Jom – zamonaviy obod qishloq bo‘ladi
Viloyat hokimligi yurtimizda boshlangan "Obod qishloq" dasturi doirasida Jom qishlog‘ini obod maskanga aylantirish tashabbusi bilan chiqdi.
O‘tgan hafta viloyat hokimligining ishchi guruhi mazkur hududning infratuzilmasi, ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi xonadonlarining holatini o‘rganib, xalq bilan muloqot uyushtirdi. Qishloqda mavjud muammolarni o‘rgandi. Shu asosda dastur tuzilib, Jom va Girdiqo‘rg‘on qishloqlarini obod maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Kecha Jom qishlog‘ida ushbu loyihalarning taqdimoti o‘tkazilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Unda viloyat hokimi T.Jo‘rayev hamda barcha sektorlar rahbarlari, tuman, shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, viloyatimizdagi boshqarma, idoralar, jamoat tashkilotlari boshliqlari ishtirok etdi.
Dastur asosida ikki qishloqda zamonaviy mahalla markazlari, istirohat bog‘i, xotira maydoni, yozgi amfiteatr, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi. Jom bozori zamonaviy arxitektura talablari bo‘yicha rekonstruksiya qilinadi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi xonadonlari ta’mirlanadi. Aholini toza ichimlik suvi, suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, qishloqda elektr ta’minotini yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.
Loyihani amalga oshirish davomida hududdagi aholining barcha qatlami, malakali mutaxassislar jalb etilgan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. 4 ming 300 dan ortiq ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash hamda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan kishilarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Maqsad yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning chekka qishloqqa ham kirib kelishini ta’minlash, odamlarda o‘z maskani, taqdiri uchun mas’uliyat hisini kuchaytirish, xalqimizdagi bunyodkorlik, tadbirkorlik, hamjihatlik fazilatlarini namoyish etishdan iborat.
G‘.HASANOV.