Jomboyda mudhish YTH sodir bo‘ldi: 22 nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan, 1 kishi vafot etgan

Bugun, 3 sentyabr kuni taxminan soat 07:00 da Samarqand viloyati Jomboy  tuman Beshbola qishlog‘i hududida “ISUZI” rusumli avtobus bilan  MAN rusumli yuk avtomashinasi to‘qnashgan. Ma’lumotlarga qaraganda, avtobusda 31 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning 22 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. 1 nafar yo‘lovchi  voqea joyida vafot etgan. Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga 5 daqiqada yetib borgan. Jami 8 ta tez tibbiy yordam brigadasi ko‘magida  jarohatlanganlarning barchasi tezkor ravishda Jomboy tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bemorlarga o‘z vaqtida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida sanitar aviatsiya xizmati orqali neyroxirurg, xirurg, travmatolog kabi qator tajribali mutaxassislar safarbar etildi. Ayni paytda yo‘l-transport hodisasi natijasida jarohatlanganlarning 6 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialiga davolanish uchun ko‘chirilgan, 3 nafar bemorga Jomboy tuman tibbiyot birlashmasida, 13 nafar bemorga esa ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor va sifatli  tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berildi.