Jomboylik yoshlar g‘ayratli va shijoatli. Faqat ularga e’tibor va ko‘mak zarur

Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov jomboylik yoshlar bilan uchrashdi.

Unda tumanning Guliston, Moylichuqur, Samarqand, Ahmadjon Qurbonov, Toshkent mahallalarida yashovchi yoshlar hamda Jomboy maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘quvchilari ishtirok etdi.

Dastlab Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, unda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda yoshlarning alohida o‘rni borligi ta’kidlandi. Uchrashuv davomida yoshlarning fikr, taklif va mulohazalari tinglandi.

- Kollejda uch yil davomida tikuvchilik va bu borada faoliyat yuritish uchun nazariy bilimlarga ega bo‘ldim, - deydi Guliston mahallasida yashovchi Marjona Tursunova. – Endi mahallamizda tikuvchilik sexi tashkil etib, o‘n nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlamoqchiman. Ammo yetarli sarmoyam yo‘q. Qayerdan, kimdan ko‘mak olsam bo‘ladi?

- Bu yil kollejni bitiraman, oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirmoqchiman, - deydi Jomboy maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Ro‘shana O‘sarova. – Joriy o‘quv yilida institutga hujjat topshirish va abituriyentlar uchun boshqa imkoniyatlar berilyapti, deb eshitdik. Bu haqda batafsil ma’lumot bera olasizmi?

A.Nasimov tadbirkor bo‘lishni istagan yoshlarga “Yoshlar — kelajagimiz” dasturi asosida kam foizli kreditlar berilayotgani, abituriyentlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida tushunchalar berdi.

Shuningdek, boshqarma boshlig‘i Jomboy maishiy xizmat kasb-hunar kollejida abituriyentlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarni onlayn tarzda berib boradigan elektron doska tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.