Jurnalistning noni qattiq, ammo zavqi o‘zgacha
Sohada ko‘p yillik tajribaga ega ustoz ijodkorlar, nafaqadagi faxriy jurnalistlar salohiyatidan foydalanish, joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazish an’anasini davom etmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri bugun Samarqand viloyati Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetasi hamkorligida tashkil etildi. “Jurnalistik kasbidan qadr topganlar” mavzusida o‘tkazilgan mazkur davra suhbatida “Zarafshon” gazetasida 30 yil davomida harf teruvchi bo‘lib ishlagan, o‘zining qutlug‘ 85 yoshini nishonlayotgan Nasiba Tursunova, umrining yarmidan ko‘prog‘ini matbuotga bag‘ishlagan 75 yoshli O‘rinboy Normatov hamda talabalikdan “Urgut sadosi” gazetasida ishlab, oddiy muxbirlikdan mas’ul kotibgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan 70 yoshli Matlab Hasanovning ijoddagi faoliyati esga olindi.
Uyushmaning viloyat bo‘lim raisi A.Haydarov olib borgan tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev ustozlarning o‘sha davrdagi faoliyati davomida nafaqat fidoyi ijodkor xodim bo‘lgani, balki ishlagan davrida ko‘plab shogirdlarga ustozlik qilganini ta’kidladi. Viloyat teleradiokompaniyasi direktori M.Ixtiyorov, viloyat “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri B.Rahmonov hamda ustoz jurnalistlar “Nafaqadaman, keksayib qoldim”, demay ayni vaqtda ham O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi sifatida yosh ijodkorlarga kasb sirlarini o‘rgatib kelayotgan faxriy jurnalistlarni alohida tilga olishdi.
Ustozlar gazeta chiqarishdagi o‘sha davrning mashaqqati, mas’uliyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Ish jarayonida bo‘lgan qiziqarli voqealar eslandi.
- Hayotimning 30 yili “Zarafshon” gazetasida harf teruvchi sifatida o‘tgan, - deydi Nasiba Tursunova. - Albatta, ishdagi qiyinchiliklar, eski mashkinkalarda harf terishning mashaqqati bo‘lgan. Lekin mening zavqli onlarim ham o‘sha davrda o‘tgan. Qiziqarli suhbatlar, voqealar hamon ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Mana shu kabi uchrashuvlar bizni o‘sha davrga bir oz bo‘lsa-da sayohat qilishga sabab bo‘ladi. Qolaversa, tadbir bahona anchadan buyon diydorlashmagan hamkasblarim, shogirdlarim bilan ko‘rishdim. Bu albatta, menga yanada kuch va g‘ayrat berdi.
Ustoz jurnalistlarga uyushma, tahririyat hamda Urgut tumani hokimligining sovg‘alari topshirildi.
Husan Eltoyev.