Jurnalistning faol fuqarolik pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak?
Jurnalist bugungi kun islohotlarini sifatli va xolis yoritishda qanday muammolarga duch kelyapti? Tezkor axborot oqimida ularni uzatishda kamchiliklar nimalardan iborat?
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov anjumanda shu masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
- Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida keyingi yillarda miqdor o‘zgarishlari bilan birga sifat o‘zgarishlari ham yuz bermoqda, - deydi S.Hakimov. - Gazetalar, teleradiokanallarda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaymoqda, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib bormoqda. Milliy media maydonimizda fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo‘lgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog‘i kengayib, samarali faoliyat ko‘rsatyapti, internet jurnalistikasi jadal rivojlanmoqda. Viloyat va tuman ommaviy axborot vositalarining media maydondagi o‘rnini mustahkamlashga ham e’tibor kuchaymoqda
Respublikadagi markaziy hamda Samarqand, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mita raisi o‘rinbosari E.Xolbo‘tayev, «Pravda Vostoka» gazetasi muharriri S.Doniyorov so‘zga chiqib, yurtimizda OAV uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, jurnalistlarning o‘z navbatida bugungi islohotlarni yoritishidagi kamchiliklar muohkama etildi.
Tadbirda Respublika tovar-xomashyo birjasi - «Do‘stlar klubi» nomidan Samarqand viloyatidagi “Paxtachi” tuman gazetasiga kompyuter jamlanmasi topshirildi, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlaridan tashrif buyurgan bir guruh faxriy jurnalistlar va yosh ijodkorlar uyushma faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
- Gazetamizda kimnidir tanqid qilishdan oldin u yoki bu masalaga jamoatchilik e’tiborini qaratish orqali muammoning ildizlarini o‘rganishga e’tibor qaratyapmiz, - deydi «Do‘stlik bayrog‘i» va «Znamya drujbi» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Bektemir Pirnafasov. – Muhim xabarlarni gazetadan avval tahririyat veb-saytida berishga odatlandik. Tezkorlik, muammolarga har tomonlama yondashuv o‘quvchilarimiz sonining oshishiga turtki bo‘lmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qilishdi. “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati faoliyati, Samarqand shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar. Imom al-Buxoriy majmuasida bo‘lib, Payariq tumani “Xo‘ja Ismoil” mahallasi faollari bilan uchrashdi, mahalla kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilishdi.
Gulruh MO‘MINOVA.