Jom ko‘rkam va obod qishloqqa aylanmoqda
Shu munosabat bilan mazkur aholi maskanida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, markaziy nashrlarning viloyatdagi muxbirlari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Jurnalistlar hududda ta’mirlanayotgan turarjoy binolari, yangi qurilayotgan inshootlar, ko‘cha hamda yo‘llarning tartibga keltirilayotgan jarayonlari bilan tanishdi.
– Ushbu tashabbus qishlog‘imizda yashayotgan yoshu qarining fikrini o‘zgartirib yubordi, – deydi mehnat faxriysi Nurmon Suyunov. – Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va obodonchilik ishlari inson manfaatiga qaratilayotganini yurakdan his etyapmiz. Xalqimiz yo‘llarning o‘ydim-chuquridan ko‘p aziyat chekdi. Mana, qishlog‘imizning markaziy ko‘chalari asfalt qilinyapti, 22 kilometrdan ziyod tuproq yo‘llarga shag‘al to‘kilyapti.
Press-tur ishtirokchilari Girdiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oila Safar Barotov xonadonida bo‘lib, oiladagi mavjud muammolar bilan qiziqdi. Muloqot jarayonida viloyat hokimligi tashabbusi bilan xonadonning 30 sotixli tomorqasiga suv tarmog‘i tortiladigan bo‘ldi. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi uy bekasi Dilbar Barotovaga gilam sovg‘a qildi. Past Darg‘om tumanidagi "Juma paxta zavodi" korxonasi ishchilari shu kunning o‘zida xonadonni ta’mirlashga kirishdi.
Viloyat hokimi T.Jo‘rayev ko‘p yillar pochta tarmog‘ida ishlagan, hozirda ko‘zi yaxshi ko‘rmay qolgan va fuqarolik pasporti yo‘qligi sabab pensiya olishda muammoga uchrayotgan girdiqo‘rg‘onlik 82 yoshli Umrzoq Abriyevga pensiya tayinlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Malakali vrachlar otaxonni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
– 10 ta tikuv mashinasi keltirdim. Maqsadim ushbu olis qishloqlarda 10 ta yangi ish o‘rni yaratish, – dedi Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor, "Eko-planeta" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sayyora Salimova. – Shu bilan birga, jomlik xotin-qizlarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatuvchi o‘quv markazi tashkil etmoqchiman.
Tadbirkorning tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Ishtirokchilar Jom mahallasida viloyat injiniring kompaniyasi buyurtmasiga asosan "Temir qalqon" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilayotgan 60 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi jarayonlari bilan tanishdi.
– Jom qishlog‘ida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarida yoshlar ham faol ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo‘lim boshlig‘i B.Sultonov. – Ular yo‘l qurilishi ishlarida, atrofni tozalash, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, uy-joylarni ta’mirlashda ustalarga yordamlashmoqda. Bu ishga 360 nafar yetakchilarimiz, 490 nafar oliy ta’lim muassasalari talabalari jalb etilgan. Shuningdek, kengashimiz tashabbusi bilan 3-4 mart kunlari uyushtirilgan "Yoshlar hashari" aksiyasi doirasida ham mingga yaqin yoshlar Jomdagi bunyodkorlik ishlarida qatnashdi. Viloyatimizdagi mahallalar, aholi punktlaridagi ko‘p qavatli uylar, hovlilar, bog‘ va sayilgohlarni tartibga keltirish, gulzorlar barpo etish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlariga jalb qilindi.
Jurnalistlar Jom hamda Girdiqo‘rg‘on mahallalarida 824 xonadonning kadastr hujjatlari taxlanayotgani, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida yuzdan ortiq korxona va tashkilotdan jalb etilgan 2 mingdan ziyod ishchi-xodimlar, 150 dan ziyod qudratli texnikalarning ibratli va zalvorli mehnatlariga guvoh bo‘ldilar.
Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).