Jizzax garnizonida harbiy mehmonxona foydalanishga topshirildi (foto)
Markaziy harbiy okrug hududida joylashgan Jizzzax uy-joydan foydalanish qismiga qarashli harbiy mehmonxona foydalanishga topshirildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur mehmonxonaning ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari hamda ishchi-xodimlar ishtirok etdi.
Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mehmonxona bir vaqtning o‘zida xizmat safari uchun kelgan 25 nafardan ziyod harbiylar va ularning oila a’zolari uchun mo‘ljallangan. Mehmonxona bir va ko‘p o‘rinli yotoqxona, oshxona, mijozlarga maishiy xizmat ko‘rsatish hamda kitob mutolaa qilish uchun maxsus xonalarga bo‘lingan.
Shu bilan birga bu yerda 5 nafar xodim uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. “Jizzax stroy montajnalatka” va “Yuksalish AShR Lyuks” MChJ ishchi va xodimlari tomonidan qisqa fursatda rekonstruksiya qilingan ushbu mehmonxonaga qariyb 700 million so‘m mablag‘ sarflangan.
Tadbirda binoning ta’mirlash ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, polkovnik Aybek Saidov tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.