Jamoalar Registonda kuylamoqda

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari 27 avgust kuni tanlov dasturi bo‘yicha chiqishlarini boshladi.

Peruning “Luz Katarine” jamoasi bu galgi festival tanlovida birinchi musiqiy dasturni namoyish etgan jamoa sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.

– Bundan yigirma yil oldin kitobda Samarqand haqida o‘qib, bu shaharga maftun bo‘lib qolganman, – deydi Luz Katarine xonim. – Shundan buyon Samarqandga kelishni orzu qilardim. Mana “Sharq taronalari” festivali tufayli dunyoning eng qadimiy va go‘zal shahriga kelganimizdan juda xursandmiz. Tanlovda ham birinchi bo‘lib chiqishimiz bizga o‘zgacha quvonch bag‘ishlashi bilan birga katta mas’uliyat ham yukladi. Bu go‘zal maydonda qo‘shiq kuylashning gashti boshqacha ekan. Peru xalqining to‘rtta milliy, xalq qo‘shiqlarini tayyorlab kelgan edik. Tomoshabinlar katta qiziqish bilan tinglab, olqishlab turgani bizga dalda bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Koreyaning “Eulssu” folklor san’ati jamoasi, Bangladeshning “Shilpakala akademi”, Afg‘onistonning “Haft goh” guruhi festivalga tayyorlab kelgan dasturlarini taqdim etdi.

Shuningdek, tanlovning dastlabki kunida Mo‘g‘uliston, Portugaliya, Singapur, Turkmaniston, Ozarbayjon va O‘zbekiston vakillari,  Gollandiya, Iroq, Turkiya davlatlarining xalqaro “Mundis trio” jamoalari o‘z musiqiy dasturlarini tomoshabinlar va hakamlar e’tiboriga havola qildi.

Festivalning boshqa ishtirokchilari esa Samarqand shahri va Toyloq tumanidagi madaniyat va istrohat bog‘larida o‘z konsert dasturlarini namoyish etdi.