Juma o‘giti: Ilm olganning nasibasi butundir

Islom ta’limotida ilm yuksak qadrlanadi. Buni Qur’oni karim va hadislar to‘la tasdiqlaydi.

Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatining o‘zidayoq Alloh taolo «O‘qi!» deb amr qildi. Shu bilan birga Qur’onda ilm so‘zi turli ma’nolarda 811 marta takrorlanishi uning o‘rni qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Qur’oni karimda: «Alloh

sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba) larga ko‘tarur» (Mujodala, 11-oyat), deyilgan. Ibn Xajar Askaloniy ushbu oyatni quyidagicha tafsir qiladi:

«Albatta, darajalarni ko‘tarish ulug‘ fazlu marhamatga dalolat

qiladi va dunyoda oliy martaba, shon-shuhrat kabi ma’naviy yuksaklikni

hamda jannatdagi oliy

martaba kabi hissiy yuksaklikni o‘z ichiga oladi».

«Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri»da esa shunday so‘zlar bor: «Ilm va olimlarning fazilatlari, ikki dunyoda erishadigan daraja va martabalariga doir oyat va hadislar juda ko‘p uchraydi. Rasululloh

alayhissalomdan olim

kishining bir kunlik ibodati

ilmsiz obidning qirq yillik ibodatiga teng ekani, qiyomatda shafoat qilishi, agar u ta’lim ham bersa, yer va osmondagi barcha jonzot Allohdan unga mag‘firat

so‘rashi rivoyat qilingan. Sulaymon (alayhissalom)ga Alloh taolo ilm, boylik va podshohlikdan birini tanlashni buyurganida u

ilmni tanlaydi. Ilmning sharofatidan unga boylik va podshohlik ham qo‘shib beriladi».

Boshqa bir oyatda esa: «Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: «Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir», farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta) Undan o‘zga iloh yo‘q. U Aziz (qudratli)

va Hakim (hikmatli)dir»

(Oli Imron, 18-oyat). Ushbu oyatda Alloh taolo o‘zining yagonaligiga farishtalar bilan bir qatorda ilmli kishilarni ham guvoh

qilgani olimlarning darajasi Alloh taoloning dargohida ham ulug‘ ekaniga dalolat qilinadi.

Rasululloh alayhissalom

o‘z hadislarida ilm egallashga, olimlarni yaxshi ko‘rishga chaqirganlar.

Jumladan, Imom Buxoriy

rivoyat qilgan hadisda «Ilm

talab qilish har bir musulmonga farzdir» deb ta’kidlangan.

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Abu Dardo (roziyallohu anhu): «Rasululloh alayhissalom bunday deganlarini eshitdim: «Kim ilm istab bir yo‘ldan yursa, Alloh uni jannat yo‘llaridan biriga

yo‘llab qo‘yadi. Farishtalar

ilm tolibi uchun qanotlarini

pasaytiradilar. Albatta, olim haqiga osmonu yerda, hattoki suv ostidagi baliqlar ham istig‘for

aytadilar. Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir.

Payg‘ambarlar dinor va dirhamni meros qoldirmadilar. Balki ilmni meros qoldirdilar. Kim uni olsa, (merosdan) to‘liq nasibasini olibdi».

Zayniddin Eshonqulov,

Samarqand viloyati bosh imom xatibi.