Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kadrlari bilan nom chiqara olmagan kollejlar va ustozlarning o‘g‘irlangan noyob sarmoyasi: ta’limdagi eng muhim omillar haqida faxriy o‘qituvchidan mulohazalar

Oliygohni bitirib kelgan barcha yosh kadrni qisman bo‘lsa ham bilim va ko‘nikmaga ega mutaxassis, deya olamizmi?

Magistr va bakalavr — bular o‘rtasida diplomdagi yozuvdan boshqa yana qanday yorqin farq ko‘rinib turadi? Ta’limda eng muhim narsa nimaga bog‘liq?

Tayyorlagan kadrlari bilan tilga tusha olmagan va oxir-oqibat yopilib ketgan kollejlar. Biz qanday xulosa chiqara oldik?

Mehnat va jo‘shqin ijodiy mehnat. Bu ikkisining farqi nimada?

Hatto yaxshi bilimga ega yoshlarning ham nutqi havas qilarli emas. Nega shunday?

Biror bir o‘qituvchi “Men mashhur falon o‘qituvchining uslubiga havas qilaman” deganini ko‘rganmisiz? Uslubi o‘qituvchilar orasida mashhur bo‘lib ketgan o‘qituvchilar bormi? Bor bo‘lsa, nega eshitmaganmiz?

***

Uzoq yillar davomida ta’lim tizimida faoliyat olib borib, minglab shogirdlar tarbiyalagan faxriy pedagog Ilash Abdiyevning quyidagi mulohazasida sohadagi eng dolzarb savollar bilan yuzlashasiz va ularning har biriga atroflicha javob olasiz.

Domla o‘z tajribasidan kelib chiqib, o‘tgan yillarda ta’limda yo‘l qo‘yilgan xatolarimizga e’tibor qaratadi va ularni bartaraf etish uchun takliflarini ham bildiradi.

Jumladan, domla ilm egalarining o‘z ishiga aloqasi bo‘lmagan narsalarga vaqti sovurilganidan afsus chekarkan obrazli tarzda shunday deydi: “Uloqchi tulporlar oddiy xirmonchi otlarga aylantirildi”.

Marhamat, qolgan fikrlar bilan o‘zingiz tanishing, xulosani o‘zingizga qoldiramiz.

***

O‘qituvchining dunyoga kelishida oliy ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos. Minglab bo‘lajak ustozlar xuddi ana shu tabarruk dargohlardan uchirma bo‘lishadi. To‘g‘ri, o‘qituvchi ham, uning mahorati ham maktabda kamol topadi. Ammo bu yuksaklikning poydevori asosan oliy ta’limda qo‘yiladi. Tan olib aytadigan bo‘lsak, bu “poydevor” bunyodkorlarining bugungi nufuzi ellik-oltmish yil oldingilarga unchalik o‘xshamaydi.

Soha kishisi sifatida yosh ona tili va adabiyot o‘qituvchilari hamda talabalar bilan uchrashib turishimizga to‘g‘ri keladi. Adabiyot o‘qituvchisining asosiy ko‘rgazma quroli uning o‘zi – jozibali nutqi va badiiy matnlarga yaqinligidir. Afsuski, ko‘pchilik yoshlarimizning bilimlari kabi nutqlari ham havas qilarli emas.

Aytishlaricha, bunday oqsoqliklarning sabablaridan biri – ular deyarli og‘zaki sinov va imtihonlar topshirishmagan ekan. Hammasi, shaffoflik kafolati, test yoki yozma shakllarda amalga oshirib kelingan. Eng achinarlisi, ularning bir qismini zarur bilim va ko‘nikmalar bilan o‘rtacharoq bo‘lsa-da, ta’minlangan yosh mutaxassislar deb bo‘lmaydi.

Ayrimlarining kasbga qiziqishlari juda zaif, ta’limda hamkorlik tushunchasini zavq bilan izohlab berolmaydi, ulug‘lari faoliyatini o‘zida mujassam etgan ta’lim tarixini yetarlicha bilmaydi. Shuning uchun ham mashhur o‘qituvchilardan kimlarning uslubiga havas qilasiz, mazmunidagi suhbatimiz zinhor qizimaydi. Axir, ibrat manzillarisiz yaxshi o‘qituvchi osongina dunyoga keladi deb o‘ylabsizmi?

