Jangovar vzvodlarning qaysi biri eng ilg‘or bo‘ladi?

Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda Mudofaa vazirligi tizimida o‘tkazilayotgan “Eng ilg‘or jangovar vzvod” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi boshlandi.

Samarqand gornizoniga qarashli harbiy qism tog‘ o‘qchi bataloni 7-tog‘ o‘qchi vzvodi shaxsiy tarkibi tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni egallab, uning yakuniy bosqichida ishtirok etmoqda.

Musobaqa “Saf ko‘rigi” sharti bilan boshlandi. Dastlab harbiylarning tegishli hujjatlari, ularga biriktirilgan qurol-aslahalar, safar anjomlari ko‘zdan kechirildi.

Besh kun davom etadigan tanlovning keyingi shartlarida ishtirokchilarning sohaga oid nazariy bilimlari test sinovlari orqali tekshirilsa, epchil va chaqqonligi turnikda tortinish, qisqa va uzoq masofaga yugurish bo‘yicha sinovdan o‘tkaziladi. Ishtirokchilar qurollar, jangovar va zirhli texnikalardan belgilangan nishonlarga o‘q otish kabi shartlarda o‘zlarining merganliklarini ko‘rsatadi.

Tadbirning ochilish marosimida Mudofaa vazirligi, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi vakillari so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak a’zolari hamda razvedka vzodi tomonidan tayyorlangan badiiy va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.