Jinoyatchilikning oldini olishda yoshlar yetakchisining o‘rni qanday?

“Tumanimizda huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lgan yoshlar kam, ammo jinoyatchilik ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan oshgan”.

Bu gapni Samarqand tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Azizova aytdi. Xo‘sh, unda buning sabablari nimada?

Ayrim yetakchilar faoliyati qoniqarsiz

Maktablardagi yoshlar yetakchilari faoliyati to‘xtatilib, bu vazifa mahalla fuqarolar yig‘inlarida joriy etilganiga ham qariyb bir yil bo‘ldi. Ularning zimmasiga maktab o‘quvchilarigagina emas, balki mahallada yashovchi 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarga yetakchilik qilish mas’uliyati yuklangan. Bu vazifani sidqidildan bajarayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi, ammo...

- Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, yoshlar yetakchilari orasida faoliyati qoniqarsiz bo‘lganlar ham yo‘q emas, - deydi Dilfuza Azizova. - Tumanimizda 74 ta mahalla mavjud bo‘lib, barchasida yoshlar yetakchilari faoliyat olib boryapti. Ular 51 mingdan ortiq yigit-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, muammolarini o‘rganish va ularga yechim topishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. Mahallalarni yoshlar yetakchilarining faoliyatiga asosan toifalarga ajratganmiz. Bunga ko‘ra, Nayman, Buxoriy va Dehnav mahallalari qizil toifada. Sababi, aynan shu 3 mahalla yetakchilari faoliyati qoniqarli emas. 57 mahalla yashil, qolganlari esa sariq hududlar hisoblanadi. Reyting natijalariga ko‘ra yashil toifadagi hududlardan Mironqul, Bo‘zi hamda Sulfakabutak mahallalari ilg‘orlar safida. Ular tumandagi boshqa mahallalarga o‘rnak bo‘lyapti.

“Besh muhim tashabbus” – imkoniyatlar eshigi

Ma’lumki, “Besh muhim tashabbus” olimpiadasi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular orasidan iqtidorlilarni izlab topish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yaratib bermoqda. Olimpiada doirasidagi tadbirlarni o‘tkazishda ham yoshlar yetakchilarining o‘rni alohida.
- Masalan, tumanimizdagi Mironqul mahallasi yoshlari “Besh muhim tashabbus” olimpiadasi birinchi mavsumining mamlakat bosqichida sportning “Workout” turi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi, - deydi D.Azizova. – Mukofot o‘rnida mahalla yoshlari uchun “Workout” maydonchasi qurib berilyapti. Ayni paytda olimpiadaning ikkinchi mavsumi viloyat bosqichi o‘tkazilyapti. Bu mavsumda shu paytga qadar tumanimizning 4 ta mahalla jamoasi stol tennisi, shashka va kurash sport turlari bo‘yicha respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tumanda yoshlar o‘rtasidagi jinoyat oshgan. Nega?

Jinoyatchilik aksariyat hollarda bekorchilikdan kelib chiqadi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etilsa, ular o‘zlariga foydali bo‘lgan ish bilan band bo‘lsa, noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘yishdan tiyiladi.

- Tumanimizda huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lgan yoshlar kam, ammo jinoyatchilik ko‘rsatgichi o‘tgan yilga nisbatan oshgan, - fikrini davom ettirdi tuman hokimi o‘rinbosari. – Ayni kech payti, ya’ni 16:00 dan 22:00 gacha ko‘proq uyushmagan yoshlar maktablardagi sport zallarida tashkil etilayotgan to‘garaklar va musobaqalarga taklif qilinyapti. Bu jinoyatchilikning oldini olishda yaxshi samara beryapti. Hududimizdan katta magistral yo‘l o‘tgan. Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning ortishi boshqa tuman yoki viloyat fuqarolari boshqaruvidagi avtomashinalar ishtirokida sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari evaziga hamdir. To‘g‘ri, boshqa jinoyat turlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishyapmiz, deb maqtana olmaymiz. Hech bir jinoyat sodir etilmasa yutuq deb hisoblashimiz mumkin. Bugungi kunda huquqbuzarliklarning oldini olish uchun nafaqat yoshlar yetakchilari, tumandagi barcha mutasaddilar, keng jamoatchilikni jalb qilgan holda zarur chora-tadbirlar ko‘rilyapti.

