Jinoyatlar kamaymoqda biroq profilaktik tadbirlarni tashkil etishdagi samara qoniqarli emas

Bunda mahallalarda tashkil etilgan jamoatchilik nazorat maskanlarining o‘rni sezilyaptimi? Jinoyatchilikning qaysi turlari kamaydi, qaysilarida jiddiy profilaktika ishlari olib borilishi zarur? Ko‘p qavatli uylar, shahar ko‘chalari va mahallalarning asosiy manzillariga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lsa-da, nega o‘g‘irliklarning oldini olishda kutilgan samaraga erishilmayapti?

Viloyat prokuraturasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning galdagi kengaytirilgan yig‘ilishida shu kabi savollarga javob izlandi, mavjud holatlar tahlil qilindi.

Yig‘ilishda viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari B.Normatov 2017 yilda hamda joriy yilning o‘tgan ikki oyi davomida viloyatimizda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilikning, shuningdek, diniy ekstremizm xurujlarining oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’ruza qildi. So‘ngra bu tadbirlar natijasida viloyatda umumiy jinoyatlar kamaygani, biroq talonchilik, bezorilik, firibgarlik, o‘g‘irlik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, voyaga yetmaganlar va ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning sabablari chuqur o‘rganildi, tahlil qilindi. Natijada jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar yetarli samara bermaganligi sababli ba’zi tumanlarda jinoyatlarning ayrim turlari oshganligi tanqid qilindi.

Mavjud kamchiliklarga barham berishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga joylardagi jamoatchilik nazorat maskanlari faoliyatini kuchaytirish hamda yoshlar tarbiyasi, aholi bandligini, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalalariga e’tibor qaratish zarurligi bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Akram BO‘RIYeV.