Jazodan maqsad jinoyatchidan o‘ch olish emas

Keyingi paytda jinoiy qilmish uchun jazo chorasi sifatida ozodlikdan cheklash jazosi ko‘p qo‘llanilyapti. Ushbu yangi jazo turining mohiyati, maqsadi, afzalliklari va tartibi haqida mushtariylardan savollar tushyapti.

Sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadi, mazmun-mohiyati jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashdir. Ya’ni, shaxs jinoyat sodir qildimi, jazolanishi shart. Lekin jazodan maqsad jinoyatchidan o‘ch olish emas, unga qilmishining oqibatlarini tushuntirish, anglatish va qayta tarbiyalash.

Mustaqillikning ilk yillarida jinoyat kodeksi moddalarining aksariyatida qamoq, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazolar belgilangan edi. Odamlar oddiy hollardagi jinoiy qilmish uchun ham, qasddan sodir etilmagan jinoyatlar, oqibatini anglamagan harakat uchun, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holat uchun ham uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilardi. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Qamoqning bir kuni ham qamoq. Qamoq shaxsning jamiyatdagi va oilasidagi o‘rniga kuchli moddiy-ma’naviy ta’siri etib, ruhiyatiga beqiyos zarba beradi. Shuningdek, oila a’zolarining boshi egiladi, og‘ir iztiroblar ichida qoladi, asosiy boquvchisi qamalgan oilalarda moddiy qiyinchlikka ham duch kelinadi. Qamoqdan so‘nggi “sudlangan”, “qamalgan”, degan tamg‘alar kishining, hattoki, farzandlarining hayotini izdan chiqarib yuborar edi.

Tan olish kerak, o‘sha paytlarda jazoni ijro etish joylaridagi muhit ham ancha og‘ir edi. U yerda bo‘lgan kishilar ruhan va ma’nan o‘zgarib, qahri qattiqlashib, “ikki dunyo bir qadam” bo‘lib qaytar edi. Shuning uchun muqaddam sudlanganlar o‘rtasida qayta jinoyat sodir etish ko‘p uchrardi. Demak, birinchi marta bilmasdan jinoyat sodir qilgan kimsa (ayrimlar) endi bemalol shu yo‘lni tanlardi va jamiyatda bir ma’nan sog‘lom fuqaro ashaddiy jinoyatchiga aylanib ketardi.

Aslida hammani qamayvermaslik kerak. Bu davlat byudjeti uchun ham qo‘shimcha zarar, jinoyatchini bir necha yil boqish kerak bo‘ladi. Va, bunaqa qilmishlar uchun qamalgan bilan biror narsa o‘zgarib, jamiyatga foyda kelib qolmaydi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llayverish kerak.

Eslatib o‘tamiz, ushbu maqolada gap faqat yengilroq, qasddan sodir qilinmagan jinoyatlar haqida ketyapti. Bu fikrlarning ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi shart bo‘lgan o‘ta og‘ir jinoyatlarga aloqasi yo‘q.

Shuningdek, o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun yuridik terminlardan foydalanmaslikka harakat qildik. Vaholanki, jinoyatlar turlari va holatlari kabi tavsifi ham juda keng, atamalari ham turlicha hamda anchayin murakkab.

Jinoyatchini jamiyatdan ajratmasdan jazolash, qayta tarbiyalash shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham har tomonlama foydali. Chunki bilib-bilmay jinoyat sodir qilgan shaxs qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, yetkazilgan zararlarni qoplab turgan holatda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo berilsa, u davlatdan, qonunchilikdan minnatdor bo‘lib, xatosini qayta takrorlamaslikka harakat qiladi. Sog‘lom turmush tarzida yashaydi, oilasi, farzandlariga ham ma’naviy zarba berilmaydi.

Shu maqsad yo‘lida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari samarasi o‘laroq, jinoyatlar tasnifi o‘zgartirilib, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 75 foizdan ko‘prog‘i ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi. Natijada, ko‘plab moddalardan ozodlikdan mahrum qilish jazosi chiqarilib, jinoyat ishlari bo‘yicha ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlarini qo‘llash imkoni kengaydi.

Nega mustaqillikning ilk yillarida bu jazo turi birdaniga qonunchilikka kiritilmadi, degan savol uchraydi. Islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish deganining sababi shuki, qonunchilikka biror yangilik to‘satdan kiritilmaydi. Buning uchun jamiyatda sharoit yetilishi, odamlarda huquqiy ong va madaniyat tobora shakllanib borishi, muhimi, qonunchilikda tegishli zamin yaratilishi kerak. O‘tgan yillar davomida jinoiy jazolar liberallashtirildi, yarashuv instituti tatbiq etildi, sanksiya berish masalalarida o‘zgarishlar bo‘ldi. Uzoq yillardagi shu kabi tayyorgarlikdan so‘ng, shuningdek, hukumatimizning bugungi qat’iy insonparvarlik siyosati natijasida mazkur jazo turini qonunchilikka kiritish mavridi keldi.

Shunday qilib, qonunchilikka yangi, insonparvar jazo turlari kiritildi. Shulardan biri Jinoyat kodeksiga 48-1-modda sifatida kiritilgan ozodlikdan cheklash jazosidir. 

Ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat.

Ozodlikni cheklash bir oydan besh yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida o‘taladi. Ozodlikni cheklash, uni mahkumning yashash joyida o‘tash shartlari sodir etilgan qilmishning xususiyati va sud chiqargan qarorni ijro etishdan bo‘yin tovlashning oldini olish hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi.

Qo‘llanilayotgan taqiqning (cheklashning) xususiyatlarini hisobga olgan holda, sud mahkumning zimmasiga quyidagi qo‘shimcha taqiqlarni (cheklashlarni) yuklashi mumkin:

- muayyan joylarga bormaslik;

- ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;

- muayyan faoliyat bilan shug‘ullanmaslik;

- muayyan buyumlarga ega bo‘lmaslik yoki ularni o‘zida saqlamaslik;

- transport vositasini boshqarmaslik;

- mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini, ish va (yoki) o‘qish joyini o‘zgartirmaslik, tegishli ma’muriy hududdan tashqariga chiqmaslik;

- muayyan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik;

- aloqa vositalaridan, shu jumladan, internetdan foydalanmaslik;

- alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik.

Sud ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxsning zimmasiga o‘zi yetkazgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplash, ishga yoki o‘qishga joylashish majburiyatlarini, shuningdek, uning tuzalishiga ko‘maklashuvchi boshqa majburiyatlarni yuklashi mumkin.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, barcha taqiqlar fuqaroning muayyan huquqlarini cheklayotgan bo‘lsa-da, shu bilan birga shaxsning o‘zini qayta jinoyat sodir qilishdan asrashga qaratilganligi seziladi. Chunki yaqindagina jinoyat sodir qilgan, tergov va surishtiruv jarayonidan o‘tgan va sudlangan shaxsning ruhiyatida tushkunlik, zo‘riqish bo‘lishi tabiiy. Shunday holatdagi inson o‘ziga kelib olishi uchun uzlatga chekinishi foydadan xoli emas. Qonunchilik  shu tomonlarini ham hisobga olgan.

Agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlarni) to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkin.

Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin. Bu holatda ko‘pincha, ozodlikdan cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtiriladi. Ya’ni, davlatning insonparvarligi qadriga yetmadingmi, endi o‘zingdan ko‘r, bunaqa jazolar ham bor, deganlaridek.

Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlash vaqti o‘talgan jazo muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi. Amaliyotda bunaqa misollar ham ko‘plab uchrab turibdi.

Ozodlikni cheklash harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.

Sadriddin NABIYeV.