Ta’limda juda ko‘p narsa pedagogik mahoratga bog‘liq. Bu yo‘nalishda yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan ancha iste’dodli o‘qituvchi ham tayyor usullardan foydalanishga nisbatan ancha ko‘p vaqt talab qiladigan qayta kashf etish mehnatining nisbatan uzoq manzillaridan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham pedagogik mahorat asoslarining alohida fan sifatida oliy ta’lim mazmunidan hanuz munosib joy olmayotgani tashvishlanarli hol. Talabalik davrida egallangan har bir samarali usul keyinchalik o‘nlab xuddi ana shunday sermahsul ijod mevalarining dunyoga kelishiga asos bo‘ladi.

Oliy ta’limning har ikki bosqichi, ayniqsa, magistratura yo‘nalishi iste’dod sohiblari uchun katta imkoniyat ekanini barcha o‘rinlarda ham jiddiy sezyapmiz deb bo‘lmaydi, jo‘shqin ijodiy mehnat yetarlicha shakllanmayapti. Magistrlarning bir qismi fan va ishlab chiqarishda o‘zlarini arzirli ko‘rsata olmayaptilar. Sal obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, ba’zi magistrlarimizni bakalavrdan diplomidagi yozuvlargagina qarab farqlash mumkin bo‘lyapti.

Ayni vaqtda ayrim bakalavrimizning hali qaysi ixtisos sohibi ekanini diplomsiz aniqlash qiyin kechmoqda. To‘rt yili davomida arzirli bilim va saralangan yoshlarni bilmadigu ammo ularning ota-onalari va jamoatchilik bu kabi vaziyatlardan norozi bo‘lishlari tabiiy. Raqobatbardosh bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarilmagan har qanday korxonaning o‘ziga ham oson bo‘lmaydi, oxir-oqibat inqirozga yuz tutadi. Buni bir talay kollejlar taqdirida jiddiy his qildik.

Oliy ta’lim muassasalari vatanparvar, halol, ishga va yoshlarga mehri baland, ko‘pchilikka aytadigan gaplari bor, tuyg‘ulari tiniq, ezgu niyatli bezovtaqalb ijodkor ziyolilar maskani. Keyingi yillarda ustoz va murabbiylar faoliyatida ijodiy maktablar yaratish tajribasi bilan bog‘liq o‘ziga xosliklar ancha siyraklashdi.  Ayrim o‘rinlarda “kafedra soatlari”ni magistrlar bilan ishlash hisobiga bajarish udumi bir qator ustozlarni betakror ma’ruzalar zavqidan uzoqlashtirib qo‘ygan damlarga ham duch keldik. Mualliflik darslari kabi mualliflik ma’ruzalarining ham ahamiyati katta. Qozizoda Rumiy darslariga Hirotdan Samarqandga kelib, Abdurahmon Jomiy qatnashgan, N.V.Gogolning Peterburg universitetida qilgan ma’ruzasiga A.V.Jukovskiy va A.S.Pushkinlar ham ehtiyoj sezgani ma’lum.

Katta-kichik maktab yaratgan ustozlar hamma zamonlarda bo‘lgan va hozir ham bor. Faqat nisbatlar turlicha. Yettinchi sinf kimyo darsligida soha olimlari haqida ma’lumot berilgan. Hammasi 1945 yilgacha tavallud topgan kishilar, undan keyin kattagina bo‘shliq yoki sezilarli siyraklik... Bu kabi manzaralarni boshqa yo‘nalishlarda ham oz-ko‘p kuzatish mumkin.

Bunday vaziyatga tushib qolishimizning talay sabablari bor. Ayniqsa, asosiy faoliyat turlarimizdan biriga aylangan majburiy mehnat barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ilm-fan ravnaqiga ham sezilarli darajada salbiy ta’sir qildi. O‘z sohasiga daxli bo‘lmagan safarbarliklar iqtidor egalarining eng katta sarmoyasi – vaqt boyligiga rahna soldi, ularning ma’lum qismini o‘rtamiyonachilik ostonalariga keltirib qo‘ydi. Sal timsolli aytadigan bo‘lsak, uloqchi tulporlar oddiy xirmonchi otlarga aylantirildi.

