Kaliforniya gubernatori neft to‘kilishi tufayli favqulodda holat e’lon qildi

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Orinj okrugi sohiliga yirik neft to‘kilishi tufayli aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida favqulodda holat e’lon qildi.

Gubernator farmoniga ko‘ra, shtat hukumati sohil qo‘riqlash xizmati va mahalliy agentliklarga madad sifatida neftni tozalash, baliq va yovvoyi tabiatni saqlash uchun favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislarini yuboradi.

Katta miqdordagi neft to‘kilishi haqida 1 oktyabr kuni ma’lum bo‘ldi. Los Angeles Times xabariga ko‘ra, oqish Kaliforniya shtatining Orinj okrugidagi Xantington -Bich sohilidagi quvurda boshlangan.

Mahalliy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Kaliforniya sohillari yaqinidagi Tinch okeani suvlarida sodir bo‘lgan avariya natijasida kamida 126 ming gallon neft (taxminan 477 ming litr) to‘kilgan, okeanda 12 kilometr masofali neft dog‘lari paydo bo‘lgan. Bu baliq va qushlarni nobud qilmoqda. Ayni paytda neft mahalliy ekologik qo‘riqxonaga kirib keldi.