Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari yakuniy bosqichga kirmoqda

Bu haqda Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, AQSh, Xitoy kabi yirik davlatlar bilan kelishuvlarga erishilgan.
Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid bo‘lgan imtiyozlar bekor qilinayotgan bo‘lsa-da, davlat tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli raqobat muhitida ishlashi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlarni yaratishda davom etishi ta’kidlandi.
Bu yil qo‘shni mamlakatlar bilan chegaradan o‘tish bilan bog‘liq bir qator masalalarga yechim topildi.
Xususan, 13 yil yopiq bo‘lgan Andijonning “Xonobod”, “Mingtepa” va “Qorasuv” hamda 8 yil ishlamagan “Uchqo‘rg‘on” chegara postlari tiklandi. Natijada aholi va tadbirkorlar yo‘li 100 kilometrga qisqardi.
Umuman, o‘tgan 11 oyda chegara orqali harakatlangan transport soni 400 mingga oshib, 3 millionga yetdi.
Kelgusi yilda “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshiriladi.