Jahonning eng omadli odamining omadsizligi nimada?

Xorvatiyalik Frane Selak dunyoning eng omadli odami sifatida tarixdan joy olgan. 1929 yilda tug‘ilgan musiqa o‘qituvchisi maktabda bolalar xoriga rahbarlik qilgan. Ammo u naqd 7 marta o‘limdan omon qolib, bir marta yutuqli lotereyadan yirik miqdorda mablag‘ yutib olgan.

Uning ilk omadi 1962 yilda keldi. Xorvatiyaning Sarayevo shahridan Dubrovnik qo‘rg‘oni tomon yo‘lga chiqqan poyezd temir yo‘ldan chiqib muzlagan daryoga qulaydi. F.Selak bilan bitta vagonda ketayotgan 17 kishi esa suvga cho‘kib ketadi. Ammo Frane qo‘li singan holda bo‘lsa-da, qirg‘oqqa suzib chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

1963 yilda esa u Zagreb shahridan Riyeka shahriga tomoni «DC-8» samolyotida yo‘l oladi. 8 kilometr balandda germetizatsiya oqibatida samolyotning eshigi to‘satdan ochilib, barcha yo‘lovchilar pastga qulaydi, 19 kishi halok bo‘ladi, ammo, Frane osmondan to‘g‘ri pichan g‘arami ustiga tushib tirik qoladi.

1966 yilda yana mo‘’jiza ro‘y beradi. Selak o‘tirgan avtobus Split shahri yaqinida yo‘ldan chiqib ketib daryoga qulaydi. To‘rt kishi halok bo‘ladi, u esa yana soppa-sog‘ holatda qirqoqqa suzib chiqadi.   

1970 yilda esa omadli xorvat bilan navbatdagi halokat yuz beradi. Bu safar uning mashinasi harakatlanayotgan vaqtda to‘satdan yonib ketadi. Ammo Selak mashinaning yoqilg‘i baki yonishidan oldinroq pastga sakrab omon qoladi. 

1973 yilda Selak buzuq yoqilg‘i nasosi tufayli tiriklay yonib ketishiga sal qoladi...

1995 yilda Zagreb shahri ko‘chalarida uni avtobus urib ketadi. F.Selak bu safar ham omon qoladi.

1996 yilda Frane o‘z mashinasida tog‘ yo‘llaridan ketayotganida navbatdagi xavfli burilishda BMT qurolli kuchlarining yuk avtomobiliga duch keladi. U o‘z «Shkoda»sini chetga burib, avtohalokatdan qochmoqchi bo‘ladi. Biroq, mashina to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l chetidagi to‘siqni buzib o‘tib, 90 metrlik jarlikka tushib ketadi. So‘nggi soniyalarda xorvat mashinadan sakrab qoladi, biroq muvozanatini ushlolmay pastga qulaydi. U jarlikdan o‘sib chiqqan daraxt shoxlariga osilganicha tubsizlikka qulab portlab ketgan mashinasini tomosha qiladi...

Nihoyat, so‘nggi omadi 2003 yilning iyun oyida keldi: 74 yoshli Frane Selak lotereya o‘ynab, 600 ming funt-sterling pul yutib oladi va uni do‘stlari, qarindosh-urug‘lari o‘rtasida taqsimlab beradi.

Hamma uni omadli odam deb atasa-da, u oila qurishda omadsizlikka uchragan. Chunki u besh marta uylanib ajrashgan.

Dilmurod To‘xtayev tarjimasi.