Jahongashta zohidlar: Kimsasiz orollardagi Robinzonlar
Adabiyot va kinematografiyaning eng mashhur janrlari robinzonxonlik hisoblanadi. Biroq dengizchilarning haqiqiy hayotda kimsasiz orollarga tushib qolishiga ishonuvchi o‘quvchilar juda kam. Lekin unday emas.
Marvarid o‘g‘risi
Daniel Defodan keyin hayotdagi chinakam tarixiy voqealarga murojaat qilib, juda ko‘p yozuvchilar robinzonshunoslik mavzusiga qo‘l urdi. Somerset Moemning “Nemis Garri” hikoyasidagi voqealar judayam qiziqarli.
Hikoya asosi bechora bosh qahramon prototipi Genri Elvort hayoti syujetiga qurilgan. Uning sargardonligi 1884 yilda u yaxtada Yangi Gvineya va Avstraliyani ajratib turuvchi Torreso ko‘rfazida marjon qoyalar bilan to‘qnash kelganidan boshlanadi. Elvort kimsasiz orolga chiqib oladi va ungacha sal oldin kema halokatiga uchragan o‘zining eski tanishi Lui Grekni ko‘rib hayratda qoladi.
Shuni aytish kerakki, yosh kishilar unchalik qayg‘urgani yo‘q. Vaqtlarini baliq tutish, ovchilik va marvarid terish bilan o‘tkazadilar. Hatto ularga bunday hayot yoqib qoladi. Ularga zohidona hayotlarining to‘qqizinchi yilida taqdir taqozosi bilan Jozef de Paolo degan kimsaning kelib qo‘shilishi yashash maromini buzadi. Baxtsizlik bo‘yicha bu betayin hamkasb o‘ziga boshpana bergan zohidlarning yiqqan marvaridlarini o‘g‘irlab oroldan qochadi va yondan o‘tayotgan mustamlakachilar kemasiga o‘tib ketadi. Ko‘p o‘tmay uning ketidan Lui Grek ham shunday qiladi. Faqat Elvort Genri o‘z prinsiplariga sodiq qoladi va ixtiyoriy ravishda kimsasiz orolda yashashda davom etadi. Uning zohidona hayoti xuddi adabiyotdagi Robinzon Kruzoniki singari 28 yil davom etadi.
Kimsasiz oroldagi Gusar
Kimsasiz orollarga tushib qolgan odamlar bilan bo‘lgan voqealarda ko‘pincha Janubiy dengiz tasvirlanadi. Ayniqsa, rossiyalik Sergey Petrovich Lisitsinning sovuq Oxota dengizi qirg‘og‘iga tushib qolishi azob-uqubatlarga duchor qiladi.
O‘spirinligida S.Lisitsin Gusar polki leyb-gvardiyasida xizmat qilgan, janjalli duelda jazavasi qo‘zib, harbiy xizmatni tark etadi va 1847 yilda fuqarolik amaldorligiga tayinlanadi. Yangi xizmat joyiga Oxota dengizi sohili bo‘ylab borilishi kerak edi. Kemada Lisitsin mast bo‘lib, kapitan bilan tortishib qoladi va u Sergey Petrovichni qirg‘oqda tushirib ketadi. Joy kimsasiz bo‘lgani uchun rahmdil yo‘lovchilar uning chemodani bilan buyumlari, ikkita to‘pponcha, gugurt, qog‘oz, siyohdon va ruchka, ozroq yegulik qoldiradi. Eng hayratlisi, bolalikdan xizmatkorlarga ko‘nikkan yosh yigit o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi, zohidlik hayotini tez o‘zlashtirib oladi. Oddiygini kulba qurib, qo‘lbola stol-stul bilan jihozlaydi. Kamon va o‘q-yoy yasab oladi. To‘pponcha va o‘qlarni qorli qahraton qishga asrab qo‘yadi. Bir necha bor bo‘rilardan himoyalanishiga, ularni otib o‘ldirishga to‘g‘ri keladi. Aql bovar qilmaydi, vaqt o‘tishi bilan u o‘z Jumavoyiga ega bo‘ladi. U kema halokatiga uchragan Vasiliy degan kimsa edi. Teshilib ichiga suv kirgan kemani to‘lqin qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi. Undagi qo‘y, sigir va ho‘kizlar “robinzonlar” joniga aro kiradi. Zohid sifatida Sergey va Vasiliy yetti oy shu tarzda yashashadi. Ularni Rossiya imperiyasi harbiy kemasi qutqarib oladi.
Biroq voqea shu bilan tugamaydi. Oxota dengizi sohilida yashaganida Lisitsin oltin va mis rudasi qatlamini aniqlaydi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, u o‘sha yashagan joyiga qaytib boradi va juda boyib ketadi.
Ko‘ngilli Robinzon
Jahondagi eng g‘ayrioddiy robinzonlar ichida Yangi Zelandiya fuqarosi Tom Nilni tan olish kerak. Bu odam zamonaviy sivilizatsiyadan ko‘ngli qolib, “tarki dunyo”chilikni tanlab, 1957 yilda Kuka oroli yaqinida joylashgan kimsasiz orolda yashashga otlandi. Lekin ko‘ngilli robinzon o‘zining zohidligiga puxta hozirlik ko‘rishni unutmadi. O‘zi bilan katta zaxirada gugurt, yoqilg‘i, kiyim-kechak, qurilish ashyolarini oldi. Orolda Tom Nil o‘ziga kulba qurib oldi, tomorqa qilib, tovuq, cho‘chqa boqishni yo‘lga qo‘ydi. Umuman, yashashi uchun yetarli sharoit yaratdi. Kimsasiz orolda uni uch yildan keyin -1960 yilda bezovta qilishdi. Zohidni amerika harbiylari vertolyotdan ko‘rib qolishdi. Vertolyot qo‘nib unga Katta Yerga qaytishni taklif qilishdi. Ammo Tom Nil rad etdi. U hatto taklif etilgan gazeta-jurnallarni ham olmadi va sivilizatsiyadagi hayot uni qiziqtirmasligini aytdi.
Shunga qaramasdan, 1966 yilda ko‘ngilli robinzon kutilmaganda uyga qaytdi. U “O‘zim uchun orol” kitobini nashr qilishni maqsad qilgandi. Bu ezgu ishni bajarib, Tom Nil yana o‘z oroliga qaytdi. Tom Nil faqatgina 1977 yilda tomorqasi, mollariga qarashga kuchi qolmaganida Katta Yerga doimiy qolish uchun qaytishga rozi bo‘ldi.
... Shu yil 30 iyulda uch baliqchi Avstraliya qirg‘oqlaridagi dengizga chiqishdi. Ular Pulap atollida baliq tutishni mo‘ljallashgandi. Biroq mo‘ljaldan adashishdi, yonilg‘ini oxirigacha tugatib, kimsasiz orolga tushishga majbur bo‘lishdi va bir necha kun qolib ketishdi. Baliqchilar qumloqqa katta qilib SOS deb yozishdi, uni uchuvchilar ko‘rib, robinzonlarni qutqardi.
“Mir novostey” (2020 y, 34-son).
Tog‘aymurod ShOMURODOV tayyorladi.