Jomboyda tuproqni qayta ishlovchi innovatsion texnologiya ishga tushdi
Samarqand viloyatida 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 18,7 trillion so‘m bo‘lgan 968 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, joriy yilda 73 loyiha uchun 355 million dollarlik xorijiy investitsiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda hududda 400 ga yaqin xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona bor. 2018 yilda viloyatda 58,3 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu 2017 yilga nisbatan qariyb 2,5 baravar yoki 3,7 million dollarga o‘sgan deganidir. 2018 yilda 127 xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona tashkil etildi. Ulardan biri "Keramik briks" korxonasidir. Yaqinda – Navro‘z bayrami arafasida faoliyat boshlagan mazkur korxona Jomboyning uzoq qishlog‘ida bir tomoni Bulung‘ur va G‘o‘bdin qirliklariga tutash tepaliklarida qad rostladi. 120 ta yangi ish o‘rni mavjud zavodning umumiy qiymati 163 milliard so‘m 5 million dollarlik Ispaniya investitsiyasi kiritilgan.
– O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun qulay makon, – deydi ispaniyalik investor Mario Sebostiani. – Biznesni rivojlantirish mumkin. Faqat mavjud imkoniyatlarni ishga solish muhim. Biz bu zavodga innovatsion texnologiyalarni o‘rnatdik. U avtomatik tarzda boshqariladi va yuqori sifatli mahsulot olishni ta’minlaydi. Ilg‘or texnologiya yiliga 63 ming tonna tuproqni qayta ishlash imkonini beradi. Natijada besh turdagi g‘isht ishlab chiqariladi. Uning uch turi bo‘yicha O‘zbekistonda muqobili yo‘q. Qurilish materiali devorga terilgach, unga rang berish yoki pardozlashga hojat qolmaydi. Dizayn o‘zi bilan.