Jaloliddin Manguberdining jiyani Sulton Sayfiddin Qutuz haqida eshitganmisiz?
Sayfiddin Qutuzning onasi Jaloliddi Manguberdining opasi bo‘lgan. Qutuz Xorazmshohlar avlodidan edi. U mo‘g‘ullar tomonidan yo‘q qilingan Xorazmshohlar davlatining shahzodasi bo‘lgan. Jaloliddinning mo‘g‘ullarga qarshi kurashini, ular qo‘lida asir tushishini istamasdan, o‘z yaqinlarini cho‘ktirishga majbur bo‘lgan tog‘asining ohu-faryodiga guvohi bo‘lgan. Suvga g‘arq bo‘layotgan yaqinlarining faryodi Qutuzning bir umr yodida muhrlanib qolgan. U mo‘g‘ullardan o‘ch olishga qasam ichgan, so‘nggi Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi bilan birgalikda yurt kezgan va mo‘g‘ullarga qarshi ko‘plab janglarda ishtirok etgan...
Biroq tog‘asining fojiali o‘limidan so‘ng Qutuz Damashqning qul bozorida sotib yuborildi. Damashqda u mamluklar qo‘shiniga xizmat qilish uchun Misr sultoni As-Solih II xizmatiga misrlik qul savdogari tomonidan sotib olindi.
Qutuz mamluklar maktabida ta’lim oldi va harbiy san’at sirlarini o‘rgandi. Sobiq qul mamluklar qo‘shinida katta amir darajasiga yetdi. Taxtga sulton Oybek kelganidan so‘ng Qutuz Misr sultoni noibi lavozimiga ko‘tarildi.
Misr sultoni Oybekning vafotidan so‘ng taxtga uning 15 yoshli o‘g‘li Al-Mansur Ali o‘tirdi. Biroq hukumat Al-Mansur Alining vasiysi bo‘lgan Qutuzning qo‘lida edi. Xorazmshohlar avlodi bo‘lgan Qutuz, Misr qo‘shini bosh sarkardasi lavozimini egalladi.
Kunlarning birida Qutuzning huzuriga chopar keldi va sarkardaga xat tutqazdi. Sarkarda xatni o‘qib tugatmasidan sarkardaning ko‘zlari namlandi. Sababi Qutuzga 1258 yilning fevral oyida mo‘g‘ul xoni Xulaguning qo‘shini islom olami markazi Bog‘dodni zabt etganligi. Mo‘g‘ullar Bog‘dod xalqini qirib, shaharni vayron qilgani va Abbosiylar hukmdori va musulmonlar halifi Al-Mustasim Billah oilasi bilan qatl ettirilgani haqida xabar kelgandi.
Qohira bo‘ylab mo‘g‘ullarning vahshiyliklari haqida turli xabarlar tarqala boshladi. Xaloyiqning Shom shaharlari mo‘g‘ullarga taslim bo‘lganiga ishongisi kelmasdi. Misrliklar mo‘g‘ul qo‘shini haqidagi gap-so‘zlarni eshitib, vahimaga tusha boshlashdi. Mo‘g‘ullar qirg‘inidan Misrga qochib kelgan shomliklar bo‘lgan voqealarni shunchalik dahshatli ta’riflar ediki, oqibatda qohiraliklar mo‘g‘ullar Misrga kelishi bilan ularga qarshiliklarsiz taslim bo‘lishga tayyor ahvolga tushib qolishdi.
Qutuz chuqur o‘yga toldi. U mo‘g‘ullarning nimalarga qodir ekanligini va ularni yengish mumkinligini ham juda yaxshi bilardi. Chunki tog‘asi Jaloliddin mo‘g‘ullarni bir necha marotaba mag‘lub eta olgan edi. O‘shanda musulmonlar o‘rtasida yuzaga kelgan ichki nizo tufayli tog‘asi kam sonli qo‘shin bilan, qudratli mo‘g‘ul qo‘shiniga qarshi yolg‘izlanib qolgandi...
