JSST: Koronavirus oqibatida qayd etilayotgan o‘lim ko‘rsatkichi nihoyatda yuqori
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus oqibatida qayd etilayotgan o‘lim holatlarini nomaqbul, deb atadi. Bu haqda JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Mayk Rayan ma’lum qildi.
Rayanning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 chekinmayapti, har hafta 1,8-2 million odam koronavirus infeksiyasi bilan kasallanmoqda. Shundan 40-50 ming nafar o‘lim holati qayd etilmoqda. Holatni u “nihoyatda yuqori ko‘rsatkich”, deb atadi.
Mutaxassis o‘lim holatining oshishi global ko‘lamda intensiv emasligini, ammo buning ortida “ayrim mamlakatlarda, hududiy darajada o‘lim holatlarining oshishi” yashiringanligini qo‘shimcha qildi. U koronavirus hali uzoq davom etishini ta’kidladi.
16 sentyabr kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish koronavirus pandemiyasi nazoratdan chiqib ketayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda pandemiya global xavfsizlik oldidagi birinchi raqamli xavf bo‘lib qolmoqda va yaqin orada insoniyat koronavirus oqibatida halok bo‘lganlar soni bo‘yicha bir millionlik ko‘rsatkichdan o‘tadi.