Jahonda ro‘y berayotgan voqealar qisqa satrlarda
🔻 Xalqaro tashkilotlar Isroilni tinch aholi uchun boshpana sifatida foydalanilgan shifoxona va maktablarni nishonga olgani uchun tanqid qildi.
🔻 13 yildan so‘ng O‘zg‘ur O‘zel Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasining yangi raisi etib saylandi.
🔻 Kecha Turkiyaning bir qancha shaharlarida harorat rekordlari yangilandi, mamlakat g‘arbidagi Bursada 32 daraja issiq, jazirama kuchli shamol bilan birga keldi. Bu 1928 yildan beri noyabr oyidagi mutlaq rekord edi.
🔻 Mamlakat poytaxtidagi qamoqxonadan qochgan Gvineya sobiq prezidenti Mussa Dadis Kamara qo‘lga olinib, qamoqxonaga qaytarildi.
🔻 Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi viza rejimi bekor qilindi. Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvda vizasiz rejimning joriy etilishi mamlakatlar o‘rtasida savdoni sezilarli darajada rag‘batlantirishini ta’kidladi. Qozog‘istonliklar davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab Xitoyda 30 kun davomida vizasiz qolishlari mumkin bo‘ladi. Shunga o‘xshash qoidalar Xitoy aholisi uchun ham amal qiladi.
🔻 Rossiyada «Gonkong grippi» holatlari qayd etilgan. "Gonkong grippi" o‘z nomini 1968 yilda Gonkongda boshlangan va kasallik butun dunyo bo‘ylab tarqalgan pandemiya tufayli olgan. O‘shanda undan 4 milliongacha odam halok bo‘lgan.
🔻 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlari unga bosim o‘tkazayotgani va uni Rossiya bilan muzokara boshlashga majbur qilayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi va Rossiya bilan muzokaralar haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.
🔻 Qozog‘istonning deyarli barcha viloyatlarida qizamiq tarqalishi qayd etilgan. Eng ko‘p kasallanganlar Chimkent va Olmaotada. Gepatit A bilan kasallanishning ko‘payishi ham qayd etilgan.