Hozirchi, ayni vaqtda vaziyat qanday? Misr sultoni hali hech narsaga qodir bo‘lmagan, endigina 15 yoshga to‘lgan bola - Al-Mansur Ali mo‘g‘ullarga qarshi chiqolmasdi va islom olamining so‘nggi kuchli davlati bo‘lgan Misr ham mo‘g‘ullar tomonidan zabt etilishi arafasida turardi. Uzoq mulohaza yuritib, Qutuz yosh sulton Al-Mansur Alini taxtdan olib, o‘rniga o‘zi sulton bo‘lishga qaror qildi. Qutuzga bu qarorga kelish oson bo‘lmadi. U faqat shu yo‘l bilan Misrni va butun islom olamini saqlab qolish mumkinligini yaxshi bilardi.
Qutuzning taxtga o‘tirishi uchun Misr amirlarining roziligi kerak edi. Biroq amirlarning ko‘pchiligi bunga rozi bo‘lmasdi. Shu sababli 1259 yil 12 noyabrda amirlar Qohiradan tashqariga ovga ketganlarida Qutuz yosh sultonni taxtdan yiqitdi. Yosh amir, uning onasi va ukasi saroylardan biriga joylashtirildi. Ularni siyosatdan butunlay chetlashtirib, Qutuz o‘zini sulton, deb e’lon qildi. Qutuz tarafdori bo‘lgan amirlar zudlik bilan yangi sultonga qasamyod qildilar. Biroq ovdan qaytib kelgan amirlar Qutuzning bu qilmishiga qarshi bo‘lishdi. Amirlar tomonidan bildirilgan qarshiliklarga javoban yangi sulton mo‘g‘ullar yengilganidan so‘ng taxtdan voz kechishga va’da berdi va o‘zini Xorazmshohlar avlodidan bo‘lgani, shu sababli sulton bo‘lishga loyiq ekanligini, buyuk Xorazm uchun mo‘g‘ullardan albatta, qasd olajagini ta’kidladi. Qutuzning otashin so‘zlarini eshitgan, g‘azablangan amirlar tinchlandilar va uni sulton, deb tan oldilar.
Bu orada mo‘g‘ul qo‘shini Shom shaharlarini vayron qilishda davom etardi. Damashq, Bog‘dod, Aleppo birin-ketin mo‘g‘ul qo‘shiniga taslim bo‘ldi. Mo‘g‘ullarga hech kim munosib qarshilik ko‘rsata olmasdi, barchani qo‘rqinch va vahima egallab olgandi.
Navbat Misrga ham yetib keldi. Qutuz mo‘g‘ullar xoni Xulagudan tahdidli xat oldi. Unda shunday yozilgan edi: “Sizlar, sizlardan ilgari bizlarga qarshi chiqqan mamlakatlarning boshiga ne kunlar tushgani haqida fikrlanglar. Biz qanday qilib o‘lkan saltanatni barpo etganimiz va yer yuzini tartibsizliklardan qay tarzda tozalashimiz haqida bilasizlar. Biz o‘lkan hududlarni bosib oldik va ko‘plab insonlarni o‘ldirdik. Sizlar bizning dahshatimizdan qochib qutula olmaysizlar... Bizning otlarimiz tezkor, bizning kamonlarimiz uchqir, bizning qilichlarimiz yashin urishi kabidir. Bizning yuraklarimiz qo‘rqmas, bizning askarlarimiz qum kabi ko‘p. Qal’alar bizni to‘xtata olmaydi, qo‘l bilan bizlarni yengishning iloji yo‘q. Xudoingizga qilgan iltijolaringiz sizlarni qutqara olmaydi. Bizni ko‘z yoshlaringiz va ohu nolalaringiz ham to‘xtata olmaydi. Faqatgina bizdan himoya so‘raganlar va bizga tobe bo‘lganlargina omon qoladilar. Urush olovi shahringizni kul etmasidan javobingizni tezlashtiring”.
Qutuz javobni uzoq kuttirmadi. U mo‘g‘ul elchilarining boshlarini tanasidan judo qildirib, Qohira va Bab Zuveyla shaharlari darvozalariga osib qo‘ydirdi.
Xorazm, Bog‘dod va Suriya qulaganidan so‘ng Misr islom olamining Yaqin Sharqdagi yagona umidi edi. Shu tariqa islom va hatto g‘arbdagi nasroniylarning kelajagi ushbu urush natijasiga bog‘liq edi.
