Kaftarxonada qachon tartib bo‘ladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahri Panjakent ko‘chasidagi "Kaftarxona" avtoboshbekati qariyb uch oydan buyon temir to‘siq bilan yopib qo‘yilganligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Bu holat Samarqand, Toyloq, Urgut tumanlari aholisiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatishga xalaqit qilyapti. Chunki mazkur bekatda shahar va tumanlararo o‘ndan ziyod yo‘nalishlarda qatnaydigan 30 ga yaqin avtobus, 250 ga yaqin taksi kuniga 20-25 ming aholiga xizmat ko‘rsatib kelgan. Endilikda avtobuslar avtoboshbekat hududiga kirolmayapti. Kamiga ikki oydan ziyod vaqt ichida yondosh ko‘chalarda ham asfalt yotqizish ishlari olib borilganligi tufayli Panjakent ko‘chasida katta tirbandlik yuzaga kelyapti. Transport ko‘pligidan bir necha marta avtohalokat sodir bo‘lib, yo‘lovchilarning jarohatlanishiga, hatto o‘limiga ham sabab bo‘ldi.

- Urgut tumani yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchi tashiymiz, - deydi 205-raqamli avtobus haydovchisi. – Bir soatda Samarqand shahriga kirib kelamiz, yo‘lovchi olishimizga esa ikki soat vaqt ketadi. Chunki bizga shahar ichkarisiga kirishga ruxsat yo‘q. Yo‘lovchini shu avtoboshbekatdan olishimiz kerak. Biroq, bekatni yopib olishgach, katta ko‘chada yo‘lovchi olishimizga to‘g‘ri kelyapti. Yo‘l tor, mashinalar ko‘p. Ko‘chaning ikki tomonini yuzlab yengil mashinalar egallab olgan. Haydovchilar joy talashib, kuniga janjal qiladi. 

Avtoboshbekat o‘rab olingani tufayli hududda joylashgan bir qator tadbirkorlar o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 

- To‘siqlarni olib tashlash to‘g‘risida bir necha bor viloyat va shahar hokimliklariga murojaat qildik, - deydi Kaftarxona mahallasida yashovchi tadbirkor Nodira Qayumova. – Ertaga ochamiz, indinga ochamiz deya va’da berishadi-yu, bajarishmaydi. O‘zboshimcha tadbirkorga esa gapimiz o‘tmayapti. Oshxonamiz kichik bo‘lsa-da, har holda xo‘randalarimiz bor edi. Ko‘chadan odamlar o‘tmaganligi sababli bankrotga uchradik. Endi o‘z faoliyatimizni to‘xtatishga majburmiz. 

Samarqand shahar hokimligi tomonidan avtoboshbekatga shaharsozlik an’analariga mos kelmaydigan to‘siqlar o‘rnatgan fuqarolarga nisbatan fuqarolik sudida ish qo‘zg‘atilgan edi. Sud to‘siqlarni bartaraf qilish to‘g‘risida qaror qilgan bo‘lsa-da, hali bu ish amalga oshirilmayapti. 

- Avtoboshbekatni noqonuniy o‘rab olib, jamoat transportlarini kiritmayotgan fuqarolar ustidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ajrimi qabul qilindi, - deydi Samarqand shahar hokimligi bosh huquqshunosi B.Qarshiyev. - Unga ko‘ra, mazkur fuqarolar noqonuniy o‘rnatilgan to‘siqlarni olib tashlab, bekat hududiga yo‘lovchi jamoat transportlarini kiritishlari lozim. Faqat shu yo‘l bilan ko‘chadagi tirbandliklarning oldi olinib, piyodalarning xavfsizligini ta’minlash mumkin. 

Rossiyaning "Simetra" xorijiy korxonasi tomonidan Samarqand shahar transport infratuzilmasini rivojlantirish rejasiga ko‘ra, M-39 Samarqand halqa yo‘li Chumchuqli mahallasi (Toyloq aylanasi) hududida avtoboshbekat va avtoturargoh qurish yuzasidan taklifi berilgan edi. Biroq bu ish ham hozircha amalga oshirilgani yo‘q.  

- Samarqand shahrida 2022-2030 yillarda jamoat transporti tarmog‘ini rivojlantirish uchun mazkur yo‘nalishda avtoboshbekat bo‘lishi shart, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i A.Ashurov. – Shu yo‘l bilan tumanlardan kirib kelayotgan yo‘lovchi tashish mashinalari oqimini qisqartirish hamda shahardagi tirbandliklarni kamaytirish mumkin. Biroq bu yerdagi tartibsizlikni bartaraf etib bo‘lmayapti. Kaftarxonadagi avtoboshbekatni Chumchuqlida ajratilgan yerga ko‘chirish to‘g‘risida viloyat va shahar hokimliklariga o‘z takliflarimizni berganmiz. Ular o‘rganib chiqilmoqda. Ammo yangi avtobekat qurmasdan, eskisini yopib bo‘lmaydi. Chunki bu holat mahalliy aholi va yo‘lovchilar hayoti uchun xavf tug‘dirsa, avtotransportlar uchun ertadan kechgacha tirbandlikni paydo qiladi.

Aslida bu bekat zamonaviy shaharsozlik an’analariga javob bermasligi aniq. Chunki bu yerda na haydovchilarga, na yo‘lovchilarga sharoit yaratilgan. Lekin katta ko‘chadagi tartibsiz harakatlarga, tirbandliklarga vaqtinchalik bo‘lsa-da, chek qo‘yarmidi?    

- Mashinalar ko‘pligidan ko‘chaga nevaralarimizni chiqarishga qo‘rqib qolganmiz, - deydi Kaftarxona mahallasida yashovchi Hamida Vafoyeva. – Yaxshiyamki, ta’til vaqti, bo‘lmasa, ular maktabdan kelgunicha yuragimizni hovuchlab o‘tirishimizga to‘g‘ri keladi. Viloyat va shahar hokimligiga boraverib, murojaat ustiga murojaat qilaverib, rosa sarson-sargardon bo‘lyapmiz. Qachon to‘siqlar olinib, ko‘chamizdagi transport vositalari bekat ichkarisiga ko‘chirilar ekan? Haydovchilarning joy talashib qilayotgan adog‘i yo‘q janjallari qachon tugaydi?

Nima bo‘lganda ham hozircha bu savollarga javob topilmayapti, Sud qaror qilgan bo‘lsa, yangi avtoboshbekat qurilgunicha noqonuniy to‘siqlar olinsa, yo‘lovchilarning ham, haydovchilarning ham sarsongarchiligiga chek qo‘yilardi.

Dilmurod To‘xtayev.

****

Fazliddin Ro‘ziboyev olgan suratlar.