Jinoyatchini tanib olish mumkinmi?

– Jinoyat ildizlarini ruhiyatdan izlash har doim ham o‘zini oqlamaydi. Dunyo miqyosida ham, yurtimizda ham jinoyatchilikning ilk sabablari ijtimoiy muhitga borib taqaladi. Oiladagi krizislar, moddiy yetishmovchilik, insonning ma’naviy qadriyatlardan bexabarligi ham asosiy sabab hisoblanadi.

Qolaversa, jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlik ham bevosita bo‘l­masa-da, ammo bilvosita jinoyatchilikning ko‘pa-yishiga olib keladi.

– Bu fikringiz izohtalab…

– Misolni uzoqdan emas, bu yil o‘tkazilgan test sinovlarining shaffofligi, haqqoniylik kuzatilganidan olsak bo‘ladi. Bu holat qanchadan-qancha yoshlarning ko‘nglida umid uyg‘otdi, o‘z kelajagiga nisbatan ishonch paydo qildi. Endi tasavvur qiling, avvalgi yillarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishdagi turli noqonuniy yo‘llar yoshlarga qanday ta’sir ko‘rsatardi? Bilimi yo‘q, ammo institutga qing‘ir yo‘llar bilan kirgan bitta bola yaqinidagi o‘nlab teng-doshlarining ruhiyatiga zarba beradi. Korrupsiya yo‘li bilan talaba bo‘lgan yosh kelajakda ishini ham shu yo‘l orqali topadi va shunday yashash eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaydi. Umr yo‘li zanjirsimon tarz­da korrupsiya bilan bog‘lanib ketaveradi. Bunday muhitga esa jamiyatda yo‘l bor. Bilimli, adolatparvar yoshlarda nafaqat tengdoshi, balki jamiyatga nisbatan ham ko‘nglida adovat vujudga keladi yoki xorijga ketib qo‘ya qoladi.

– Ishonchi yo‘q insonga esa ikki dunyo bir…

– Ha, xuddi shunday. Ishonchi yo‘q odamda loqaydlik, befarqlik, mas’uliyatsizlik shakllana boshlaydi. Bunday holatdagi kishilarda jinoyat sodir etishga moyillik kuchli bo‘ladi. Biz uzoq yillar "Eh-he, mamlakatimizda korrupsiyani yo‘qotish uchun yuz yillar kerak", deb hisoblab keldik. Ammo mana, test sinovlarida korrupsiyani yo‘qotsa bo‘lar ekan-ku. Agar korrupsiyaga qarshi kurash shu tezlikda davom etsa, ijtimoiy adolatga erishish yo‘liga juda yaqinmiz.

– Bu fikrlaringiz bilan jinoyatchilikda inson ruhiy inqirozlarining hissasi yo‘q, demoqchimisiz?

– Yo‘q, albatta! Yuqorida ta’kidlaganimdek, bularning bari inson ruhiyatiga ta’sir etuvchi omillar-ku! Bundan tashqari, yana bir muhim jihatni inobatga olishimiz kerak. Oiladagi tarbiya. Bu haqda keyingi paytda ko‘p aytilyapti. Ammo ota-onadan mehr ko‘rmagan, bobo-buvilarining qo‘lida qolgan, hech bo‘lmasa, bir marta dasturxon atrofida suhbat qurilmagan oilada ulg‘ayayotgan farzandlarda muammo bo‘lishi ehtimoli juda katta.

BIR YILDA 300 MARTA QABUL BEPUL

– Deylik, yoshlarda yoki katta yoshli kishilarda hayotdagi turli vaziyatlarda muammo yuzaga keldi, undan chiqib ketolmayapti. Muammo esa uni kemirib yotibdi, undan xalos bo‘lish uchun faqat ruhshunos yordami kerak. Murojaat qiladigan ruhshunoslar yetarlimi, ularni qayerdan topish kerak o‘zi?

