Juma kuni. (Bo‘lgan voqea)

Yaqinda Misrdan kelgan Ubaydulloh yasanib, taranib, oq do‘ppisini kiyib, juma namozini ado qilish uchun uyidan chiqdi. Mashinaga qo‘l ko‘tardi, aksiga olib, birortasi to‘xtamadi. Namoz vaqti yaqinlashgan sari betoqat bo‘layotgan Ubaydulloh o‘ng kelgan mashinaga qo‘l ko‘taraverdi. Nihoyat, bitta qop-qora, kattakon mashina yoniga kelib to‘xtadi.

– Chiq! – dedi haydovchining yonidagi kishi orqa eshikni imlab.

Ubaydulloh mashinaga o‘tirayotib, eshikdagi yozuvga ko‘zi tushdi: “Milliy gvardiya”.

Ubaydullohning esiga otasi tayinlagan gap tushdi: “Falon-falon mashinalardan ehtiyot bo‘l! Ularga minma!”.

Otasi uzoqroq bo‘lishni tayinlagan mashinalarning ichida bu mashina ham bor edi. Ichiga bir sovuqlik oraladi. Ustiga-ustak qop-qora mashinadagi ikkala yigit ham qop-qora kiyingan, ko‘zlariga ham qora ko‘zoynak taqib olishgan edi.

“Endi bular meni olib ketishadi, Misrda nimalarni o‘qiganim, kimlar bilan tanishganimni so‘rashadi, endi nima deyman?” deb o‘ylay boshladi Ubaydulloh.

– Qayoqqa ketyapsan? – so‘radi o‘tirishni buyurgan yigit.

– Masjidga, juma namoziga.

– Hm-m, – yigit Ubaydullohga boshdan oyoq razm soldi. – Yoshing nechada?

– O‘n to‘rtda...

– Hm-m, – deb qo‘ydi yigit yana. – Namoz o‘qishni bilasanmi o‘zi?

– Qur’onni yodlaganman, – dedi Ubaydulloh sekingina.

– Yo‘g‘-e, – deb yubordi oldinda o‘tirgan yigitlar.

Ular Ubaydullohga boshqatdan razm solishdi.

– Qayerda o‘rganding? – so‘radi yigit, ko‘zidan ko‘zoynagini olib.

Ubaydulloh nima deb javob berishni bilmay qoldi. To‘g‘risini aytsa, boshini og‘ritishlari, ota-onasini ham sarson qilishlari mumkinligini o‘yladi. Ammo baribir yolg‘on gapira olmadi:

– Misrda.

– O‘h-ho‘! – sherigiga qarab qo‘ydi yigit. – Qaysi masjidga borasan?

– Imom A’zam masjidiga.

Haydovchi mashinasini burdi va uni tezlatib, birpasda Ubaydulloh aytgan masjidga yetib bordi.

Ubaydulloh besh ming so‘m pul uzatdi.

– Olib qo‘y, puling kerak emas!

– Oling, aka, opkelib qo‘ydingiz-ku! Yana, sezishimcha, o‘zlaringiz boshqa tomonga ketayotgan ekansizlar.

– Ha, yo‘limiz boshqa tomonga edi, ammo puling kerak emas, – dedi oldingi o‘rindiqdagi yigit. – Duo qil, bizning ham farzandlarimiz senga o‘xshasin!

Biqiniga “Milliy gvardiya” deb yozilgan, sher surati chizilgan mashina bir zumda olislab ketdi.

Ubaydulloh duoga qo‘l ochdi:

– Shunaqa yaxshi akalarimizni ko‘paytir, Allohim!

Karimberdi To‘ramurod.