Jamoatchilik nazorati: Dasturda bor, amalda qachon bo‘ladi?

Maktablarda o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirishga jiddiy qaralmayapti

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi hamda viloyat hokimining 2023 yil 13 martdagi qarorlari bilan hududiy dastur tasdiqlangan. Dasturning 1-bandida yangi maktablarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish hamda zarur shart-sharoitni yaratish bilan bog‘liq vazifalar belgilangan.

Unga ko‘ra, joriy yilda 90 ta maktabni rekonstruksiya qilish va 4 ta maktabni yangidan barpo etish orqali 24,7 ming nafar o‘quvchi o‘rnini yaratish belgilangan.

«Yuksalish» harakati viloyat bo‘linmasi tomonidan Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat jamoatchilik guruhi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mazkur vazifa ijrosi o‘rganildi.

Monitoring davomida 1 ta yangi quriladigan, 59 ta rekonstruksiya qilinadigan ob’yektlarga shaharsozlik ekspertiza xulosasi olingani ma’lum bo‘ldi. Kompleks ekspertiza markazi xulosasiga ko‘ra, ob’yektlar soni yana kamayganligini ko‘rish mumkin. Xususan, yangi quriladigan maktablar 1 ta, rekonstruksiya qilish uchun kiritilgan ob’yektlardan 21 tasi kompleks ekspertiza markazi xulosasiga kiritilgan.

Hududiy dasturda belgilangan ushbu vazifa yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan.

Misol uchun, Prezidentning 2023 yil 25 dekabrdagi (PQ-404) qaroriga asosan, Ishtixon tumanidagi o‘quvchi sig‘imi 1,8 koeffitsiyentdan oshgan maktablar sig‘imini oshirish va o‘quvchilarning ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida bir nechta sinf qurish va qayta rekonstruksiya qilish belgilangan.

Ammo davlat rahbari imzolagan hujjatda belgilangan ushbu ta’lim tashkilotida, shuningdek, Oqdaryo tumanidagi 9-maktab, Toyloq tumanidagi 34-maktab, Urgut tumanidagi 65-, 120-, 145-maktab, Bulung‘ur tumanidagi 59-maktab, Samarqand tumanidagi 6-maktabda rekonstruksiya ishlari boshlanmagan.

Savollar tug‘iladi, davlat rahbari imzolagan hujjat uzoqni ko‘zlab, har tomonlama hisob-kitob asosida taqdim qilinmaganmi? Nega uning ijrosi paysalga solinmoqda? Tegishli hujjatlar tayyorlanmagan, bugun-erta qurilish boshlanmasligi tayin bo‘lgan ob’yektlar yangi o‘quv yiliga tayyor bo‘ladimi?

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi takliflarni bildiramiz:

Yil yakuniga qadar viloyatda 90 ta maktabni rekonstruksiya qilish va 4 ta maktabni yangidan barpo etish orqali 24,7 ming o‘quvchi o‘rnini yaratish choralarini ko‘rish zarur. Toki bugun maktablardagi 1,5-2 koeffitsiyent  yanada ortib, boshqa muammolarni keltirib chiqarmasin.

Bundan tashqari, yangi maktab qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratishga mas’ul pudratchi tashkilotlar maktab direktorlariga qurilish smetasini taqdim etishi loyiha borishini mahalla raislari boshchiligida tuzilgan jamoatchilik vakillari doimiy nazorat qilib borishlarini ta’minlash kerak. Bu ertaga qurilish bitgandan so‘ng turli savollarga o‘rin qoldirmasligi, kutilmagan bosh og‘riqlar paydo bo‘lmasligi garovi bo‘lishi tayin.

Eng muhimi, hududiy dasturda belgilangan ushbu vazifa yuzasidan viloyat iqtisodiyot va moliya, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmalari hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan dastur ijrosini ta’minlash borasidagi yakuniy kelishuvni ta’minlash kerak.

Elyor Hamroyev,

«Yuksalish» harakati  viloyati bo‘linmasi rahbari.