Jinoyatchilikning oshishi, og‘ir mahallalar, YTHda vafot yetgan 52 kishi

Viloyatdagi kriminogen vaziyat tahlili nimani ko‘rsatmoqda?
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida hududda 2169 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davrida bu 848 tani tashkil qilgan. Jinoyatlar soni har 100 ming aholiga 50,5 tani (respublikada 64,4 ta) tashkil etmoqda. Ko‘rsatkich ijobiyligi jihatidan Samarqand respublikada 7 o‘rinda turibdi.
Aytish joizki, ayni davrda jinoyatlarning 520 tasi yoki 24 foizi aniqlanadigan. Eng ko‘p sodir etilgan jinoyatlar sirasiga kiber (885 ta) jinoyat kirmoqda. Ularning 503 tasi kiber o‘g‘rilik va 370 tasi firibgarlik bilan bog‘liq bo‘lib, tahlillar ushbu jinoyatlarning 65 foizi fuqarolarning o‘zi bank kartasi kodini jinoyatchilarga berganligi, 25 foizi esa internet orqali onlayn savdoni amalga oshirishi oqibatida sodir bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.
Birinchi chorakda salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlar sifariga o‘g‘irlik (225 ta), yo‘l-transport hodisalari (172 ta) va firibgarlikni (96 ta) ham kiritish mumkin. Afsuski, 41 ta yo‘l transport hodisasi og‘ir oqibatlar bilan yakunlangan. Ularda 52 nafar fuqaro vafot etgan.
IIB hisobotida viloyatning eng og‘ir mahallalari ham ma’lum qilindi. Xususan, Past Darg‘omda To‘qboy, Samarqand shahrida Alisher Navoiy, Urgutda Pochvon, Narpayda Salovat, Nurobodda Sariko‘l, Oqdaryoda Pichoqchi mahallalarida kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lib qolmoqda.
Ushbu yo‘nalishda ijobiy natijalar ham yo‘q emas. Jumladan, hisobot davrida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida 1126 ta mahallaning 248 tasida jinoyatlar kamaygan hamda 815 tasida jinoyat umuman sodir etilmagan. Viloyat hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan talonchilik va nomusga tegish jinoyatlari kamaygan.