Jahon banki vakili O‘zbekistonda internet arzonlashgani haqida ma’lum qildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston mobil internet narxlari arzonligi bo‘yicha BMTning 2 foizlik ko‘rsatkichini bajardi.

Bu BMTning maxsus dasturi bo‘lib, unga ko‘ra internet uchun to‘lov aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan oshmasligi kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari uchun internet-paketlari narxlari (1 MB uchun) 5 barobarga arzonlashgan. Jumladan, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli bu haqida ma’lum qilgan:

“2021 yilda butun dunyo bo‘ylab keng polosali internet iste’molchilar uchun qimmatlashganiga qaramay, O‘zbekiston o‘tgan yilda keng polosali internet narxlari bo‘yicha BMTning 2 foizlik foydalanish ko‘rsatkichini bajargan holda 4 ta yangi ishtirokchi (mamlakat) qatoridan joy olganini mamnuniyat bilan qayd etaman. O‘zbekistonda so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan islohotlar e’tiborga molikdir".