Jinoiy qilmishi uchun ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan 5 nafar fuqaro ishi sayyor sudda ijobiy hal bo‘ldi

Fuqaroning muammoli masalasi joyida hal etilishiodamlarda qonunchilikka, sudlarga hurmat hissini kuchaytirishda yaxshi amaliyotdir. Shundan kelib chiqib, Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitov Payariq tumanida fuqarolar bilan uchrashuv, davra suhbati va sayyor qabul o‘tkazdi.

Tadbirda viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari Tolib Boyzoqov, Zafar Allaboyev hamda Payariq tumani sudlari sudyalari ham ishtirok etdi.

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Dastlab, yig‘ilganlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O.Hayitov yig‘ilganlarga bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, davlatimizning bu sohadagi odilona siyosati haqida tushuncha berdi.

Shundan so‘ng sayyor qabul tashkil etildi. Qabulda 30 ga yaqin murojaatlar bo‘ldi. Shundan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi.

"Tomoyrot" mahallasida yashovchi fuqarolar Rossiyada qamalib qolgan farzandlarining jazosini O‘zbekistonda o‘tashiga yordam so‘rashdi. Jiyanbek qishlog‘ilik U.Mamatqulova Rossiyada qamoqdan chiqib qarindoshi pasporti yo‘qligi uchun O‘zbekistonga kelolmayotganini bildirib, O‘zbekistonga kelishiga yordam berishni so‘radi. Ularga tegishli huquqiy tushuntirish berildi.   

Rajab Shernazarov va Abdunavi Fayziyev ismi-sharifi ikki xil bo‘lib qolganligi uchun juda ko‘p noqulayliklarga duch kelayotganini, shu masalaga aniqlik kiritib berishni so‘radi. Ularga bu masalani fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi hal etishi tushuntirildi. Shu yerning o‘zida murojaatchilar FIB tuman sud raisi Shuhrat Turdialiyevga tanishtirilib, xujjatlarni qabul qilib qonuniy qaror qabul qilish topshirildi.

Mirzohid Xo‘janov tuman hokimining qarori bilan yer olganligini, soliqlarini to‘lab kelayotganligini, biroq haligacha yer berilmaganligi haqida murojaat qildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi raisiga tegishli hujjatlarni o‘rganib chiqib, qonuniy xulosaga kelish tushuntirildi.

Bahor MFYda yashovchi Shavkat Isaqulov sudlanganlikni holatini olib tashlash haqida murojaat qildi. Unga tartib-qoida tushuntirildi. Shu joyning o‘zida arizasi qabul qilinib, JIB Payariq tumani sudiga mazmunan hal qilish uchun topshirildi.

Shuningdek, kredit, yer, nikoh, uy-joy, fermerlik, nafaqa va boshqa turli masalalarda murojaatlar bo‘ldi.

Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan 5 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. 

Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha sayyor sud tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.

Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.