Jomboy tumanidagi ayrim yo‘nalishli avtobuslarning peshlavhalari yangisiga o‘zgartirildi
2021 yil 22 may kuni «Zarnews.uz» telegramm kanalida Jomboy tumanidagi ayrim yo‘nalishdagi avtobuslarning hanuz eski joy nomlari bitilgan peshlavhalar bilan harakatlanayotganligi haqida tanqidiy mulohaza e’lon qilingan edi. Ushbu holat viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari tomonidan joyida o‘rganib chiqildi.
Haqiqatan ham 367-raqamli yo‘nalishda qatnovchi avtobuslarda joy nomlari qonun talablari asosida emasligi ma’lum bo‘ldi.
Joriy yil yanvar oyidan boshlab, 367-raqamli yo‘nalishda “Qora, Gavhar, Oybek” MChJga qarashli avtobuslar «Shayman mahallasi-Samarqand mahallasi» nomi ostida harakat jadvali bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat qilib kelmoqda. Biroq ayrim haydovchilar o‘zboshimchalik bilan yo‘nalish nomini o‘zgartirib olishgan.
Mazkur holat ilgari ham viloyat transport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan bir necha bor aniqlangan va xatoga yo‘l qo‘ygan haydovchilar ogohlantirilgan.
“Qora, Gavhar, Oybek” MChJda bo‘lib o‘tgan haydovchilar bilan uchrashuvda tuman markazini qishloqlar bilan bog‘lovchi barcha yo‘nalishlardagi avtobuslarning peshlavhalari o‘rganilib, tahlil qilindi. Davlat tili qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan, eski nomlar qayd etilgan peshlavhalar yangisiga almashtirildi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.