Bo‘zining bo‘z yigitlari

Tumanning Bo‘zi mahallasi aholisining 2556 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ularning 400 nafari sport to‘garaklariga qatnaydi.

- Bo‘zining bo‘z yigitlari orasidan jahon chempionlari yetishib chiqyapti, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Muhiddin Qosimov. – Shu yilning o‘zida 2 nafar yigit, ya’ni Ozodbek Xudoyqulov universal jang san’ati bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan bo‘lsa, yaqinda Ozarbayjonda sportning milliy kurash turidan o‘tkazilgan xalqaro musobaqada Sardor Olimjonov uchinchi o‘rinni egallab qaytdi.

Mahallada jinoyatchilik sodir etilmagan

Bo‘zi yoshlari o‘rtasida shu yilning o‘tgan davri mobaynida birorta jinoyat kuzatilmagan.

- Shu mahallada faoliyat boshlaganimda 2 nafar yigit probatsiya ro‘yxatida turgan edi, - deydi yetakchi M.Qosimov. – Mahalla faollari bilan birgalikda ularning birini tadbirkorlikka yo‘naltirdik, natijada u o‘zining shaxsiy biznesiga ega bo‘ldi. Ikkinchisini esa sportga jalb qildik. Bu yigit sambo bo‘yicha respublika musobaqasida ikkinchi o‘rinni egallab keldi va to‘garak tashkil qilib, shogirdlar tayyorlayapti. Yana bir yigit qamoq jazosini o‘tab qaytgan. Uning ham bandligi ta’minlangan, ya’ni maktabda bog‘bon vazifasida ishlayapti. Shuningdek, kechki paytda sport zalida tashkil etiladigan to‘garak va musobaqalarda muntazam qatnashib turadi. Mahallada yoshlar o‘rtasida “Qalqon” guruhi tashkil qilingan. Bu guruh jinoyatchilikning oldini olishda mahalla faollariga yaqin ko‘makchi. Shuningdek, profilaktika inspektori bilan hamkorlikda jinoyatchilikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni aniqlab, ularni ham o‘z vaqtida, asosan, sport to‘garaklariga jalb qilishga harakat qilyapmiz.

Har bir yetakchi – bir-biriga ko‘makchi

Tumandagi har bir sektor kesimida mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tuman hokimi o‘rinbosari Dilfuza Azizova tashabbusi bilan “O‘rgan, o‘rgat!” loyihasi asosida yetakchilar tajriba almashadi.

- Masalan, 1-sektor mahalla yetakchilari o‘tgan shanba kuni Mironqulda bo‘ldik, - deydi Sulfakabutak mahallasi yoshlar yetakchisi Kamol Ahmadov. – Bu mahallada bunyod etilayotgan sport maydonchasi va uning atrofini obodonlashtirishga hissa qo‘shdik. Hashar davomida faoliyatimiz bo‘yicha erishgan yutuqlarimiz haqida gapirib berdik, kamchiliklarimizni muhokama qildik. Bilmaganlarimizni o‘rgandik, bilganlarimizni o‘rgatdik. Shuningdek, “O‘rgan, o‘rgat!” loyihasi doirasida mahallalarda tarqatilgan asbob-uskunalardan yoshlar qay darajada foydalanayotganini birgalikda nazorat qilyapmiz. Bu ayrim joylarda uchrayotgani kabi uskunalarni sotib yuborish yoki to‘g‘ri foydalanmaslik holatlarining oldini olishga xizmat qilyapti.

Tuman ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning o‘tgan 10 oyi davomida yoshlar o‘rtasida 90 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 29 taga ko‘paygan. Achinarlisi, bu jinoyatlarning 8 tasi voyaga yetmaganlar, 20 tasi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan.

To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.