– Mana bu og‘riqli masala. Germaniya­da bir kishiga ruhshunos mutaxassis bir yilda uch yuz marta bepul xizmat ko‘rsatadi. Poytaxtimizdan tashqari barcha viloyatlarda afsuski, ruhshunos xizmatlari juda kam. Barmoq bilan sanarli. "Sabr" markazi ruhshunoslari uzoq yillardan beri bu vazifani bajarib kel­yapti. Yana bir-ikkita pullik qabullar bor, hatto tanlash imkoniyati ham yo‘q. Vaholanki, ruhshunos ko‘rigi bir martalik emas. Psixolog bir marta mijoz bilan gaplashib, mo‘’jiza sodir etmaydi, kamida o‘n kun davomida u bilan muloqot qilishi, insonning xayolidan kechayotgan fikrlar, uning bolaligi bilan bog‘liq xotiralar – barchasini o‘rganishi, tahlil etishi lozim.

– Mamlakatimizda ushbu sohaning bu qadar oqsashiga sabab nima deb o‘ylaysiz?

– Sobiq ittifoq davrida kibernetika, mantiq fanlari bilan birga psixologiya darslariga ham juda kam soatlar ajratilgandi. Buning sabablari tushunarli bo‘lsa kerak. Shu tufayli mutaxassis yetishmasligi muammosi yechimsiz qolgan. Yurtimizda bu sohada to‘qqiz nafargina fan doktori bor. Endilikda sohada uzoq kutilgan jarayon boshlandi: birgina Samarqand davlat universitetiga shu yo‘nalishda bu yil yuzta kvota ajratildi, bu sohada sirtqi, kechki bo‘limlar tashkil qilindi. Maktab psixologlarining oylik maoshi oshirildi, darsliklarga oila psixologiyasi fani kiritildi. Ammo amalga oshiriladigan ishlar hali juda ko‘p. Mutaxassislarni malaka oshirish uchun chet elga jo‘natish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatadigan xususiy klinikalarni ko‘paytirish, eng muhimi, psixologiya ilmiy-tadqiqot institutini tashkil qilish lozim. Ommabop, ammo sifatli qo‘llanmalar, adabiyotlarni ko‘paytirish kechiktirib bo‘lmaydigan talablardan biri. Mamlakatimizda oilalardagi krizis holatini o‘rganadigan "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, xotin-qizlar muammolarini tahlil qilib, umumlashtiradigan, ularga yordam beradigan xotin-qizlar qo‘mitasi kabi qator tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ular oilalardagi muammolarni o‘rganib, bir marta hal qilib berishi mumkin. Ammo krizis holatdagi oilalar bilan ishlaydigan, ular bilan ishlashda nimalarga e’tibor qaratish lozimligini yo‘riqnoma sifatida taqdim etishi kerak bo‘lgan mutaxassis psixolog bo‘lishi kerak, nazarimda.

– Jinoyatchini bolalikdan tanib olish mumkinmi?

– Bu soha bilan shug‘ullangan mutaxassislar bolaligidan asabiy, hayvonlarni qiynab, huzur qiladigan, olov yoqib, yondirishga o‘ch bolalar bilan o‘z vaqtida shug‘ullanish kerak, aks holda, ular kelajakda jinoyat sodir etishga moyil bo‘ladi, deyishadi. Lekin bu fikr­ga ham yuz foiz qo‘shilib bo‘lmaydi. Ammo har bir ota-ona bunday xulqli farzandlariga e’tiborli bo‘lishlari talab etiladi.

– Jinoyatchilarning fe’lida umumiy belgilar bormi, ular nimalarda ko‘rinadi?

– Xorijlik mutaxassislar bu borada tadqiqot ishlari olib borgan. Haqiqatan ham jinoyatchilar fe’lida qaysidir umumiylik holatlari aniqlangan. Bu tadqiqot natijalariga ko‘ra, impulsiv, emotsional jihatdan rivojlanmagan, jamiyatga moslashishi qiyin, o‘zidan qoniqmaydigan, xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik his qilmaydigan insonlar ko‘proq jinoyatga qo‘l urishi aniqlangan. Qotillik jinoyati sodir etgan shaxslarda esa shaxslararo munosabatda haddan ortiq e’tiborli, shubhalanuvchan, tashqi muhitga nafrati borligi kuzatilgan. Ular bu xarakteri tufayli vaziyatga to‘g‘ri baho berolmaydi, affekt ta’sirida oson o‘zgaradi.

Biroq xulosalar har qanday holatda ham nisbiy, ya’ni shunday fe’lli insonlar jinoyat sodir etadi, degani emas.

 

Gulruh MO‘MINOVA

suhbatlashdi.