Jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 5 kishining o‘talmay qolgan jazosi shartliga almashtirildi
Mazkur fuqarolar Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyevning Nurobod tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulida murojaat etgan. Shu yerda tashkil etilgan sayyor sud majlisida murojaatlar ko‘rib chiqilgan.
Yuqoridagi fuqarolar qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘ragan.
Viloyat sudi axborot xizmatiga ko‘ra, ulardan 5 nafarining o‘talmay qolgan jazosi shartliga almashtirilgan va qolganlariga huquqiy tushuntirish berilgan.
Umuman, qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqilgan.
Odatda, sud-huquq islohotlari bo‘yicha murojaatlar aksariyat hollarda joyida hal bo‘lmaydi. Chunki, har bir murojaat tegishli tartibda, shuningdek ayrimlari sud tartibida o‘rganilishi, ayrim murojaatlar ko‘rilayotgan ish hujjatlariga qo‘shilishi mumkin. Shu ma’noda, mazkur sayyor qabulda ham murojaatlarni imkon qadar joyida hal etishga harakat qilindi. Vaqt, jarayon talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha tushuntirish berib, ijrosini nazoratga olindi. Fuqarolarni alohida qabul qilish davomida esa asosan aliment, nikoh, uy-joy, moddiy bilan bog‘liq masalalarda murojaat bo‘ldi, deyiladi viloyat sudi xabarida.