Saksoninchi yillardagi rasmiy ma’lumotlardan biriga diqqat qilaylik. “Akademiya institutlaridagi aspirantlarning sakson foizdan ko‘prog‘i o‘qishni keyingi besh yil ichida tamomlagan ilmiy-ijodiy ziyolilarning farzandlaridir. Aspiranturaga qabul qilinganlarning o‘n besh foizigina o‘quv yurtlarini a’lo baholar bilan bitirgan. Bu o‘n besh foizning bir qismi ham qo‘lbola a’lochilarga to‘g‘ri kelishi ehtimoldan unchalik yiroq emas. Shu tariqa ilmga qiziqish o‘rnini unvonga intilish egallay boshladi. Jarayonda asosan ota-onalar tashabbuskor bo‘lishdi. Go‘yo oddiy qushchaga bulbul deb nom berdik, ammo uni bulbul qilish qo‘limizdan kelmasligini zinhor tan olmadik. O‘sha yillari OTMlarga qabul qilishdagi qing‘irliklar ham yo‘qotishlar ko‘lamini kengaytirdi. Oxir-oqibat aql mahsulotlari bozori, ilm-ma’rifatning butun-butun rastalari sifatsiz mollar bilan to‘lib, kasodga uchray boshladi.

Faollar va faoliyatsizlar, bilimlilar orasidagi chegaralar xira tortib qoldi, noloyiqlik tufayli paydo bo‘ladigan uyalish tuyg‘usi yo‘qoldi. Bunday sharoitda fidoyi ilm ahliga oson bo‘lmadi: ayrim o‘rinlarda “hamrohlar” nosog‘lom muhit yaratib, ularga ortiqcha tashvish keltirdi.

Juda ko‘p OTMlarimiz amaliyotdan uzilib qolgan yoki eskirgan shakllarda faoliyat olib bormoqda. “Ta’limning yarmi ortda qolyapti, hanuz orzu qilgan kasbimga bevosita daxldor durustroq biron narsa o‘rganganim yo‘q”, dedi ancha iqtidorli talabalardan biri. Kasb egalarini tayyorlashda amaliyotsiz ilm puch yong‘oq: shakli, shovqini bo‘ladi-yu mag‘zi yo‘q.

Donishmand Sharqning asrlar davomida sinalgan ustoz-shogird an’analariga modern munosabatni jadal shakllantirishimiz lozim. Talabalik davrida egallangan har bir yaxshi usul keyinchalik o‘nlab xuddi ana shunday sermahsul ijod jarayonlarining dunyoga kelishiga asos bo‘ladi.

Pedagogika yo‘nalishidagi talabalar haftalik mashg‘ulotlarining ikki kunini maktablarda o‘tkazadigan bo‘lishyapti. Tahsinga loyiq tadbir. Endi hamma gap jarayonning tashkiliy tomonlarini to‘g‘ri shakllantirishda. Ko‘pincha biz ariq ochmay, suv haydaymiz. Tayanch manzillarni to‘g‘ri belgilash, ikki va hatto uch navbatda faoliyat olib borayotgan maktablarda talabalar uchun joy ajratish, amaliyot bilan bog‘liq samarali uslublarni kashf qilish oson emas. Hali maktablarda ishlamayotgan kechki va sirtqida tahsil olayotgan yosh talabalarni ham unutmasligimiz lozim. Ularni ilk bosqichlardayoq tajribali ustozga rasman biriktirib qo‘yish, yetarli malakalarga ega bo‘lish bilan ishga joylashtirish borasida alohida tizim yuzaga kelishi foydali.

Musaffo bir tiniqlik va dolg‘ali qudrat bilan yangi O‘zbekiston qad rostlamoqda. Endilikda juda ko‘p narsa o‘zimizga bog‘liq: mehnatdan qochmaylik, hech bo‘lmaganda, o‘rganib, o‘rgataylik. Ilm va hunar mazmunini shahodatnoma yoki diplomlarga emas, eng avvalo, yoshlarning aqliga, qo‘llariga, mehri va qalbiga – butun borlig‘iga singdiraylik. Ana shundagina ilmi va hunari bor xor bo‘lmaydi, faqat ana shundagina ma’rifat ahli qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi bo‘ladi.

Ilash ABDIYeV,

faxriy pedagog.