Jomboylik 6 nafar “katta”ning tabiiy gazdan qarzi katta

Foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarning vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli Jomboy tumani aholisida anchagina qarzdorlik yig‘ilib qolgan. “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali va uning tuman bo‘limi ushbu qarzlarni undirish uchun zarur choralar ko‘ryapti. Mahallalarda, korxona va tashkilotlarda ogohlantirish, targ‘ibot ishlari olib borilyapti va bu ishlar izsiz ketmayapti.

 - Uch kun avval mahallamizdagi tabiiy gazdan qarzi bo‘lgan 21 ta xonadon aniqlanib, ogohlantirilgan edi, - deydi Guliston mahallasi raisi Jamshid Mirboboyev. – Bugungi kunga kelib, bank orqali pul o‘tkazishdagi ayrim tushunmovchiliklar sabab, 2 ta xonadonda katta qarzdorlik qoldi. Boshqa xonadon egalari to‘lovlarni amalga oshirdi.

- Tabiiy gazdan eng katta qarzdorligi mavjud mahallalar bilan ishlayapmiz, xonadonma-xonadon kiryapmiz, - deydi tuman gaz ta’minoti filiali aholi va ulgurji iste’molchilar xizmati bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ikrom Rashidov. – Achinarlisi, qarzdorlarning aksariyati mansabdor shaxslar va tadbirkorlar. 2 million so‘mdan 6 million so‘mgacha qarzi bor xonadon egalari 28 nafarni tashkil qilib, ularning 2 nafari mansabdor shaxs, 4 nafari yirik tadbirkor ekan. Achchiq gap, ogohlantirishdan so‘ng ular to‘lovni amalga oshiryapti.

Tumandagi 22 ming 616 xonadonning 9865 tasi tabiiy gazdan foydalanadi. Shu paytga qadar 700 dan ziyod xonadonda zamonaviy “aqlli” hisoblagich o‘rnatildi.

2020 yil 1 avgust holatida Jomboyda tabiiy gazdan 10 milliard 783 million so‘m debitor qarzdorlik mavjud.