Kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berish joriy etiladi

Amaldagi tartibga ko‘ra ish bilan band bo‘lmagan fuqaro bandlik organiga maslahat olish yoki ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun murojaat qilganda kam ta’minlanganlik toifasidan chiqish maqsadida ish bilan ta’minlanishga harakati inobatga olinadi va ushbu fuqarodan rasmiy bandlik talab etilmaydi.

Lekin aksariyat fuqarolar faqatgina nafaqa tayinlanishi uchun bandlik organiga murojaat qilib, nafaqa tayinlangandan so‘ng bandlik organiga ish izlab qaytib murojaat qilmagan.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra ish izlab (xususan, aholi bandligi masalalari bo‘yicha maslahat olish uchun) mehnat organlariga murojaat qilganligi sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila a’zosi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oydan boshlab 3 oy davomida:

➖mehnat organi orqali kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘qimasa;

➖markazda ish izlovchi yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa;

➖ishga joylashmasa;

➖yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kirmasa;

➖mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan bo‘lsa keyingi oydan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi to‘xtatiladi.