Jahonning o‘ta xavfli bo‘lgan 8 hududi

Yer yuzida joylashgan ayrim hududlar borki, ular insonlar uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Bunga sabab o‘sha hududda davom etayotgan urushlar, kasallik yoki tabiat hodisalaridir. Quyida xavfli bo‘lgan sakkiz hudud haqida hikoya qilamiz.

1. Danakil sahrosi (Efiopiya).



Bu sahro o‘zga sayyoraga o‘xshashligi, shuningdek, g‘aroyib tabiati bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Cho‘lda har qadamda uchraydigan harakatdagi vulqonlar hamda ko‘ldagi oltingugurt moddasi tufayli harorat 50 darajaga ko‘tarilib, zaharli gazlar hayot uchun xavf tug‘diradi. Kamiga bu yerda hukmronlik qiluvchi yovvoyi qabila vakillari ham talonchilik maqsadida sayyohlarni o‘g‘irlashi mumkin.

2. San-Pedro-Sula shahri (Gonduras).



Jahondagi eng xavfli aholi maskani sanalgan shaharchadagi yashirin qurol-yarog‘ va giyohvand moddalar savdosi, shuningdek, butun boshli ko‘chalarni egallab olgan jinoiy to‘dalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar oqibatida yiliga har 100 ming kishiga 170 nafar kishi qotillik qurboniga aylanadi. Shaharning eng xavfsiz hududi hukumat tomonidan nazorat qilinadigan markaziy tuman bo‘lib, bu yerda boshqaruv idoralari joylashgan. Rio Blanko tumanida esa politsiya va jinoiy to‘dalar o‘rtasida otishmalar deyarli har kuni sodir bo‘ladi.

3. Natron ko‘li (Tanzaniya).



Bu ko‘lning alvon rang tabiati sayyohlarni hayratga soladi. Ammo uning bu ko‘rinishi aldamchidir, chunki ko‘l suvi tarkibida tuz miqdori juda yuqoriligidan nafaqat ko‘lda yashovchi, balki unga tushgan har qanday jonzot ko‘p o‘tmay o‘ladi va mo‘miyoga aylanadi. Natronda cho‘milish taqiqlangan, unga amal qilmaganlar kuchli kuyish jarohati olishi mumkin.

4. O‘lim uchburchagi (Iroq).



Iroqdagi urush paytida Bag‘dod janubidagi tumanlardan biri «o‘lim uchburchagi» deb atala boshladi. Aholisining ko‘p qismini sunniylar tashkil etadigan mazkur hududda hukmron shialarga qarshi norozilik namoyishlari, o‘zaro janjallar tez-tez sodir bo‘ladi.
Ayni paytda bu tumanda turli jangarilar to‘dalari ham izg‘ib yuradi. Ular nafaqat davlat xizmatchilariga, balki oddiy aholiga ham hujum qilib, ularni o‘g‘irlab ketishadi.

5. Somali.



Hozirgi kunda Afrikadagi ayrim davlatlarga sayohat qilish juda xavfli. Ayniqsa, Somaliga borish o‘limga tik borish bilan barobar. Ayni paytda mamlakatning katta qismida doimiy urushlar davom etmoqda. Poytaxt Mogadisho shahri qonxo‘r jinoyatchi to‘dalar tomonidan bo‘lib olingan.
Ayniqsa, mamlakat qirg‘oqlari yonidan o‘tayotgan yuzlab davlatlarning kemalarini talon-toroj qilayotgan somalilik qaroqchilar haqida aslo unutib bo‘lmaydi. Ularni nafaqat Somali qirg‘oqlari yaqinida, balki bu yerga yaqin dengizlarda ham uchratish mumkin.

6. Chiuaua (Meksika).



Chiuaua — Meksika shimolidagi eng chekka shtat hisoblanadi. Bu hudud qotillik sodir etilishi bo‘yicha jahonda yetakchilik qilmoqda. Yiliga har 100 ming kishiga 130 nafar kishi o‘lim topayotgan shtatda giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchi to‘dalar orasida muntazam to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi. Jinoiy to‘dalar orasidagi o‘zaro munosabatlarni hatto politsiya aralashuvi bilan ham to‘xtatib bo‘lmaydi.

7. O‘lim yo‘li (Boliviya).



G‘arbiy Yungas viloyatining baland tog‘lar orasidan o‘tgan ushbu yo‘li jahondagi eng xavfli yo‘l deb tan olingan. U tik jarlik yoqasida joylashgan bo‘lib, eng keng qismi 3,2 metrni tashkil etadi. Yirikroq transport vositalari ensiz yo‘ldan o‘tayotganda hatto bir tomoni tubsiz jarlikka osilib ham qoladi. Koroyko shahrining La-Pas bilan bog‘lovchi 70 kilometrli yagona tog‘ yo‘lining ensizligidan avtomashinalarning orqaga qayrilib olishi yoki ro‘paradan kelayotgan mashinalarga yo‘l berishining imkoniyati yo‘q. Shuningdek, tog‘larni doimo tuman qoplashi natijasida ko‘rish qiyinlashadi. Kamiga tosh ko‘chkilari tushib yo‘lni yopib qo‘yadi. Har yili 25-30 mashina jarlikka qulashi oqibatida 150 nafarga yaqin odam halok bo‘ladi.

8. Ilonli orol (Braziliya).



Bir qarashdan jannat joydek ko‘ringan Keymada-Grandi oroli dunyodagi eng xavfli hududdan biridir. Bu yerda minglab zaharli ilonlar hukmronlik qiladi. Jumladan, bu yerda jahondagi eng zaharli ilon - botrops yashaydi. Uning chaqishi insonda nekroz holatini keltirib chiqarib, tananing chirishiga olib keladi. 1985 yilda Braziliya hukumati orolni quriqxona deb e’lon qilgan. Unga borish barcha uchun taqiqlangan.

Dilmurod To‘xtayev tayyorladi.