Jahonning eng boy 500 odamidan ikki nafari o‘zbek, ikkalasi ham Rossiyada yashaydi

Bloomberg 2 aprel kuni jahondagi 500 nafar milliarder reytingini e’lon qildi. Boyligi 4 milliard dollarga yaqin va undan ko‘p bo‘lgan milliarderlar kiritilgan mazkur reytingdan kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan ikki kishiga ham o‘rin berildi.

Namanganda tug‘ilib, ayni paytda Rossiyada faoliyat yuritayotgan Alisher Usmonov 70-o‘rinni egalladi. Uning boyligi 16 milliard 300 million dollarni tashkil qilgan. Reytingda aytilishicha, uning boyligi bir yilda 2 milliard dollarga ko‘paygan.

O‘tgan oydagi reytingda Usmonov 15,5 milliard dollar boylik bilan 68-o‘rinni egallagan edi.

1963 yilda Buxoroda tug‘ilib, bugungi kunda Ural tog‘-metallurgiya shirkatiga rahbarlik qilayotgan Iskandar Mahmudov 4 milliard 840 million dollar bilan reytingdagi 385-o‘rinda qayd etildi.

2018 yilda Bloomberg Iskandar Mahmudov 2 milliard 400 million dollar pul yo‘qotib, Rossiyada kambag‘allashgan 14 milliarder orasida 2-o‘rinni egallagani haqida yozgandi.

Joriy yilda reytingning birinchi pog‘onasini boyligi 150 milliard dollarga baholangan Amazon shirkati asoschisi Jef Bezos egalladi. Uning boyligi bir yilda 24 milliard dollarga ko‘paygan.

Ikkinchi o‘rinda Microsoft asoschisi Bill Geyts bormoqda. Uning boyligi 101 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Uchinchi o‘rinni esa Louis Vuitton Moet Hennessy shirkatlar guruhi rahbari, fransiyalik Bernar Arno 89 milliard dollar bilan egalladi.