Misr qo‘shinining soni qancha bo‘lganligi aniq emas. R.Irvinning fikriga ko‘ra, Qutuz qo‘shini 100 ming askar atrofida bo‘lgan. Biroq Qutuz askarlarining asosiy qismini tajribasiz ajnad jangchilari va turkman kavaleriyasi tashkil etardi. Shuningdek, Misr sultoni qo‘shini safiga, mo‘g‘ullar ta’qibidan Suriyaga so‘ng Misrga qochib kelgan shaxrazur-kurdlar va ayyubiylar sultoni Al-Mansur kelib qo‘shildi. Arab manbaalarida ta’kidlanishicha, jangda Misr qo‘shini poroxli zambaraklardan ham foydalangan.
1260 yilning 3 sentyabr kunida ikki qo‘shin Ayn-Jalut kengligida to‘qnashdi. Mamluklar (misrliklar) jang bo‘layotgan hududni yaxshi bilishardi. Qutuz bu ustunlikdan foydalanishga qaror qildi va qo‘shinning katta qismini toqqa yashirdi. U mo‘g‘ullarni tog‘ hududiga olib borib, pistirmadan hujum qilishni rejalashtirdi. Mo‘g‘ullarni pistirma tomon Beybars boshchiligidagi oz sonli qo‘shin olib borishi zarur edi.
Mo‘g‘ullar qo‘shini va xorazmshohlarning so‘nggi vakili Qutuz boshchiligidagi qo‘shin o‘rtasida ayovsiz jang boshlandi. Beybars o‘ylangan rejani amalga oshirish uchun mo‘g‘ul qo‘shinini hujumga o‘tishga va o‘zini ta’qib qilishlariga quyib berishi kerak edi. Mo‘g‘ul qo‘shini navbatdagi shiddatli hujum uyushtirgan vaqtda Beybars va uning odamlari vaziyatdan mohirona foydalanib, “chekina” boshladi. Shijoatli mo‘g‘ullarning bosh sarkardasi Kitbug‘a o‘z askarlari bilan Beybarsni u xohlagan joyga ta’qib etib, quvib ketdi. Kitbug‘a ulkan xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Mo‘g‘ullar Beybars va uning odamlarini ta’qib etib, tog‘ yoniga yetib kelganida kamon o‘qlari yomg‘iri ostida qolib ketdi. So‘ng mo‘g‘ul qo‘shinini Qutuz askarlari o‘rab oldi.
Mo‘g‘ullar va mamluklar o‘rtasida shiddatli kurash boshlandi. Kitbug‘a askarlari qurshovdan yorib chiqishga harakat qilardi va ular buning deyarli uddasidan chiqdilar ham. Biroq Qutuz tomonidan uyushtirilgan so‘nggi hujum mo‘g‘ullarning mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi.
Mo‘g‘ullarning eng qudratli sarkardasi Kitbug‘a ushbu jangda halok bo‘ldi. Ayrim manbalarda uni dastlab asir olinganligi, so‘ng qatl ettirilganligi haqida ma’lumotlar mavjud.
Kitbug‘aning halok bo‘lishi mo‘g‘ullar o‘rtasida og‘ir tushkunlikni vujudga keltirdi. Bo‘lib o‘tgan jang Qutuz jangchilariga ruhiy ustunlik hadya etdi. Mo‘g‘ul qo‘shinining yengilmasligi haqidagi afsona va rivoyatlarga barham berildi. Qutuz butun insoniyatga, mo‘g‘ullar ham oddiy odam ekanligini va ular ham yengilishini isbotlab berdi.
Qutuz asta-sekinlik bilan mo‘g‘ullarni Shom shaharlaridan chekinishga majbur qildi. Suriya Qutuz nazoratiga o‘tdi. Misr sultoni birin-ketin Shom shaharlarida tinchlik va farovonlik o‘rnatdi.
Xorazmshohlarning so‘nggi vakili, asli xorazmlik bo‘lgan shoh avlodi, Misr sultoni Qutuz, “Mo‘g‘ullar g‘olibi” nomi bilan tarix zarvaraqlaridan mustahkam o‘rin egalladi.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.