnif qilgan va barchasi farang tilig‘a tarjima bo‘lgan. Vafoti 430 sanag‘a.
Muhammad Farg‘oniy – ta’rixga tasnifi bor.
Abu Sa’id Sam’oniy–o‘ttuz jild ta’rixga tasnifi bor. Vafoti 562 sanag‘a.
Abdurazzoq Samarqandiy – jug‘rofiyag‘a tasnifi bor.
Mir Abdulkarim Buxoriy – ta’rixga tasnifi borki, farangiyga tarjima bo‘lgandur.
Bulardan boshqa aqliy ilmlarg‘a kitob tasnif qilgan bir necha turkistoniy donishmandlarni(ng) ta’rix va tarjimai hol kitoblarig‘a ko‘ruladur. Ushbu mahalg‘a yuqorig‘a bayon bo‘lganlar ila iktifo qilduk”.
Behbudiy musulmon dunyosining, jumladan, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi bobolarimizning salmoqli hissasidan Yevropada bu ilm rivojlanganligini alohida ta’kidlab, bobolardan o‘rnak olishga chaqirdi.
Nomlari sanalgan donishmandlarning aksari Mirzo Ulug‘bek akademiyasi davrigacha yashab o‘tishgan.
Davr beklarining o‘lpon to‘lashdan qochish maqsadidagi fitnalari sabab Mirzo Ulug‘bekning qatl etilishi ilm-fanning tomiriga bolta urgan va saltanat tanazzuli boshlangan. Hukmdorlarning maishatparast va zolimligi, olimlarning mutaassibligi sabab jamiyatning katta qismi savodsiz, g‘arib ahvolga tushganligini, oxir-oqibat buyuk davlat parchalanib, Yevropa mustamlakasiga aylanganini izohlab beradi.
Millat tanazzuli sabablarini tushuntirish kimga yoqmasdi? Albatta, mustamlakachiga! Nega unda masjidda o‘qiladigan juma kungi ma’ruzada bunday bilimlarni berayotgan jadidlar kofir deya e’lon qilinadi? Bu sopini o‘zidan chiqarishga o‘rgangan oqposhsho maxfiy xizmati fitnasi edi.
Patnisdek tekislikda joylashgan Yer katta ho‘kizning bir shoxida turishi, hayvon charchagach Yerni ikkinchi shoxiga o‘tkazayotganda zilzila sodir bo‘lishi kabi tasavvurdagi olomon madaniyatini saqlashga, ya’ni ongsiz qullikni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan “Turkiston viloyatining gazeti” (“TVG”)dagi chiqishlarga qarshi yozilgan maqolalarida ham Behbudiy geografiya fanining zaruratini tushuntirib berishga harakat qiladi. Bu haqda alohida to‘xtalamiz.
Muxtasar xulosa qiladigan bo‘lsak, Mahmudxo‘ja Behbudiy maktablar uchun birinchilardan bo‘lib nafaqat geografiya darsliklarini yaratgan olim va pedagog, balki o‘z davrida bu fan vositasida ozodlik uchun kurashishni maqsad qilgan yangi avlod tarbiyachisi hamdir.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)