Joningizga jabr qilmang, to‘yboshi!
Xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik birinchi sessiyasida ushbu loyihaning muhokama etilishi masalaning turmushimizda dolzarbligini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, to‘y-hashamlar, boshqa marosimlar turmush madaniyatimiz, o‘lmas qadriyatlarimizning ajralmas qismi. Ammo, keyingi paytda ularni o‘tkazishda milliy o‘ziga xosligimiz, tarbiyaviy, ijtimoiy ahamiyatidan ko‘ra, dabdabaligi, shuhratparastlik, kimo‘zarlikni ko‘rsatishga ko‘proq urinilmoqda. Bu esa aholi ma’naviy dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, oilalar byudjetiga katta zarar yetkazmoqda. Ortiqcha isrofgarchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Eng yomoni, urf-odatimizga yot turli xil bo‘lmag‘ur marosimlar paydo bo‘lyapti.
Ularga barham berishda meningcha, eng avvalo, hurmatli ayollarimiz, kayvoni onalarimiz, qiz-juvonlarimiz faol bo‘lishlari kerak. Negaki, to‘y-marosimlar "ssenariy"si, avvalo, oilalarda ko‘pincha muhtarama ayollarimiz tomonidan ishlab chiqilayotgani hech kimga sir emas. Biz tumanimizda aholi bilan uchrashuvlarda, suhbatlarda muammoning ana shu jihatlariga e’tibor qaratyapmiz. Shu o‘rinda bir mulohazani aytib o‘tishni istardim. To‘y-marosimlarni ixcham, kamxarajat, isrofgarchiliksiz o‘tkazishda oqsoqollar, faollar bevosita o‘sha marosimlarda tushuntirish ishlarini olib borishlari kerak.
Bu radio, televideniye, matbuot, rasmiy yig‘ilishlardagi chiqishlardan ko‘ra samaraliroq bo‘lishi shubhasiz. Chunki bunday tushuntirishlarda bevosita to‘y-marosim ishtirokchilari, fuqarolar, kayvoni otaxonu onaxonlar, faol xotin-qizlarning o‘zlari munosabat bildirishadi. Bunday tushuntirish-targ‘ibot ishlarini ota-onalar oilada yo‘lga qo‘ysalar, to‘y-marosimlar, xotira ma’rakasi mohiyatini farzandlar ongiga yoshligidan singdirsalar, boshlangan xayrli ish, albatta, o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Laylo ERGAShEVA,
Ma’naviyat va ma’rifat markazi Oqdaryo tuman bo‘linmasi rahbari.