Jo‘janing biografiyasi
Ijtimoiy tarmoq deganlari toza qiziq narsa bo‘lar ekan. “Post”ingizni tuzuk-quruq o‘qimay turib, anglamay turib, tushunmasdan, ko‘zi birinchi tushgan so‘z yoki jumla haqida fikr bildirishga shoshilishadi.
Masalan, (“masalan” deyapman, “aynan” deyayotganim yo‘q!) “kimning haqligini vaqt ko‘rsatadi” degan ma’noda “jo‘jani kuzda sanaymiz” iborasini ishlatsangiz, ko‘zi eng avval “jo‘ja” so‘ziga tushadi va asosiy masala bu yoqda qolib ketib, “Jo‘ja? Qanaqa jo‘ja? Inkubatornikimi yo uyda ochirilganmi?” qabilidagi jo‘janing biografiyasiga o‘tib ketishadiki, “tavba” deb yoqa ushlamoqdan o‘zga chora topolmaysiz.
Men avval ko‘zi yaxshi ko‘rmasa kerak, deb o‘yladim. Keyin bilsam, ko‘z orqali olgan informatsiyani qayta ishlashga miyaning quvvati yetmas ekan.
Yaqinda QQSning bosma nashrlar uchun qayta tiklanishi gazeta-jurnal va eng asosiysi, kitobning narxi keskin oshib ketishiga olib keladi, degan mazmunda “post” yozgan edim.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i butun dunyoda bor. Vaqtli matbuot va kitobning tannarxini tushirish uchun birinchi Prezidentimiz bu soliqni vaqtincha to‘xtatib turgan edi. Endi qayta tiklandi. Kitobxonlarga mashinalar va’da qilib bo‘lsayam bir amallab kitob o‘qitib turuvdik, endi samolyot va’da qilsak ham, o‘qimasa kerak, degan gaplar bor edi “post”imda. Chunki qimmat. 30 ming so‘mlik kitob endi 50 ming so‘m bo‘lib tursa, kim sotib oladi? O‘zi, 30 ming ham qimmatlik qilib turibdi-ku! Shunda bir qizimiz meni soliqlarga qarshi deb o‘ylab, davlat uchun soliqning ahamiyati, degan mavzuda falsafa so‘qib ketsa bo‘ladimi! Yo qudratingdan!.. Ana sizga “jo‘janing biografiyasi...”
Yaqindagina radio va televideniyeda Toshkent shevasiga qarshi “post” yozsam, tag‘in “jo‘janing biografiyasi” bo‘ldi. Go‘yo men Toshkent shevasiga qarshi emishman! Ayolim toshkentlik. Hasti Imomning Zarqaynar ko‘chasidan. Ota-bobosi Amir Temur zamonidan beri (balki undan ham ilgariroqdir) shu mahallada, shu xonadonda yashab keladi. Bekorga ONA tili deyishmaydi – uchta qizim ham, to‘qqizta nevaram ham Toshkentda tug‘ilgan, shu yerda bog‘chaga, maktabga, oliy o‘quv yurtiga borishgan. Toza Toshkent shevasida gapirishadi. Ba’zan ko‘chadan kelganimda ovqat tayyor bo‘lmay qolsa, “Gala toshkentlik bitta samarqandlikni och qo‘yasizlarmi?” deb hazillashaman. Qizlarim “Hozir tayyor bo‘ladi, ada” deb tipirchilab qolishadi. Har qanday sheva – o‘zbek tilining zaxiradagi xazinasi. Inson o‘z ona tilini e’zozlashi uchun ota-bobosi ming yillar davomida so‘zlashib kelgan shevasini qadrlashi kerak. Ustozlarimizning o‘giti shunday.
Ba’zi o‘rtoqlar “Televizorga chiqib toshkentcha gapirayotganlarning hammasi ham toshkentlik emas, viloyatdan kelganlar”, deb iddao qilishadi. “O‘tiringlar”ni “o‘tirlaring” shaklida aytsa, pazandachilik haqidagi ko‘rsatuvda “qovurib olamiz” degan iborani “qovurib olavuza” deyishi qaysi shevada? Nima farqi bor, u andijonlikmi, qarshilikmi? Gap efirdagi Toshkent shevasi haqida ketyapti. Qaytarib aytaman, EFIRDAGI! Ba’zi telekanallarda informatsion dasturlardan tashqari ko‘rsatuvlarning 98 foizi (!) Toshkent shevasida ketyapti.
Keyingi masala “post” yozish odobi haqida. Masalan, Lolaxonim Asomzoda degan qizimizning TVdagi shevachilik haqida yozgan “post”imga bildirgan fikrini o‘qib, ochig‘i, juda dilim og‘ridi. Tushunmagan ekan, o‘zimdan so‘ramaydimi, bu yerda nimani nazarda tutgansiz, deb. Bilib-bilmasdan, pulemyotday haqoratlab ketibdi. Buning ustiga, ayol kishi ekanlar. Qiz o‘stirgan, tarbiya qilgan ota-onasiga rahmat olib kelishi kerak emasmi? Ha, mayli, o‘rischasiga aytganda, bu qizimizning so‘zlarini “ponos slov” deb tushunib qo‘ya qolamiz...
Feysbukdagi yozishmalarda savod masalasi haqida ko‘pdan beri gapirmoqchiman-u, xijolat bo‘laman, o‘zing-chi, savodli yoza olasanmi, deyman o‘zimga o‘zim. Ayrim “post”larda, boshqa tinish belgilarini qo‘ya turaylik, oddiy nuqta bilan vergul ham yo‘q. Qayerda nafas olishni bilmaysan kishi. Shaxsiyatiga tegmay deb konkret misollar keltirishdan tiyildim, yozganini umuman tushunib bo‘lmaydi-da!
“Post” yozmay qo‘yaqoling, deyishga haqqim yo‘q, albatta. Lekin u odamning o‘zi uyalishi kerak. Chunki safimizda til bo‘yicha fan doktorlari bor, qilni qirq yoradigan filologlar, mashhur shoir va yozuvchilar bor. Hech qursa, maktabda o‘qiydigan farzandingiz yoki nevarangizga ko‘rsatib oling – nuqta-verguliga qarab beradi.
Eng asosiysi – yozish odobi. Odob bo‘lsa, uncha-muncha xatolar ham bilinmay ketadi.
Sharof Boshbekov,
yozuvchi, dramaturg.