Jeff Xill: Samarqand haqida eshitganlarimning hammasi rost, u men tasavvur qilganimdan ham go‘zalroq ekan
Britaniyaning ommabop «Mirror» gazetada «Bosqinchilik, vayronagarchilik va unitilishiga qaramay, Samarqand hamon go‘zalligicha qolmoqda» sarlavhali maqola chop etildi.
Maqola ushbu gazeta kolumnisti va mashhur sayyohatchi Jeff Xill tomonidan O‘zbekistonga amalga oshirgan ijodiy safar asosida yozilgan. «Samarqand haqida eshitganlarimning hammasi rost, bir narsani hisobga olmaganda: u men tasavvur qilganimdan ham go‘zalroq ekan», deya ta’kidlaydi britaniyalik sayyoh jurnalist.
Maqolada Samarqand tarixi, madaniy merosi, ushbu qadim kentning Buyuk ipak yo‘lida tutgan o‘rni va Aleksandr Makedonskiy davridan hozirgi kungacha bo‘lgan qiyofasi batafsil tahlil qilingan. «2016 yildan keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijlik sayyohlar uchun yaratilgan keng sharoitlar natijasida O‘zbekiston chet elliklar uchun o‘z darvozasini qayta ochdi. Xususan, Samarqandda yangi qurilgan «Boqiy shahar» majmuasi qadimiy shahardagi muhim joylardan biriga aylanish borobarida, Markaziy Osiyodagi eng yirik sayyohlik markazi hamdir», deb qayd etadi Jeff Xill.
Muallif ta’kidlaganidek, Registon maydoni XV-XVII asrlarda qurilgan madrasalar bilan falsafa, astronomiya, matematika va ilohiyot ilmlarini o‘rganadigan buyuk markaz bo‘lgan. Nashrda qayd etilganidek, Samarqand shahridagi Go‘ri Amir maqbarasi buyuk zotlar, jumladan, imperiyasi Hindistondan Istanbulgacha va Shimoliy Afrikaning aksariyat qismini qamrab olgan Amir Temur va Temuriylar xilxonasi hisoblanadi.
«Samarqandda hunarmandchilik juda rivojlangan, bejirim ipakdan to‘qilgan gilam va kiyim-kechaklar, mis, oltindan yasalgan taqinchoqlar, kulolchilik buyumlari, pichoq va tut daraxtidan tayyorlangan qog‘oz muhtasham Samarqandning ajralmas qismidir», deb yozadi «Mirror».
O‘zA