Jomda endi svet o‘chmaydi

- Avvalo, Urgut tumani Mergancha massivini elektr energiyasi bilan doimiy ta’minlash uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, “Urgut-2” podstansiyasiga 25000 kVA bo‘lgan qo‘shimcha ikkinchi transformator o‘rnatildi va ishga tushirildi, - dedi E.Mamadaliyev. - Shuningdek, bu yerda 6 kilometr uzunlikdagi ikki zanjirli 10 kVAli elektr tarmog‘ini tortish va 1 ta elektr taqsimlash qurilmasi o‘rnatish bo‘yicha loyiha-smeta ishlari yakunlanib, qurilish ishlari boshlandi. 3,5 kilometr uzunlikda 10 kVli elektr tarmog‘i qurildi va ushbu ishlar may oyi yakuniga qadar to‘liq yakunlanadi.

Sariqtepa massivini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun “So‘g‘diyona” nimstansiyasiga 1 dona 10 kVli yacheyka o‘rnatilib, 3 kilometr uzunlikdagi 10 kVli elektr uzatish tarmog‘i qurilib, ishga tushirildi. 

Nurobod tumani Sazag‘on massivida joylashgan tadbirkorlik sub’yektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida esa “Taraqqiyot” nimstansiyasidan 6 kVli elektr uzatish tarmog‘i qurilishi davom etmoqda. Buning uchun 201 dona temir-beton tayanchlari o‘rnatilib, elektr tarmog‘i tortish ishlari may oyining yakuniga qadar to‘liq yakunlanadi.

Sazag‘on massivida 110/10 kVli nimstansiya qurish uchun loyiha smeta ishlari tayyorlanmoqda. Qurilish ishlari avgust oyidan boshlanib, 2019 yilning birinchi choragida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

“Obod qishloq” dasturi bo‘yicha viloyatimizda 32 ta mahalla kiritilgan. Ushbu maxallalarning elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 45 dona transformator punkti va 90,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini yangidan qurish rejalashtirilgan. Hozirgi kungacha 20 dona transformator punkti va 55,8 kilometr elektr uzatish tarmog‘i yangidan qurildi. Ushbu mahallalardagi 159 dona transformator punkti va 55,8 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 38 dona transformator punkti va 23.1 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi.

Jurnalistlar Jom qishlog‘ida ta’mirlanayotgan va yangi qurilayotgan elektr tarmoqlari holatlari bilan tanishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 15 ta transformator, 1000 dona beton ustunlar (stolba) o‘rnatish, 51 kilometr masofaga elektr kabellari tortish rejalashtirilgan. Hozirgacha 9 ta transformator, 715 dona beton ustunlar o‘rnatilgan va 35 kilometr masofaga kabel tortilgan.

- Qishlog‘imiz "Obod qishloq" dasturiga kiritilib, bu yerda keng ko‘lamli ishlar olib borilishidan oldin elektr ta’minotidan juda qiynalardik, - deydi Jom mahallasi faoli Xursand Boychayev. - Kuniga 7 soat atrofida svet berilardi. Hozir esa bu borada muammomiz yo‘q. Uzluksiz elektr bilan ta’minlandik. Shu bois qishloqdoshlarimiz tadbirkorlik va boshqa foydali faoliyat bilan shug‘ullanishmoqda.

Jurnalistlar Jom hamda Girdiqo‘rg‘on mahallalarida elektr ta’minoti bilan bog‘liq galdagi ishlarga guvoh bo‘ldilar.
 

Anvar MUSTAFOQULOV.