Jamoat ishidagilar qancha haq oladi?

Keyingi vaqtda haq to‘lanadigan jamoat ishlari haqida ko‘p gapirilyapti. Mahallalarni obodonlashtirish deysizmi, xizmat ko‘rsatishmi – turli sohalarda jamoatchilarni ko‘rish mumkin. Ammo bu qanday mehnat turi? So‘rovlarimiz davomida kimdir uni o‘zini o‘zi band qilish bilan adashtirgan bo‘lsa, ba’zilar sud hukmi asosidagi majburiy mehnat dedi. Aslida-chi?

Qonunchiligimizga ko‘ra, haq to‘lanadigan jamoat ishlari deganda hammabop, odatda, belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar uchun ularning maxsus, dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan mehnat faoliyatining vaqtincha turlari tushuniladi. Ular buyurtmachilarning so‘roviga ko‘ra 2 haftadan 6 oygacha ishga yollanishi mumkin.

— Jamoat ishlariga hududiy kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalariga muro­jaat qilgan, biroq mehnat bozorida talab bo‘lgan birorta malakasi yo‘q fuqarolar jalb qilinadi, - deydi Jamoat ishlari jamg‘armasining viloyatdagi vakili Akmal Murtazoyev. – Misol uchun, joriy yilning birinchi choragida hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanoat tarmoqlarida va xizmat ko‘rsatishda, shuningdek mahalla raisining yordamchisi vazifalariga so‘rovlar ko‘p bo‘ldi. Ko‘pchilik bunday ishlarga jalb qilinganlarni volontyorlar bilan adashtiradi. Aytish joizki, jamoat ishlariga jalb qilin­ganlar ishining murakkabligiga qarab haq oladi. Bugungi kunda eng kam miqdori 1 million 161 ming 300 so‘mni tashkil etmoqda. Bu mablag‘ agar buyurtmachi budjet tashkiloti yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lsa, 100 foiz miqdorda, agar u boshqa tashkilot, jumladan, tadbirkorlik sub’yekti, nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lsa, 50 foiz miqdorda jamg‘arma hisobidan to‘lab beriladi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilda viloyatimizda 8442 nafar fuqaro, shundan 4365 nafari og‘ir sharoitda yashayotgan xotin-qiz va 1637 nafar yoshlar jamoat ishlariga jalb qilinib, ularga 9658,7 million so‘m ish haqi to‘langan. Joriy yilning birinchi choragida esa 1030 nafar fuqaro ishga jalb qilinib, ularning ish haqiga 692,4 million so‘m ajratilgan.

Joriy yilning 20 yanvaridan respublika shtabining “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish ishlarini tizimli tashkil etish va amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi yig‘ilish bayoniga asosan viloyatimizdan tanlab olingan 4 ta mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashti­rish ishlarini amalga oshirishga 166 nafar jamoatchi ishchi jalb qilingan. Jumladan, Toyloq tumanidagi Tepaqishloq mahallasiga 34 nafar, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Melixo‘ja mahallasiga 52 nafar, Ishtixon tumanidagi Qiyot mahallasi hamda Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent mahallalariga 40 nafardan fuqaro jalb qilinib, ularga 393,2 million so‘m ish haqi to‘lab berilgan. E’tiborlisi, bu jamoatchilar O‘zbekistondagi eng kam oylik ish haqining 2 barobaridan kam haq olgani yo‘q.

— Jamoat ishlari vaqtinchalik yechim ekanligini tushunishimiz kerak, - deydi A.Murtazoyev. – Bu fuqaroga ularning kasbi yoki hunariga mos bo‘sh ish o‘rni topilguncha daromad qilish imkoniyatini beradi. Agar mos ish o‘rni topilmasa, ular bandlik idorasi­ning yo‘llanmasi asosida yangi kasbga o‘qitiladi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, jamoat ishlari va mavsumiy ishlarga jalb qilingan fuqarolar huquqlari ham barcha mehnat munosabatlari ishtirokchilariniki singari teng tamoyillar asosida himoya qilinadi. Ularga jamg‘arma tomonidan haq to‘lanishi uchun ish beruvchi bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi shart. Bu esa o‘z-o‘zidan noqonuniy mehnat faoliyatining oldini olishga xizmat qiladi.

Asqar BAROTOV.